Putinning katta intervyusi: AQSh va Xitoy bilan munosabatlar, Suriyadagi operatsiya va Skripalning zaharlanishi haqida

KREMLIN
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G20 sammiti doirasida Britaniyaning Financial Times gazetasiga intervyu berdi. Putin intervyusida xususan, AQSh va Xitoy bilan munosabatlar, Suriyadagi operatsiya, Sergey Skripalning zaharlanishi xususida so‘z yuritdi.
Donald Tramp haqida
«Janob Tramp karerali siyosatchi emas, uning dunyoga va AQSh milliy manfaatlariga nisbatan o‘z qarashi bor. Masalan men uning muammolarni hal qilishdagi aksariyat usullariga qo‘shilmayman. Ammo men qanday fikrdaman, bilasizmi? U iste'dodli inson. U saylovchi undan nima kutayotganini juda yaxshi tushunadi».
Xitoy bilan munosabatlar haqida
«Bizning hech kimga qo‘shilishimizning va birovlarga qarshi o‘z siyosatimizni qurishimizning keragi yo‘q. Biz Xitoy bilan hech kimga qarshi siyosat yuritmayapmiz. Biz shunchaki hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalarimizni bosqichma-bosqich amalga oshiryapmiz, buni 2001 yildan buyon qilmoqdamiz va bu rejalarni amalga oshirish yo‘lidan bormoqdamiz».
Shimoliy Koreya haqida
«Shimoliy Koreyaning o‘z xavfsizligini ta'minlash borasidagi qonuniy xavotiriga hurmat bilan yondashish lozim. Uni hurmat qilish va Shimoliy Koreya amin bo‘ladigan xavfsizlikni ta'minlash yo‘lini topish kerak. Agarda bu amalga oshsa, ishoning, vaziyat hech kim kutmayotgan darajada o‘zgara boshlaydi».
Suriyadagi operatsiya haqida
«Biz men kutgandan ko‘ra ko‘proq natijaga erishdik. Birinchidan, Rossiyaga – yoki Rossiyaga yoki biz bilan viza rejimi yo‘q davlatlarga qaytishni rejalashtirgan ko‘psonli jangarilar yo‘q qilindi – gap bir necha ming kishi haqida bormoqda. Unisi ham, bunisi ham biz uchun birdek xavfli. Bu birinchidan.
Ikkinchidan: geografik jihatdan bizga yaqin bo‘lgan mintaqadagi vaziyatning barqarorlashishiga erishdik. Bu ham juda muhim. Shu orqali Rossiyaning ichidagi xavfsizlikni ta'minlashga bevosita ta'sir ko‘rsatdik – bu uchinchidan.
To‘rtinchidan: biz mintaqadagi barcha davlatlar bilan yetarlicha yaxshi munosabat o‘rnatdik va bizning Yaqin Sharq mintaqasidagi pozitsiyamiz barqarorlashdi. Nafaqat Eron va Turkiya, balki mintaqadagi boshqa davlatlar bilan ham do‘stona, hamkorlik, ayrim jihatlarda ittifoqchilik munosabatlari shakllandi».
Venesuela haqida
«Men bu haqda ko‘p marta va amerikalik hamkorlarimizga ham aytganman: u yerda bizning qo‘shinlarimiz yo‘q. Tushunyapsizmi? Mutaxassislar bor, yo‘riqchilar bor, ular ishlashyapti. Shu bilan birga, yaqinda, chamasi bir hafta oldin maslahatchi va mutaxassislarimiz guruhi u yerdan chiqib ketdi, ular u yerdan ketishdi. Qanchadir vaqtdan so‘ng yana qaytishlari mumkin.
U yerda ma'lum bir kelishuvlarimiz bor, ba'zan samolyotlarimiz u yerga parvoz qiladi, mashg‘ulotlarda qatnashadi, vassalom. Nima, biz u yerda ayrim hamkorlarimiz kabi isyonchilarning harakatlarini boshqaryapmizmi yoki prezident Maduroni boshqaryapmizmi? U prezident, uning harakatlarini nega boshqarish kerak? U hammasini o‘zi boshqaryapti. Yaxshimi-yomonmi – bu boshqa masala, bunga baho bermaymiz».
Britaniya bilan munosabatlar haqida
«Menga Rossiya ham Buyuk Britaniya ham munosabatlarimiz to‘liq shaklda tiklanishidan manfaatdordek tuyuladi. Nima bo‘lmasin, hech bo‘lmasa qandaydir birinchi qadam qo‘yilishiga umid qilaman. Mey xonimga bu oson bo‘ladi deb o‘ylayman, u ketishini e'lon qilgan, shuning uchun o‘zi to‘g‘ri, muhim va zarur deb hisoblagan ishini ichki siyosiy oqibatlar haqida o‘ylamasdan qila olish mumkin».
Skripallarning zaharlanishi haqida
«Umuman, xiyonat yer yuzidagi eng katta jinoyatdir va xoinlar jazolanishi shart. Solsberidagi voqeadek jazolash kerak demayapman, yo‘q aslo. Ammo xoinlar jazolanishi shart.
Janob Skripal jazosini oldi. U hibsga olingandi, muddat oldi, o‘tirib chiqdi. U aslida hech qanday qiziqishga arzimasdi. U qanday qiziqish uyg‘otardi? U jazolandi: qo‘lga olindi, sudlandi va besh yil qamoqxonada o‘tirdi. So‘ngra uni qo‘yib yuborishdi, bo‘ldi.
Xiyonatga kelsak, u jazolanishi kerak. Bu tasavvur qilish mumkin bo‘lgan eng razil jinoyat».
Rossiyadagi oligarxlar haqida
«Bizda oligarxlar endi yo‘q. Oligarxlar katta daromad olish uchun hokimiyatga yaqinligidan foydalanadiganlardir. Bizda yirik kompaniyalar bor, xususiy, davlat ishtirokidagilari bor. Ammo hukumatga yaqinligi tufayli qandaydir imtiyozlarga ega yirik kompaniyalarni bilmayman, bizda undaylar yo‘q».
Vorisi haqida
«Hech mubolag‘asiz aytishim mumkin, bu haqda doim, 2000 yildan beri o‘ylayman. Vaziyat o‘zgarmoqda, odamlarga bo‘lgan ma'lum talablar o‘zgarmoqda. Alal-oqibat esa, buni hech bir mubolag‘asiz va bezaklarsiz aytaman – yakuniy qarorni Rossiya xalqi qabul qilishi kerak».
Liberal g‘oyalar haqida
«Men darrov hammaning ovozini o‘chirish, yopish, bog‘lash, qamash, quvish tarafdori emasman. Albatta, bunday emas. Liberal g‘oyani yo‘q qilib bo‘lmaydi, u mavjud bo‘lishga haqli va hattoki qaysidir o‘rinlarda uni qo‘llab-quvvatlash ham kerak. Ammo u mutlaq ustunlik huquqiga ega bo‘lishi kerak deb hisoblamaslik lozim, gap mana shunda».
Tavsiya etamiz
Chigirtkalar bosqini: Bu ham iqlim bilan bog‘liq muammomi?
O‘zbekiston | 15:49 / 14.05.2025
«Eng kambag‘al prezident» Xose Muxika vafot etdi
Jahon | 08:03 / 14.05.2025
Toshkentda yo‘l o‘rtasidagi birinchi tezyurar yo‘lak qurilishi boshlanadi
O‘zbekiston | 19:08 / 13.05.2025
1 iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kiradi
O‘zbekiston | 17:29 / 13.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
G‘azoliklarni Liviyaga ko‘chirish rejasi, Rossiya–Ukraina muzokaralari va Tartus portini BAAga topshirgan Suriya – kun dayjesti
Jahon | 15:00
-
O‘zbekiston elektr taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun Jahon bankidan 100 mln dollar jalb qiladi
O‘zbekiston | 15:00
-
YeI Rossiyaga bir vaqtning o‘zida to‘rtta sanksiya rejimini qo‘llaydi
Jahon | 14:36
-
Shvetsiya va Norvegiyada O‘zbekiston savdo uylari tashkil etiladi
O‘zbekiston | 14:24
Mavzuga oid

13:58 / 16.05.2025
Rubio: Faqat Tramp-Putin uchrashuvi natija beradi

23:46 / 15.05.2025
Rossiya Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimdan olindi

19:34 / 15.05.2025
Putin Turkiyaga «ikkinchi tarkib»ni yubordi. Bu nima degani?

19:17 / 15.05.2025