Jamiyat | 11:43 / 02.04.2021
6118
8 daqiqa o‘qiladi

IIV xorijiy jurnalistni yolg‘on ma'lumot tarqatishda aybladi

Foto: tergovdepartamenti.uz

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi axborot xizmati polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskani tvitterdagi sahifasida «aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelish»da ayblab, bayonot berdi.

«Xorijiy jurnalistning milliy qonunchilikka rioya etmasligi mumkinmi?» sarlavhasi bilan e'lon qilingan bayonotda xalqaro jurnalist Toshkentda noma'lum shaxslar tomonidan do‘pposlangan bloger Miraziz Bazarov atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashgani qayd etilgan.

«Biz e'tiborni 2021 yilning fevral oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan «Al Jazira» muxbiri Agneshka Pikulitskaga qaratmoqchimiz. Jurnalist, joriy yilning 29 martdan boshlab Miraziz Bazarov atrofida bo‘layotgan voqealarga noxolis yondashib, o‘zining Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelmoqda», deyiladi bayonotda.

IIV jurnalistning bir nechta tvitlari tarjimasini keltiradi.

«Mening yigitimni maxsus xizmatlar so‘roq qilishyapti, (u jurnalist emas, faol emas, faqat kecha men bilan bolnitsada bo‘lgan). Bu noto‘g‘ri yo‘l. Hurmatli maxsus xizmatlar, sizlar odamlarga o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan, radikallar bilan ishni hal eting», deyilgan 29 mart kuni yozilgan tvitlardan birida.

«Maxsus xizmatlar geylarni faol qidirishmoqda. Odamlarning rasmlarini ko‘rsatib, ularni geylikda gumonlashyapti.

Odamlarga LBGT jamoasi haqida ma'lumot tarqatish haqida bosim o‘tkazishyapti. Ertaga boshqalar ham so‘roq qilinadi. Bu yangi O‘zbekiston».

«Men bilaman, Maxsus xizmatlar mening do‘stlarimdan geylar haqida so‘rashyapti. Men xorijlik bo‘lganim uchun meni so‘roqqa chaqirishmadi. Ishoning, bu yalmog‘izlarga ov!»

«Men, uning (Miraziz Bazarov — tahr.) provokatsiyalari haqida bilaman. Lekin bu uning oyog‘ini sindirishga bahona emas. Uning gapiga biz shubha bilan qaraymiz. Endi, barcha shifoxonaga borib undan xabar olgan odamlar LBGT jamoasiga aloqadorligi bo‘yicha savol tug‘ilmoqda. Mening yigitim sinib qaytib keldi», deyilgan 30 mart kuni yozilgan yana bir xabarda.

Agneshka Pikulitska 31 martdagi tvitida unga qarshi qilingan tahdidlar skrinshotini e'lon qiladi:

«Menga ham tahdidlar kela boshladi. Hozirgi kunda hukumatning rasmiy siyosati shunaqa odamlarni qo‘llab-quvvatlashi sharmandalik… Bu odamlar nazoratdan chiqib ketsa, bu sizning aybingiz bo‘ladi. Bunga siz javobgarsiz».

«Niqoblangan holdagi shaxsiy adovati yoki hissiyotini bayon etayotgan mazkur jurnalist, ma'lumotlarni go‘yoki O‘zbekistonda ro‘y berayotgan „salbiy axborot“ sifatida bir qator xorijiy internet nashrlariga tarqatgan.

Vaholangki, ushbu ma'lumotlar haqiqatga mutlaqo mos kelmaydi hamda mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlarini obro‘sizlantirishga qaratilganligining yaqqol misoli.

Muxbir Agneshka Pikulitska o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi majburiyatini unutib, axborotni buzib talqin etib va soxtalashtirib tarqatgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste'mol qilgan», — deyiladi IIV bayonotida.

Shu bilan birga, ushbu jurnalist o‘z harakatlari bilan, O‘zbekiston Respublikasining «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni 6-moddasi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni 7-moddasi hamda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonuni 6-moddasi talablarini buzgani ta'kidlangan.

«Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatib, fuqarolarimizning ongini chalg‘itish, davlat organlari faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish hamda xorijiy ommaviy axborot vositalariga noxolis ma'lumotlar yetkazib, yurtimiz haqida salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lishdan bu ayolga nima naf?» — deya yakunlanadi IIV bayonoti.

Agneshka Pikulitska bunga javoban 2 aprel kuni tvitterdagi sahifasida «agar aybdor bo‘lsa sud oldida javob berishga tayyorligi, aks holda vazirlik undan uzr so‘rashini talab qilishi»ni ma'lum qildi.

Mavzuga oid