O‘zbekiston | 18:28 / 24.10.2019
26201
11 daqiqa o‘qiladi

OAV va bloger qanday izohlarni o‘chirishi kerak bo‘ladi? Xushnud Xudoyberdiyev bilan suhbat

Bir necha kun muqaddam Vazirlar Mahkamasining «Butunjahon internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018 yil 5 sentyabrdagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan tayyorlangan ushbu loyihaga ko‘ra, veb-sayt, veb-sayt va (yoki) messenjer sahifasi egasi, shu jumladan bloger xabarnoma olgan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan qonunchilikka zid axborotni o‘chirishi va agentlikni bundan xabardor qilishi nazarda tutilgan.

Kun.uz sayti ushbu masala yuzasidan taniqli bloger, huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev bilan suhbat o‘tkazdi.

– Nizom loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi. Bloger va jurnalistlarning qiziqtirayotgan masalalaridan biri – muddatdir. 24 soat qisqa muddat emasmi?

– Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarni o‘chirishga oid mavzu 2-3 oy oldin ko‘tarilgan edi va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi. O‘zgalarning yozgan izohi uchun jurnalist yoki bloger javob berishi qay darajada to‘g‘ri, bu qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi, degan savollar bor ko‘pchilikda. Bu yerda eng muhim nuqta – gap qonunga xilof axborotlarni o‘chirish haqida ketayotganida. O‘zi qonunga zid izohlarni o‘chirishga ko‘plab bloger do‘stlarimiz ham, tahririyatlar ham qarshi emas. Masalan, kimdir kimnidir bo‘ralatib so‘kkan bo‘lsa, terrorizm, narkotikka da'vat kabi holatlarda mas'uliyati bor istalgan jurnalist yoki bloger izohlarni o‘chirishga e'tiroz bildirmasa kerak.

Muddat masalasiga kelsak, bloger sifatida bu menga ham taalluqli bo‘lgani uchun Nizom loyihasini jiddiy o‘rganib chiqdim. Nizomda «olingan kundan e'tiboran» degan joyi bor. Bunday tartib qonunchilikda boshqa jarayonlarda ham bor (masalan, sud jarayonlari yoki mehnat qonunchiligidagi ogohlantirish muddatlarida). Bunda yuboruvchi tomon qachon jo‘natgani emas, qabul qilgan tomon qachon qabul qilib olgani muhim. Misol uchun, agentlik xat jo‘natgan va u tahririyatga 4 kundan so‘ng yetib bordi. Demak, 24 soatlik muddat xat yetib kelgan vaqtdan boshlab hisoblanadi. Chunki bloger yoki jurnalist avliyo emas-ku, xat yuborilganini o‘zidan-o‘zi bila olmaydi. Shunday ekan, siz xatni qabul qilib olgandan keyingina, 24 soat ichida qonunga xilof axborotni o‘chirishingiz kerak bo‘ladi.

24 soat kam emasmi? Ochig‘i, bu bo‘yicha biror yakdil xulosa aytolmayman. Amaliyotda ko‘rmay turib fikr aytish qiyin. Balki, bu muddat qisqadir, balki bir soat ham kifoya qilar. Chunki, xabarnomada aniq manzili bilan aytiladi – qaysi post, qaysi xabar ostidagi qaysi izoh haqida gap ketayotgani. Menimcha, 24 soat normal muddat. Asosiysi, biz olgan kunimizdan hisoblanilsa bo‘lgani.

– Huquqshunos sifatida ayting-chi, bu masalada nizo kelib chiqadigan bo‘lsa, qanday tartibda hal qilinadi. Har qanday hujjatda «agar shikoyatingiz bo‘lsa sud orqali yoki yuqori turuvchi organga shikoyat qilishingiz mumkin» deb yoziladi. Bu holatda qanday?

Haqiqatda ko‘pchilikni qiziqtiradigan savol bu. Huquqshunoslar orasida ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham bir fikr bor – qaysi ma'lumot qonuniy yoki noqonuniy ekanligini sud belgilab bersin. Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Haqiqatdan axborotning qonuniy yoki qonunga xilofligi to‘g‘risidagi yakuniy xulosani faqat sud berishi kerak.

Unda ushbu Nizomdagi jarayon nima, degan savol tug‘iladi. Bu sudgacha bo‘lgan ish yurituv deyiladi. Bilamizki, butun dunyoda mediatsiya degan tushuncha bor. Ya'ni, barcha nizolar ham sudga chiqavermasin, balki sudga borib yurish shartmasdir, degan mazmunda sudgacha ikki tomon o‘zaro muzokara o‘tkazadi. Bu jarayonni ham taxminan shunga o‘xshatsa bo‘ladi.

Nizom loyihasini ko‘rib chiqar ekanmiz, agar OAV yoki bloger xabarnoma bo‘yicha axborotni o‘chirishdan bosh torsa, keyin agentlik sudga da'vo bilan chiqadi. Demak, agentlik xabarnomasi majburiy xarakterga ega emas. Xalqona tilda aytganda, xabarnomada aytilyaptiki – «siz mana shunday maqola yozibsiz, unda falonchi mana shunday qonunga zid izoh qoldiribdi. Balki Siz o‘sha izohni ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak. Shuni bir ko‘ring, qonunga xilof deb o‘ylasangiz o‘chiring».

Bu o‘z nomi bilan – xabarnoma. Siz agentlik xabarnomasidagi fikrni qabul qilsangiz, izohni o‘chirasiz. Xabarnomadagi fikrga qo‘shilmasangiz, unda o‘chirmaysiz. Keyingi jarayon, bu – sudga chiqish. Ko‘ryapsizmi, demak taklif etilayotgan tartibda ham har qanaqasiga oxirgi qarorni baribir sud aytadi. Menimcha, buning noto‘g‘ri joyi yo‘q.

Oddiy hayotiy bir misol: Sizni yo‘lda YPH inspektori to‘xtatdi. Qizil chiroqda o‘tdi, deb ma'muriy bayonnoma tuzmoqchi. Agar Siz haqiqatdan qizilda o‘tganingizni tan olsangiz va bunga rozi bo‘lsangiz, unda YPH inspektori tuzgan bayonnoma bo‘yicha jarima to‘laysiz. Agar Siz huquqbuzarlik sodir etganingizni tan olmasangiz, YPH inspektori fikriga rozi bo‘lmasangiz, unda mazkur ish sudga chiqariladi. Birinchi holatda «nega meni sud emas, YPH inspektori jarimaga tortdi, bu noto‘g‘ri» demaysiz-ku?

– Nizomda qonunchilikka zid bo‘lgan axborotni o‘chirish vazifasi yuklatiladi. Bunday axborotlar ro‘yxati shakllanganmi?

Men ham shunga qiziqdim. Lekin Nizom loyihasida ayni bir ro‘yxat sanalmagan. Unda «O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan axborotlar» deyilgan. Bir hisobdan bunday tarzda kiritilishi ham to‘g‘ri bo‘lgan. Aniq bir ro‘yxat sanalsa va qonunchilikka zid bo‘lgan boshqa axborot yozilgan bo‘lsa-chi? Axir qonunlarimiz ham ko‘p-ku. Hamma qonunlarni bir ro‘yxatga solish juda murakkab.

Mana shu qismi bizga (jurnalist va blogerlar) ko‘proq mas'uliyat yuklaydi. Lekin shaxsan men hozircha bu yerda katta muammo ko‘rmayapman. Tasavvur qiling: sizga xabarnoma keldi – falon maqolangizdagi falon izohni o‘chiring, deb aytilyapti. Bu to‘g‘rimi yoki noto‘g‘ri, qonunga xilofmi yoki qonuniymi? Eng avvalo hukmni o‘zimiz chiqaramiz. Oldingi javobimdagi fikrimni yana takrorlashga majburman, o‘chirish yoki o‘chirmaslikni avvalo o‘zimiz hal qilamiz. O‘chirishga rozi bo‘lmaslik, keyingi sud jarayonlariga rozi bo‘lish deganidir. Haqiqatda, ich-ichingizdan izohning qonuniyligiga ishonch hosil qilgan bo‘lsangiz, unda bu masala yakunda sudda ko‘rib chiqiladi va keyin aniq bo‘ladi. O‘chirish masalasida nizo kelib chiqadigan holat juda kam bo‘lsa kerak. Umid qilamanki, yaqqol qonunbuzilish holatlari bo‘lsagina, agentlik mutaxassislari xabarnoma jo‘natishsa kerak. Masalan, kimdir boshqa odamning onasini haqorat qilsa, uni o‘chirishimiz kerak. Balki o‘sha haqorat qilinayotgan odam rostdan xato qilgandir, lekin bu hech kimga uni haqorat qilish huquqini bermaydi.

– Uzoq muddat ommaviy axborot vositalarida yopiqlik kuzatilgani sababli ko‘pchilik senzuradan qo‘rqib qolgan. Ayni shu vaqtda bu Nizom kiritilishi qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi?

– Albatta ijtimoiy tarmoqlarda bunday gaplarni ko‘p o‘qiyapman. Shaxsiy fikrimcha, «senzura» degani bu – qonuniy axborotni yozishga ruxsat bermaslik. Ya'ni, shu axborotni yozishga Sizning haqqingiz bor, ammo qonun doirasida bo‘lgan fikringizni yozishingizga turli yo‘llar bilan to‘sqinlik qilishmoqda. Mana shunda senzura bo‘ladi.

Hozirgi holatda esa, «qonunchilikka zid axborot» deyilmoqda. Qonunchilikka zid narsani yozishga shundoq ham haqqimiz yo‘q. Misol uchun, tuhmat yoki haqoratligi aniq narsani yozish bu – so‘z erkinligi emas. Ya'ni, mening so‘z erkinligi huquqim Sizning shaxsiy chegarangizga o‘tishga, Sizni haqorat qilishga ruxsat bermaydi.

Yana takrorlayman – xabarnoma majburiy emas. Agar xabarnomadagi fikrga qo‘shilsak, o‘chiramiz. O‘zimizda to‘liq ishonch bo‘lsa, o‘chirmaymiz va keyingi jarayon bu – sud.

Eslatma:

Qonunga xilof axborotlar ro‘yxati:

1) O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da'vat etish;

2) urush, zo‘ravonlik va terrorizmni targ‘ib qilish;

3) diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;

4) davlat siri bo‘lgan ma'lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

5) milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborotni tarqatish;

6) fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi axborotni tarqatish;

7) fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;

8) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;

9) pornografiyani targ‘ib qilish;

10) qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Mavzuga oid