Jamiyat | 10:47 / 18.07.2019
7192
2 daqiqa o‘qiladi

Diagramma: «Oila» markazi tadqiqotida oilaviy ajrimlar sabablari aniqlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan joriy yilning 6 oyida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan o‘rganishlar natijasida ajrashish uchun ariza bergan 878ta oilaning yozma murojaatlari qaytarib olinishiga erishildi.

Milliy matbuot markazida jurnalistlar uchun o‘tkazilgan anjumanda ma'lumot berilishicha, 13 ming 493ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi va 21 ming 293 nafar bola yarim yetim bo‘lishdan saqlab qolindi.

Shuningdek, Respublika bo‘yicha 15 ming 102ta qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan oila muammolari tahlil etildi. 8 ming 458ta nochor oilaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, shundan 2 ming 670 nafarining muammosi o‘z yechimini topdi.

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktor o‘rinbosari Dilbar Alimjanovaning ta'kidlashicha, hisobot davrida 18 ming 506 nafar ajrashish arafasida turganlarning ajrim holatlari o‘rganildi. Oilalarning darz ketishga eng ko‘p sabab bo‘layotgan omillar sifatida esa quyidagilar aniqlandi:

1. Er-xotinning o‘zaro kelishmovchiligi (50 foiz);

2. Oilada qaynona va qaynota, uchinchi shaxs arashaluvi (17 foiz);

3. Befarzandlik (8 foiz);

4. Xiyonat (6 foiz);

5. Ichkilikbozlik va boshqa zararli odatlar oqibatida (6 foiz);

6. Moddiy ta'minot masalasi (4 foiz);

7. Ichki va tashqi migratsiya (4 foiz);

8. O‘zi va farzandlari kasalligi tufayli (1 foiz);

9. Uy-joy masalasi (1 foiz);

10. Boshqa sabablar (3 foiz).

Mavzuga oid