Jahon | 20:09 / 29.06.2025
4683
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukrainaning Ottava konvensiyasidan chiqishni ma’qulladi

Ushbu konvensiya piyodalarga qarshi minalarni qo‘llash, ishlab chiqarish, xarid qilish, to‘plash va topshirishni taqiqlaydi, shuningdek, ularning yo‘q qilinishini talab qiladi. Rossiya, AQSh va Xitoy Ottava konvensiyasiga qo‘shilmagan.

Volodimir Zelenskiy Ukraina piyodalarga qarshi minalarni qo‘llash, ishlab chiqarish, xarid qilish, to‘plash va topshirishni taqiqlovchi, shuningdek, ularning yo‘q qilinishini talab qiluvchi 1997 yilgi Ottava konvensiyasidan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shunday qilib, davlat rahbari Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining tegishli qarorini ma’qulladi. Farmon e’lon qilingan kundan, ya’ni 29 iyundan kuchga kirdi.

Oliy radaning milliy xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi kotibi Roman Kostenko buni «urush realliklari anchadan beri talab qilayotgan qadam» deb atadi. «Rossiya ushbu konvensiyaning ishtirokchisi emas va bizning harbiylarimiz hamda tinch aholiimizga qarshi keng ko‘lamda minalardan foydalanmoqda. Dushmanda hech qanday cheklovlar yo‘q bir paytda, biz bog‘langan holda bo‘la olmaymiz», - deydi u. Kostenkoning qo‘shimcha qilishicha, ushbu masalani endi Oliy rada ko‘rib chiqadi.

Bundan oldin Ottava konvensiyasidan chiqishini Polsha, Finlandiya, Litva, Latviya va Estoniya e’lon qilgandi. Ushbu davlatlar NATO taribida bo‘lib, Sharqiy Yevropada Rossiya va uning ittifoqchisi — Belarus bilan chegaradoshdir. Ular joriy yil oxiridan Vladimir Putin armiyasining ehtimoliy hujum yo‘llarini minalashtirishni boshlash maqsadida uchun iul oyiga qadar BMTni o‘zlarining qarori haqida rasman xabardor qilishni rejalashtirmoqda. G‘arb harbiylari va razvedkachilarining baholashicha, Rossiya 2-5 yil ichida NATOga hujum qilishi mumkin.

Ottava konvensiyasini 164 ta davlat ratifikatsiya qilgan. Rossiya esa hech qachon o‘zini xalqaro shartnoma doirasida cheklamagan. Landmine Monitor 2024 Report ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari oxirgi yigirma yilda piyodalarga qarshi minalar zaxirasini yo‘q qilgan bir paytda, Rossiya o‘z zaxiralarini oshirgan va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilardan biriga aylangan. O‘tgan yili u 26 milliondan ortiq shunday qurilmalarni to‘plagan va ularni Ukrainada faol qo‘llamoqda. Rossiyadan tashqari, AQSh va Xitoy ham bu konvensiyaga qo‘shilmagan.

Mavzuga oid