Ukrainada 11 kishini o‘ldirgan O‘zbekiston fuqarosi umrbodga qamaldi
U Kiyevdagi gul do‘koni sotuvchisini o‘ldirganlikda gumonlanib, hibsga olingan. Tergov davomida u boshqa jinoyatlariga ham iqror bo‘lgan.

Foto: Ukraina Bosh prokuratura ofisi
Ukrainada 2018 yildan 2024 yilga qadar 11 kishini o‘ldirishda aybdor deb topilgan O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm etildi, deb xabar beradi mamlakat Bosh prokuratura ofisi.
«2018 yil fevralidan 2024 yil yanvarigacha bo‘lgan davrda 11 kishini o‘ldirgan, shuningdek, suiqasd qilishga uringan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi 3 nafar ayol va 8 nafar erkakning umriga zomin bo‘lgan», — deyiladi prokuratura xabarida.
Erkak 2024 yilning yanvarida Kiyevdagi gul do‘koniga xaridor sifatida kirgan va pichoq bilan sotuvchiga 30 dan ortiq jarohat yetkazgan. Shundan keyin u ayolning tilla taqinchoqlarini olib, voqea joyidan yashiringan. Jinoyatni sodir etishda gumonlangan erkak qo‘lga olingan.
Tergov davomida erkak bunday jinoyatlarni bir necha bor sodir etganini tan olib, ularning tafsilotlarini aytib bergan. Uning qurbonlari asosan doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan odamlar bo‘lgan — erkak ular bilan tanishgan, birgalikda spirtli ichimliklar ichgan, so‘ng O‘zbekiston fuqarosi ularni o‘ldirgan. «Jasadlar o‘lim holatlari va sababini aniqlash qiyin bo‘lgan vaqtda topilgan», — deyiladi prokuratura xabarida.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi yana bir kishini o‘ldirishga uringan va jinoyatni oxiriga yetkaza olmagan.
«Ayblanuvchi har bir qurbonni yaxshi esladi va batafsil hikoyalar jazoni yengillashtirishiga umid qildi», — deya qayd etadi idora.
Sud taqdim etilgan dalillarni baholab, erkakni qotillik jinoyatlarida aybdor deb topdi va unga qonunda nazarda tutilgan eng maksimal — umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Hozirda u hibsda saqlanmoqda.
Mavzuga oid

16:56 / 10.06.2025
Shavkat Mirziyoyev: Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish lozim

19:01 / 09.06.2025
Rossiyada ukrainlar hujumi oqibatlari aks etgan kadrlarni e’lon qilganlik uchun jarima yozilmoqda

13:06 / 09.06.2025
Ukraina: jasadlarni vatanga qaytarish shu hafta boshlanadi

09:23 / 09.06.2025