O‘zbekiston | 13:30 / 24.09.2019
103592
10 daqiqa o‘qiladi

Avtoishonchnoma, soliq sohasida yangiliklar va mehnat migrantlariga mikroqarzlar: 1 oktyabrdan qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

Quyida 2019 yil 1 oktyabrdan qonunchilikda ro‘y beradigan o‘zgarishlar haqida ma'lumot beriladi.

Yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi

Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabridan Transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisida ko‘rsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) o‘rtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish to‘g‘risidagi ishonchnomani majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi.

Mehnat migrantlariga mikroqarzlar va subsidiyalar

«Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a'zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida» prezident Farmoni qabul qilindi. 2019 yil 1 oktyabrdan:

mehnat migrantlariga – 1 bank kuni davomida pasport, ariza va mehnat organining iltimosnomasi asosida 2019–2020 yillarda 10 foiz va 2021 yilda 12 foiz stavkada 2 mln so‘m miqdorida 1 yil muddatga mikroqarzlar berish;

sug‘urta kompaniyalariga – yiliga 1 marotaba xorijdagi vaqtinchalik mehnat migrantlari hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofoti summasini qoplash uchun har bir mehnat migranti uchun 50 000 so‘m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etish amaliyoti joriy etiladi.

Obodonlashtirish sohasi

Aholi punktlarini obodonlashtirish sohasida ishlar samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

2019 yil 1 oktyabrdan yuridik va jismoniy shaxslar o‘ziga biriktirilgan hududni obodonlashtirish uchun mas'ul hisoblanadi.

Soliq va bojxona imtiyozlari

Prezidentning «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga ko‘ra, 2019 yil 1 oktyabrdan:

  1. benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste'molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat'i nazar qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari hisoblanadi;
  2. tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat'i nazar QQS to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda, tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab QQS to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shart;
  3. quyidagilar bo‘yicha QQS, shu jumladan import qilinganda ham, imtiyozlar bekor qilinadi:
  • asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi;
  • soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi;
  • qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
  • yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.

Yer uchastkalariga aloqador yangi qaror

«Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arixitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident Qarori qabul qilindi. 2019 yil 1 oktyabrdan:

  1. «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yer uchastkalari bo‘yicha ma'lumotlarni kiritish «Davergeokadastr» organlari tomonidan mustaqil amalga oshiriladi;
  2. yer uchastkasini tanlash materiallarini kelishish va (yoki) u bo‘yicha xulosalar berish vakolatli tashkilotlar tomonidan faqat elektron shaklda amalga oshiriladi;
  3. yer uchastkasini tanlash materiallari yuzasidan belgilangan tashkilotlarning xulosasini olish talabi bekor qilinadi;
  4. yer uchastkalarining boshlang‘ich narxi tasdiqlangan minimal qiymati asosida «Davergeokadastr» organlari tomonidan ijobiy xulosa berilgandan so‘ng 5 kun ichida aniqlanadi;
  5. yer uchastkasi «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionga uchastkaning boshlang‘ich narxi aniqlangandan so‘ng qo‘shimcha qaror qabul qilinmasdan joylashtiriladi;
  6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, hokimlarning auksion g‘olibi nomiga yer uchastkasini ajratish bo‘yicha qaror qabul qilishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;
  7. qurilish obektlarining shaharsozlik hujjatlarini majburiy ekspertiza qilish talab etilmaydi.

Auksion g‘olibi bo‘lgan shaxsning aybi bo‘lmaganda ma'muriy tartib-taomillarga rioya qilinmaganligi uchun elektron onlayn-auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Milliy gvardiya surishtiruv vakolatiga ega bo‘ladi

«Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, shaxsga doir ma'lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish:

  • fuqarolarga eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 5 baravarigacha;
  • mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Mazkur huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
  • Qonun bilan Milliy gvardiya organlari ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘ruvchi hamda surishtiruv organlari qatoriga kiritildi.

Alkogol va tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i oshiriladi.

Alkogolli mahsulotning aksiz solig‘i stavkasi o‘rta hisobda 10 foizga, tamaki mahsulotining aksiz solig‘i stavkasi 20 foizga oshiriladi.

Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi Qonun kuchga kiradi

«Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Qonunga muvofiq, shaxsga doir ma'lumotlar jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot hisoblanadi.

Qonun bilan hukumat huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Shaxsga doir ma'lumotlar davlat boshqaruvi organlariga bepul beriladi.

Shaxsga doir ma'lumotlar bazalari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Davlat shaxsga doir ma'lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi.

Jismoniy shaxsning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma'lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Noshirlik faoliyatidagi imtiyoz

«Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, bolalar adabiyotlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan mahsulotlar chop etishga ixtisoslashgan nashriyotlar noshirlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Yagona elektron tizim

«Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

2019 yil 1 oktyabrdan loyihalar hukumatga va prezident administratsiyasiga faqat Yagona elektron tizim orqali kiritiladi.

Ijro harakatlari interaktiv davlat xizmati tizimi

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

2019 yil 1 oktyabrdan mib.uz veb-saytida bepul asosda ijro harakatlari interaktiv davlat xizmati tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali, jumladan internet tarmog‘i orqali undiruvchi va qarzdor tomonidan ijro harakatlari borishini barcha bosqichlarini kuzatish, shuningdek, qarzni onlayn tarzda to‘lash va ijro hujjati bajarilganini qayd etish mumkin bo‘ladi. Mazkur tizimdan my.gov.uz portali orqali ham foydalanish imkoniyati ham yaratiladi.

Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali va lex.uz'dan foydalanildi.

Mavzuga oid