O‘zbekiston | 13:20 / 25.06.2019
28776
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avtotransport va qishloq xo‘jaligi texnikasiga utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi

O‘zbekistonda milliy mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va ularni import qiluvchilar uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda «O‘zagrotexsanoatxolding» bo‘limi boshlig‘i Hasan Nasibovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

 Utilizatsiya yig‘imi miqdori hukumat qarori bilan tasdiqlanadi. 

«Respublikada utilizatsion yig‘imi hali joriy etilmagan. Lekin joriy etilishi maqsadga muvofiq. Hozirda loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bundan asosiy maqsad ekologiyani himoya qilish. Past samarali, o‘tgan asrning 70-80 yillarida, 90-yillarda ishlab chiqilgan eski avtomobillar bor. Bular ekologik normalar talablariga javob bermaydi.

Utilizatsiya yig‘imi to‘lovchilar qishloq xo‘jaligi texnikasi va boshqa avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari va ularni import qiluvchilar bo‘ladi», — degan Nasibov. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘imning joriy etilishi qishloq xo‘jaligi texnikasi narxining oshishiga olib kelmaydi.

«Xaridorlar vahimaga tushmasligi kerak, narxlar avvalgi darajada qoladi», — degan xolding vakili. 

Bu holatda u davlat utilizatsiya yig‘imidan ayrim davlatlardagidek proteksionistik chora sifatida foydalanmasligini ta'kidlab o‘tdi.   

«Davlat mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yig‘imni kompensatsiya qilmaydi, bu haqida gap bormayapti. Biz uni proteksionizm uchun joriy etmayapmiz. Utilizatsiya yig‘imidan ko‘zlangan maqsad — ekologik jihatdan yondashuv, ekologiyani asrab-avaylash. Ko‘plar bunga proteksionizmdek qarashmoqda, lekin biz bundan qochamiz», — degan Nasibov.

Mavzuga oid