Sport | 18:15 / 28.03.2025
8872
2 daqiqa o‘qiladi

Sud futbolchi Dani Alvesning 4,5 yillik qamoq hukmini bekor qildi

Mashhur futbolchi zo‘rlash ishi bo‘yicha oqlandi, ammo hukm ustidan hali apellyatsiya berilishi mumkin.

Foto: Reuters

Kataloniya Oliy sudi zo‘rlash ishi bo‘yicha sudlangan braziliyalik futbolchi Dani Alvesning apellyatsiyasini to‘liq qanoatlantirdi va ayblov hukmini bekor qildi. Shuningdek, Alvesning erkin harakatlanishi uchun qo‘yilgan barcha cheklovlar olib tashlandi, deb xabar berdi Reuters.

Sud ishda «aybsizlik prezumpsiyasi talab qiladigan me’yorlardan oshib ketadigan» dalillar yetarli emasligini aniqladi. Sudning ta’kidlashicha, jabrlanuvchi deb taxmin qilingan ayolning ko‘rsatmalari videoyozuvlar orqali tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan faktlarga kelganda ishonchli emas. Sudning fikricha, bu jabrlanuvchi ayolning ko‘rsatmalari haqiqat emasligini «aniq ko‘rsatdi».

Qaror ustidan hali ham Ispaniya Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

2024 yil fevralida sud Alvesni 2022 yilda Barselona shahri tungi klubi hojatxonasida ayolni zo‘rlaganlikda ayblab, to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. Alves 2023 yil yanvarida hibsga olinganidan beri qamoqda edi. 2024 yil martida, hukmdan bir oy o‘tib, sud uni bir million yevro garov evaziga ozod qildi.

41 yoshli Alves o‘z faoliyatini Ispaniyaning «Sevilya» klubida boshlagan va keyin «Barselona»da sakkiz mavsumni o‘tkazgan, u bilan bir necha bor Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan va bir necha bor Ispaniya chempioni bo‘lgan. 2016 yildan beri Alves «Yuventus», «Pari Sen-Jyermen» va Braziliyaning «San-Paulu» klublarida o‘ynagan. Keyin u erkin agent sifatida «Barselona»ga qaytdi va 2022 yilda klubni tark etib, meksikalik UNAM Pumas bilan shartnoma imzoladi.

Mavzuga oid