Jahon | 16:57 / 26.06.2025
5639
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Ukrainadagi urushga qo‘shimcha kuchlarni yuborishga tayyorlanmoqda – OAV

Shimoliy Koreya buning evaziga Rossiyadan «sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish va raketalarni boshqarish tizimlari bo‘yicha texnik maslahat olishi mumkin».

Foto: AP

Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etish uchun iyul yoki avgust oylarida Rossiyaga qo‘shimcha qo‘shin yuborishi mumkin, deb xabar berdi Reuters agentligi Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib. Shuningdek, KXDR Rossiya tomoniga qurol ham yetkazib berayotgani ta’kidlanmoqda.

Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati (NIS) asos sifatida «Rossiya prezidenti xavfsizlik xizmati yuqori lavozimli amaldorining Pxenyanga yaqinda qilgan tashrifini» keltirmoqda. Janubiy Koreya razvedkasi shuningdek, Shimoliy Koreya o‘z qo‘shinlarini tayyorlagani haqida ma’lumot olgan. NIS ma’lumotlariga ko‘ra, buning evaziga KXDR «sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish va raketalarni boshqarish tizimlari bo‘yicha texnik maslahat olishi mumkin».

Iyun oyida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Pxenyanga ikki marta tashrif buyurdi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 17 iyun kuni, Shoyguning ikkinchi tashrifidan so‘ng, Kursk viloyatiga minglab sapyorlar va harbiy quruvchilarni yuborishga qaror qildi. Shuningdek, u Ukrainadagi vaziyatda Rossiya Federatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga yana bir bor va’da berdi.

2024 yil iyun oyida Rossiya va Shimoliy Koreya yetakchilari har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi. Unda tomonlardan biriga qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini yuklaydi. KXDR askarlari Kursk viloyatini Ukraina Qurolli Kuchlaridan ozod qilishda ishtirok etdi: aprel oyida bu haqda birinchi bo‘lib Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov gapirgan edi. May oyida Vladimir Putin KXDRga harbiy yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid