Sport | 13:23 / 10.11.2020
3540
4 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi: «Charm to‘p-2020» ko‘chma kubok Andijonga yo‘l oladi

Sir emaski, bugun mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlar orasida jismoniy madaniyatni yuksaltirish, shu orqali yurtdoshlarimizning salomatlik darajasini oshirishga jiddiy e'tibor berilmoqda.

Bu jarayonda mahalla yoshlari o‘rtasida tashkil etilayotgan turli tadbirlar, jumladan «Charm to‘p» futbol musobaqasi muhim o‘rin tutadi. Mazkur musobaqa avvalo yosh avlod qalbida millionlar o‘yini futbolga mehr uyg‘otishga, shu bilan birga ushbu sport turini ertamiz egalari orasida yanada ommalashtirish hamda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Keksa avlod vakillari o‘tgan asrning 70-80 yillarida «Charm to‘p» futbol musobaqasi Vladimir Fyodorov, Mixail An, Olim Ashirov, Shuhrat Eshbo‘tayev, Sirojiddin Bozorov, Furqat Esonboyev, XII yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Ro‘zimov singari juda ko‘plab mohir futbolchilarni kashf etib berganligini yaxshi bilishadi. Sobiq Ittifoq miqyosida esa «Charm to‘p» (Kojanyy myach) musobaqasidan Fyodor Cherenkov, Oleg Bloxin, Xoren Oganesyan, Igor Kolyvanov, Sergey Rodionov, Oleg Romansev, Andrey Shevchenko, Valeriy Karpin singari mashhur futbol yulduzlari yetishib chiqqan. Qisqasi, «Charm to‘p»ni bemalol futbol yulduzlari kashf qilinuvchi fabrikaga qiyoslash mumkin.

Bu yil mahalla yoshlari o‘rtasidagi «Charm to‘p-2020» musobaqasi to‘rt bosqichda, ya'ni mahalla – tuman (shahar) – hudud – Respublika kesimida tashkil etilib, unda 15-16 yoshli o‘smirlar ishtirok etdi. Musobaqaga yurtimizdagi 5416ta mahalladan 158322 nafar yoshlar jalb etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14ta jamoa a'zolari 6-9 noyabr kunlari muhtasham «Bunyodkor» stadioniga qarashli maydonlarda javlon urishdi. Ulardan eng kuchlilari esa har bir futbolchi to‘p tepishni orzu qiladigan «Milliy» stadionda bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun saf tortdi.

8 noyabr kuni «Charm to‘p-2020» futbol musobaqasida 3-o‘rin uchun o‘yin o‘tkazildi. Unda yarim final omadsizlari – Qashqadaryo viloyatining «Afg‘onbog‘» hamda Farg‘ona viloyatining «Yozyovon» jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. O‘yinning asosiy vaqtida kuchlar teng keldi – 1:1. Penaltilar seriyasida esa 5:4 hisobida Farg‘ona viloyati yoshlari g‘olib chiqishdi.

9 noyabr kuni «Milliy» stadionda joriy yilgi musobaqaning final uchrashuvi o‘tkazildi. Unda Andijon viloyatining «Hamzaobod» hamda Jizzax viloyatining «Olimlar» mahallasi yoshlari to‘qnash kelishdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Tanaffusdan keyin andijonlik yoshlar hujumkorlikni oshirishdi va yakunda 2:0 hisobida g‘alabaga erishdi va bosh sovrin, ko‘chma kubokni qo‘lga kiritishdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar hamda barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan mukofotlandi. Taqdirlash marosimida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Mavzuga oid