Jahon | 08:05 / 29.03.2025
5249
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova Gagauziya rahbarini hibsga oldi

Kishinyov sudi Gagauziya muxtoriyati rahbari Yevgeniya Gutsulni 20 sutkaga qamoqqa olish haqida qaror chiqardi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Yevgeniya Gutsul. Foto: Gagauzia24

«Yevgeniya Gutsulga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 20 sutkalik qamoqni qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma qisman qanoatlantirilsin», — deyiladi sudya Sergey Chobanu qarorida.

Prokuratura Gutsulni 30 kunga qamoqqa olishni so‘ragan, ammo sud ushbu muddatni qisqartirdi. Gutsulning advokati Serjiu Moraruning aytishicha, uning himoyasi ostidagi shaxs hech qanday huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymagan, prokuraturada esa uni hibsga olish uchun qonuniy asos bo‘lmagan. Himoya hukm ustidan shikoyat qilish niyatida.

Gutsul 25 mart kuni kechqurun Kishinyov aeroportida mamlakatni tark etishga uringan vaqtda qo‘lga olingan. Moldova hukumati unga ikki jinoyat ishi bo‘yicha ayb qo‘ygan. Birinchi ishga ko‘ra, tergov ma’lumotlariga asosan 2019–2022 yillar oralig‘ida Gutsul Rossiyadan Moldovaga yirik miqdorda pul mablag‘larini olib kirib, rossiyaparast «Shor» partiyasini noqonuniy moliyalashtirish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, u 2022 yilda Kishinyovdagi norozilik namoyishlarini tashkil etishda gumonlanmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, Gutsul davlat muassasalari oldidagi namoyishlarda ishtirok etgan faollarga to‘lovlarni nazorat qilgan.

Qo‘lga olinganidan so‘ng Gutsul Vladimir Putinga murojaat qilib, Moldova hukumatiga nisbatan bosim o‘tkazish uchun «barcha diplomatik, siyosiy va huquqiy vositalarni ishga solish»ni so‘radi va «siyosiy ta’qiblarni zudlik bilan to‘xtatish»ga da’vat etdi.

Shuningdek, u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hamda Gagauziya aholisidan qo‘llab-quvvatlashni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moldova rasmiylari unga hudud rahbarligi — boshqon lavozimidan voz kechish va mamlakatni tark etish evaziga jinoiy ta’qibni to‘xtatishni taklif etgan.

Kreml Gutsulning qo‘lga olinishini qoralab, bu kabi harakatlar «demokratik tamoyillarga zid» ekanini ma’lum qildi. «Albatta, biz bu kabi choralarni qoralaymiz va Kishinyovdan bunday usullardan voz kechib, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar uchun erkin faoliyat yuritish imkoniyatini ta’minlashni talab qilamiz», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Gagauziya — Moldova Respublikasi tarkibidagi muxtor hududiy birlik bo‘lib, u yerda turkiy tilda so‘zlashuvchi 112 mingdan ziyod gagauzlar yashaydi.

Mavzuga oid