AQShda professor 380 mln yillik toshqoldiqlarning chiqindiga tashlab yuborilishiga sabab bo‘lgan universitetni sudga berdi
Professor ushbu qoldiqlarni to‘plash uchun “yuz soatlab” vaqt sarflagan.

Foto: Google Maps
Amerikalik professor Martin Bekker Nyu-Jyersi universiteti ustidan sudga arz qildi. Uning aytishicha, universitet xodimlarining e’tiborsizligi tufayli 380 million yillik toshqoldiqlar chiqindixonaga tashlab yuborilgan, deb yozmoqda NBC News.
Bekker hamkasbi bilan birgalikda qadimgi dengiz umurtqasizlarining toshga aylangan qoldiqlari haqida keng qamrovli monografiya yozishni rejalashtirgan edi. Da’vo arizasida qayd etilishicha, professor ushbu qoldiqlarni to‘plash uchun “yuz soatlab” vaqt sarflagan.
Olim loyiha ustida ishni davom ettirish uchun to‘plamni hamkasbiga jo‘natishi kerak edi. U namunalarning 80 foizini to‘qqiz kilogrammdan yigirma yetti kilogrammgacha bo‘lgan o‘n to‘qqizta qutiga joylagan va o‘sha kunning o‘zida ularni universitet pochta bo‘limiga yetkazgan.
UPS transport kompaniyasi 18 iyun kuni qutilarni olib ketgan. Bir necha haftadan so‘ng, Bekkerning hamkasbi jo‘natmani hali ham olmaganini ma’lum qilgan. 20 sentabr kuni olim jo‘natma UPS kompaniyasining firibgarlikka qarshi kurash bo‘limida bo‘lishi mumkinligini aniqlagan.
Professor 30 sentabr kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri kompaniya bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, universitet to‘lovlarni amalga oshirmagani sababli uning jo‘natmasi ushlab qolingan, so‘ng muassasaning buyurtmasi bekor qilinib, qutilar “Neshvilldagi noma’lum chiqindixonaga” tashlab yuborilgan.
Martin Bekker universitetdan kolleksiya uchun yetkazilgan zararni, shuningdek, u boshdan kechirgan stress uchun tibbiy xarajatlarni qoplashni talab qilmoqda.