“Suv urushi” ehtimoli: Hindiston Pokistonni suvsiz qoldirish bilan tahdid qilmoqda
Hindiston Kashmirdagi teraktda 26 sayyoh o‘ldirilishida Pokistonni ayblab, 65 yil oldin imzolangan suv bitimining amal qilishini birinchi marta to‘xtatib qo‘ydi. Pokiston rasmiylari buni “suv urushi akti” deb atadi. Kun.uz muxbiri mojaroga oid savollar bilan siyosiy tahlilchilar Islom G‘afforov va Hamza Boltayevga murojaat qildi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyat – dunyodagi eng xavfli muzlatilgan urushlardan biri. Ayniqsa Kashmir mojarosi bu qarama-qarshilikning markazida turadi. Boshqa nizolardan farqi, bu ikki davlat ham yadro quroliga ega.
Cho‘g‘i so‘nmagan ziddiyat 22 aprel kuni yana Kashmirda alanga ola boshladi. Chorshanba kuni qurollangan terrorchilar Hindiston nazoratidagi Pahalgamda aksariyati hindistonlik bo‘lgan sayyohlar guruhini o‘qqa tutdi, natijada kamida 26 kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi yaralandi.
Terakt uchun mas’uliyatni “Lashkari Taiba” nomli terrorchilik guruhi tarkibiga kiruvchi “Qarshilik fronti” o‘z zimmasiga olgan. Hindiston esa hujumda Pokistonni ayblamoqda. O‘zaro aviaqatnovlar va savdo to‘xtatildi, vizalar bekor qilindi, diplomatlardan ketish talab qilindi. Eng jiddiysi, ikki davlat o‘rtasida 1960 yilda tuzilgan suv bitimi bir tomonlama, Hindiston tomonidan to‘xtatildi. Pokiston tomoni buni urush ochish bilan teng deb baholamoqda.
Siyosatshunos Islomxon G‘afforovga ko‘ra, bu hududdagi keskinlik 2019 yilda Hindiston tomonidan Jammu va Kashmirning avtonomiyasi bekor qilinganidan boshlangan. Shundan keyin hudud boshqaruvi to‘g‘ridan to‘g‘ri Nyu-Dehli tomonidan amalga oshirib kelinmoqda, bu esa kashmirliklar va Pokiston hukumatining noroziligiga sabab bo‘lib keladi. “Teraktlarni ana shu noroziliklarning bir ko‘rinishi deyish mumkin”, deydi u.
“Mart oyida Pokiston hududida, aprelda esa Eronning Pokiston bilan chegaradosh Balujiston viloyatida ham teraktlar bo‘lib, pokistonliklar va xitoyliklar otib o‘ldirilgan edi. Bu teraktda Islomobod Hindiston maxsus xizmatlarini ayblagan va Nyu-Dehli o‘z navbatida buni rad etib chiqqan edi. Bu voqealardan ikki tomon bir-biri bilan uchinchi kuchlar orqali ziddiyatga kirishayotgandek tasavvur uyg‘onmoqda”, deydi Islomxon G‘afforov.
Mintaqani tadqiq qiluvchi siyosatshunos Hamza Boltayevning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston rasmiylari hozirgacha Pahalgamdagi teraktga Pokiston kuchlarining aloqadorligini ko‘rsatuvchi biror dalil taqdim etmagan.
“Kashmirning ham Hindiston, ham Pokiston nazoratidagi qismida turizm yaxshi rivojlangan. Hudud aholisi daromadlarida turizm muhim o‘rin tutadi. Terakt natijasida turizm oqimi kamayishi mahalliy aholining iqtisodiy holatiga ta’sir qiladi. Qolaversa, hududda xavfsizlik choralari yuqori darajaga ko‘tariladi, bu esa turli masalalardagi cheklovlarni ko‘paytiradi. Cheklovlar esa mintaqaga qo‘shimcha iqtisodiy zarar bo‘ladi.
Hindiston–Pokiston munosabatlari keskin saqlanib qolsa, bu Hindiston–AQSh, Hindiston–Xitoy, Pokiston–Xitoy munosabatlarida ham o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Pokiston–Xitoy munosabatlari yuqori darajada, bunday kutilmagan hodisalar esa ushbu munosabatlarni ham sinovdan o‘tkazishi mumkin”, deydi Hamza Boltayev.
Islomxon G‘afforov kuni kecha Pokiston va Bangladesh tashqi ishlar vazirlari uchrashgani, ikki o‘rtada 15 yildan beri muzlatilgan aloqalar jonlana boshlaganiga e’tibor qaratib, Bangladesh tarixan Hindistonga xayrixoh, Pokistonga esa aksincha, sovuq munosabatdagi davlat bo‘lib kelganini aytadi. Bangladeshdagi joriy hokimiyat ko‘proq Pokiston bilan yaqinlashuvni tanlamoqda. Hindistonning ikki tomonidan musulmon davlatlarining o‘zaro hamkorligi o‘smoqda, deydi u.
Tahlilchiga ko‘ra, bu keskinlik Shanhay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi o‘zaro ishonch muhitiga ham ta’sir qiladi: ikki mamlakat ham 2017 yildan buyon ShHT a’zolari hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Oshadigan nafaqalar, joriy etilayotgan eskrou tizimi va sog‘liqni saqlash sohasida yangi model – 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston | 11:14 / 28.06.2025
Kredit olishga taqiq va Freeze xizmati: ularning farqi nima?
Jamiyat | 09:02 / 26.06.2025
Imtihon yaqin: bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti? – eng muhim savollarga rasmiylardan javoblar
O‘zbekiston | 12:11 / 25.06.2025
Eronning amaldagi siyosiy tizimi. U qanday paydo bo‘lgandi?
Jahon | 19:30 / 24.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Afsonaviy Alanyaga borish endi oson: Toshkent–Alanya yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri reys yo‘lga qo‘yildi
Jamiyat | 20:42
-
Zelenskiy Ukrainaning Ottava konvensiyasidan chiqishni ma’qulladi
Jahon | 20:09
-
Britaniyada salkam 100 mln funtlik kokain partiyasi musodara qilindi
Jahon | 19:19
-
Urush tugadi, rahbar bunkerdan chiqdi – hafta dayjesti
Jahon | 18:43
Mavzuga oid

11:05
NATO qurollanmoqda. Putin nima deydi? | “Geosiyosat” haftaligi

16:35 / 28.06.2025
Pokistonda xudkush-terrorchi hujumi oqibatida 16 harbiy halok bo‘ldi

08:21 / 28.06.2025
Hindiston ShHT qo‘shma deklaratsiyasini imzolashdan bosh tortdi

19:58 / 27.06.2025