O‘zbekiston | 12:42 / 18.12.2018
4354
7 daqiqa o‘qiladi

Notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi belgilanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Adliya vazirligining “Notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjati loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, tanlov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Tanlov o‘tkazishni tashkiliy-texnik jihatdan ta'minlash maqsadida komissiyaning ishchi organi faoliyat yuritadi. Ishchi organning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Kadrlar boshqarmasi hamda Huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solish boshqarmasining soha bo‘yicha mas'ul xodimlari orasidan shakllantiriladi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi. Ishchi organ o‘z faoliyatini komissiya raisining rahbarligida amalga oshiradi.

Tanlovda yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma'lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ishtirok etishi mumkin. Bunda, sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o‘tish talab qilinmaydi.

Malaka imtihonini topshirgan, lekin notarius lavozimida uch yil mobaynida ishlamagan fuqaro malaka imtihonini qayta topshirganidan keyin tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

Quyidagilar tanlovda ishtirok etishi mumkin emas:

muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;

qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;

o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun notarius, advokat, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati tugatilgan shaxs.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

komissiya nomiga ariza;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti nusxasi;

to‘ldirilgan so‘rovnoma;

oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom yoxud vakolatli davlat organining xorijiy ta'lim muassasasida olingan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatning nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;

mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi yoki yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma;

sudlanganlik haqida ma'lumotnoma;

malaka imtihonini topshirganligi (qayta topshirganligi) haqida hududiy adliya organi huzuridagi malaka komissiyasining qaroridan ko‘chirma (malaka imtihonini topshirgan, lekin notarius lavozimida uch yil mobaynida ishlamagan fuqarolar uchun).

Quyidagi hollarda ishchi organ talabgorga hujjatlarini qaytarib yuboradi:

hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda yoki lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etilganda;

talabgor bitta tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e'londa berilgan ikki yoki undan ortiq notarius lavozimlariga hujjatlar topshirganda;

hujjatlar tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e'londa ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda.

Talabgor hujjatlarini boshqa asoslarga ko‘ra qaytarib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tanlov davomida talabgorlarning nazariy va amaliy bilimlari bilet savollariga javob berish orqali aniqlanadi.

Talabgorlar tanlovga, qoida tariqasida, 5 tagacha talabgordan iborat guruh shakllantirilib, navbat bo‘yicha kiritiladi. Talabgorlar tanlovga pasporti asosida qo‘yiladi.

Talabgorning tanlovga uyali telefon, boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob va shpargalkalar olib kirishi hamda ulardan foydalanishi taqiqlanadi.

Tanlov bileti quyidagi sohalarni qamrab olgan uchta savoldan iborat bo‘ladi:

davlat va jamiyat qurilishi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotga oid savollar;

fuqarolik huquqi bo‘yicha savollar;

notariat sohasi bo‘yicha savollar.

Biletlar komissiya raisi va mas'ul kotibining imzolari bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Tanlov biletlari qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda davriy ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.

Bilet savollariga tayyorlanish jarayonida talabgorlarga quyidagilar taqiqlanadi:

uyali telefon, boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob hamda shpargalkalardan foydalanish;

boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;

tanlov tugamasdan xonadan tashqariga chiqish.

Talabgorning mazkur qoidaga amal qilmasligi uni tanlovda qatnashishdan chetlashtirish uchun asos bo‘ladi. Ushbu holatda mas'ul kotib tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi va komissiya a'zolarining kamida uch nafari tomonidan imzolanadi. Tanlovda qatnashishdan chetlashtirilgan talabgor olti oy davomida keyingi tanlovlarga qo‘yilmaydi.

Tanlov natijalarini aniqlash uchun komissiyaning har bir a'zosi boshqa a'zolardan mustaqil holda mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda baholash byulletenida talabgorning savollarga bergan javobini 10 ballik tizimda baholaydi. Talabgor tanlovga kelmasa, undan chiqarib yuborilsa yoki o‘zi chiqib ketsa 0 ball qo‘yiladi. Talabgor savollarga javob berib bo‘lganidan so‘ng xonadan chiqishga ruxsat beriladi.

Tanlov natijasiga ko‘ra eng ko‘p ball olgan talabgor tanlovda g‘olib deb topiladi. G‘olib deb topilgan talabgorning balli tanlovda olinishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizidan ko‘p bo‘lishi lozim.

Tanlovda ishtirok etgan talabgorning bali tanlovda olinishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizi yoki undan kam ball bo‘lsa, komissiya tanlov o‘tkazishga qayta e'lon berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Notarius lavozimida ishlayotgan shaxs tanlovda ishtirok etib, tanlovda olinishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizi yoki undan kam ball to‘plangan taqdirda egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topiladi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Mavzuga oid