4 yo‘llanmaga 9 da’vogar. Osiyoda mundial saralashidagi vaziyat
Qit’adan faqat Yaponiya va Eron yo‘llanmani muddatidan oldin hal qildi. Keyingi yo‘llanmalar uchun O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Iordaniya va Avstraliya yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. BAA, Iroq, O‘mon, Saudiya va Indoneziya kabi jamoalarda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun kichik bo‘lsa-da imkoniyat saqlanib qolgan.

Foto: Kun.uz
Faqat KXDRda yo‘llanma uchun hech qanday imkoniyat qolmadi. Keyingi turlarda Qirg‘iziston, Falastin, Kuvayt, Bahrayn va Xitoy kabi jamoalar pley-offga o‘tish uchun kurashni davom ettiradi – bu jamoalarda guruh bosqichi yakuniga ikki tur qolganida nazariy jihatdan imkoniyat saqlanib qolmoqda.
A guruhi
Qirg‘iziston — Qatar — 3:1 (Kichin, 45+1. Mishchenko, 82. Shukurov, 90+3 — Mendes, 52). Chetlatish: Mendes (Qatar), 55.
Eron — O‘zbekiston — 2:2 (Torimiy, 52, 83 — Erkinov, 16. Fayzullayev, 53).
KXDR — BAA — 1:2 (Kim Yu Sun, 43 — Lima, 5. Adil, 90+9).
Eron allaqachon AQSh, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan turnir uchun chiptalarni buyurtma qilishni boshlashi mumkin. Eronliklar O‘zbekistonga qarshi o‘yin yakunlanmasdanoq stadion atrofida mushakbozlik bilan jahon chempionati yo‘llanmasini nishonlashni boshlab yuborishdi.
Undan oldinroq Qatar Qirg‘izistonda mag‘lubiyatga uchrab, mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan umidini uzgandi.
Tehrondagi uchrashuvda ehtimoliy g‘alaba ham O‘zbekistonga yo‘llanmani taqdim etolmasdi, lekin ikki ochko yo‘qotilgach, vaziyatini biroz qiyinlashtirdi.
Chunki kunning oxirgi o‘yinida BAA Saudiya Arabistonidagi betaraf maydonda KXDRga qarshi kechgan o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urib ketdi va guruh jadvalida O‘zbekiston bilan oradagi farqni 4 ochkogacha qisqartirdi.
Endi guruhdagi ikkinchi yo‘llanma katta ehtimol bilan 5 iyun kuni BAA va O‘zbekistonning o‘zaro o‘yinida hal bo‘ladi. Agar Timur Kapadze shogirdlari safarda g‘alaba qozonsa yoki durang o‘ynasa ham muddatidan oldin yo‘llanmani kafolatlaydi.
Chunki bu ssenariyda BAA oxirgi turdagi natijalardan qat’i nazar uchinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi: Agar O‘zbekiston g‘alaba qozonsa, hisobidagi ochkolar soni 20 taga yetadi, durang qayd etilsa, ochkolar soni 18 ta bo‘ladi. Shunda so‘nggi turda O‘zbekistonning Toshkentda Qatarga qarshi o‘yini rasmiyatchilik maqomini oladi – BAA Qirg‘iziston maydonida uch ochko olsa ham, maksimum 17 ochko jamg‘aradi.
Agar 5 iyun kungi o‘yinda O‘zbekiston BAAga yutqazadigan bo‘lsa, ochkolar nisbati 17 ga 16 ko‘rinishini oladi, shunda O‘zbekistonni so‘nggi turda Qatarga qarshi o‘yinda faqat g‘alaba qoniqtiradi. Agar durang o‘ynalsa, O‘zbekistonda 18 ochko bo‘ladi, amirliklar esa Bishkekda g‘alaba qozonib, 19 ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin.
Guruhda faqat KXDR yo‘llanmadan butkul umid uzgan, Qirg‘iziston va Qatar esa keyingi turlarda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlar bilan pley-off bosqichiga o‘tish uchun sirtdan raqobatlashadi.
Ma’lumot uchun, KXDR ustidan g‘alaba qozonilganiga qaramay, BAA futbol federatsiyasi rahbariyati favqulodda chora ko‘rib, bosh murabbiy Paulu Bentuni iste’foga chiqardi. Portugaliyalik mutaxassis 2023 yildan beri 14 g‘alaba, 6 durang va 6 mag‘lubuiyat qayd etgan. Endi amirliklar jamoasi O‘zbekistonga qarshi hal qiluvchi o‘yinga yangi murabbiy bilan tayyorlanadi.
5 iyun. Qatar – Eron, BAA – O‘zbekiston, KXDR – Qirg‘iziston
10 iyun. O‘zbekiston – Qatar, Eron – KXDR, Qirg‘iziston – BAA.
V guruhi
Janubiy Koreya — Iordaniya — 1:1 (Li Je Sun, 5 — Al-Mardi, 30).
Falastin — Iroq — 2:1 (Abu, 88. Mahayna, 90+7 — Hussayn, 34).
Kuvayt — O‘mon — 0:1 (Al-Sabhi, 56).
Janubiy Koreya qatorasiga uchinchi o‘yinda g‘alaba qozona olmadi va hali ham yo‘llanmani naqd qilmadi. Oldingi turlarda Falastin va O‘mon jamoalari bilan ochkolarni bo‘lishib olgan koreyslar bu turda guruh jadvalidagi asosiy raqobatchisi bo‘lib turgan Iordaniyaga qarshi o‘yinda g‘alabani saqlab qololmadi.
Son Hyong Min jamoadoshlari katta ehtimol bilan keyingi turda mundialning navbatdagi ishtirokchisiga aylanadi. Buning uchun Iroq maydonida yutqazmaslikning o‘zi yetarli.
Guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqish uchun Iordaniya, Iroq va O‘mon raqobatlashmoqda. Agar Iordaniya keyingi turda O‘monni mag‘lub etsa va Iroq Janubiy Koreyaga yutqazsa, Iordaniya yo‘llanmani muddatidan oldin hal qiladi, agar Iordaniya o‘z o‘yinida g‘alaba qozonib, Iroq durang o‘ynasa, so‘nggi turda Iordaniya va Iroq o‘rtasida hayot-mamot jangi bo‘lib o‘tadi.
O‘mon esa navbatdagi turda Iordaniyani mag‘lub etsa, Iroq koreyslarga yutqazsa, o‘monliklar uchinchi o‘ringa ko‘tariladi va so‘nggi turdagi natijalarga ko‘ra aynan O‘mon ikkinchi o‘ringa chiqib qolishi mumkin.
Guruhning oxirgi o‘rinlardagi ikki vakili – Falastin va Kuvaytda pley-offga o‘tish uchun faqat nazariy imkoniyat saqlanib qolgan.
5 iyun. Iroq – Janubiy Koreya, O‘mon – Iordaniya, Kuvayt – Falastin
10 iyun. Iordaniya – Iroq, Janubiy Koreya – Kuvayt, Falastin – O‘mon.
S guruhi
Yaponiya — Saudiya Arabistoni — 0:0.
Xitoy — Avstraliya — 0:2 (Irvayn, 16. Velupillay, 29).
Indoneziya — Bahrayn — 1:0 (ter Xar Romeni, 24).
Bu guruhda Yaponiya o‘tgan turdayoq yo‘llanma masalasini hal qilgandi va Saudiya bilan o‘yin kunchiqar mamlakat vakillari uchun quruq rasmiyatchilik sifatida o‘tdi va yakuniy hisob ham shunga yarasha bo‘ldi.
Yaponlar bundan keyingi turlarda Avstraliya va Indoneziyaga ham ochko ulashishda davom etishi mumkin.
Bu jamoalarga ochkolar esa ochkolar juda zarur. Yashil qit’a vakillari bu turda Xitoy ustidan muhim g‘alabaga erishib, 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. Keyingi turdagi g‘alaba amalda ushbu jamoani mundial ishtirokchisiga aylantiradi. Oxirgi turda ikkinchi o‘rin uchun asosiy raqobatchi bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan o‘zaro uchrashuv kutmoqda. Saudiyaliklar keyingi turda Bahraynni mag‘lub etsa, o‘zaro o‘yin arafasida uch ochkolik farq bilan ta’qib qilayotgan bo‘ladi, ammo bu o‘yindagi g‘alaba ham ularga yetarli bo‘lmasligi mumkin, chunki ochkolar teng kelgan holatda to‘plar nisbatiga qaraladi, bu borada ustunlik esa Avstraliyada.
Bu turda Bahraynni mag‘lub etgan Indoneziya to‘qqiz ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda qoldi. Bu jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lishi uchun, bir vaqtning o‘zida o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonishi (maksimum 15 ochko), Avstraliya ikki o‘yinda bittadan ortiq ochko olmasligi, Saudiya Arabistoni ikki o‘yindan bittasida ochko yo‘qotishi talab etiladi.
Oxirgi o‘rinlardagi Bahrayn va KXDRda esa pley-off bosqichiga o‘tish uchun faqat nazariy jihatdan imkoniyat mavjud.
5 iyun. Avstraliya – Yaponiya, Bahrayn – Saudiya Arabistoni, Indoneziya – Xitoy
10 iyun. Saudiya Arabistoni – Avstraliya, Yaponiya – Indoneziya, Xitoy – Bahrayn.
Jamoalarning imkoniyatlari qanday baholanmoqda?
8-tur o‘yinlaridan keyin We Global Football portali milliy jamoalarning mundialga yo‘llanma olish imkoniyatlarini baholadi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasining A guruhidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyati 96 foizga baholanmoqda. Qirg‘izistonga qarshi bahsdan keyin bu raqam 92,6 foizni tashkil qilayotgan edi. Tehrondagi bir ochko ham vaziyatni yaxshilagan.
O‘zbekistonning bu yo‘llanma uchun yagona raqobatchisi bo‘lmish BAAning imkoniyati 4 foizga baholanmoqda.
Portal B guruhidan Janubiy Koreya birinchi (100 foiz), Iordaniya ikkinchi o‘rin bilan chiqishini (68,1 foiz) prognoz qilmoqda. Ayni vaqtda guruhda uchinchi bo‘lib turgan Iroq (23,6 foiz) va O‘monning (8,2 foiz) imkoniyatlari ancha past ko‘rsatilgan.
C guruhidagi ikkinchi yo‘llanma esa Avstraliyaga nasib etishi imkoniyati yuqori baholangan - 93,6 foiz. Saudiya Arabistoni (6,2 foiz) va Indoneziya (0,2 foiz) baribir o‘tish o‘yinlari orqali navbatdagi urinishni amalga oshirib ko‘rishi kutilmoqda.
Pley-off bosqichi qanday bo‘ladi?
Guruhlarda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda qolish ham fojia emas.
Avvalgi formatda guruhlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan quruq qolgan, 3-o‘rinni olgan jamoalar pley-off orqali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi lozim bo‘lardi. Endi imkoniyat qariyb ikki baravar ortgan. 3-bosqichdagi uchta guruhda 3-4 o‘rinlarni olgan 6 ta jamoa (ayni vaqtdagi o‘rinlariga ko‘ra BAA, Qatar, Iroq, O‘mon, Saudiya Arabistoni va Indoneziya) 4-bosqichga o‘tadi.
Jami 6 jamoa har biri uchtadan 2 guruhga bo‘linadi. Guruh g‘oliblari jahon chempionatiga navbatdagi yo‘llanmalarning egasiga aylanadi.
Avvaliga, FIFA tavsiyasiga ko‘ra, jamoalar neytral maydonda o‘zaro bittadan o‘yin o‘tkazishi ko‘zda tutilgandi, ammo 5-bosqich taqvimi 2025 noyabridan 2026 yil martiga ko‘chirilgani tufayli, OFKda qo‘shimcha tur o‘ynash imkoniyati paydo bo‘ldi. Natijada, OFK 4-bosqichni ham uy-safar tizimida tashkil etadi. Faqat har bir jamoa bilan bir martadan o‘ynaladi. Guruhdagi bir jamoa bilan safarda, boshqasi bilan uyda o‘ynashga to‘g‘ri keladi.
4-bosqichda ikki guruh g‘oliblari, yuqorida aytilganidek, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi, uchinchi o‘rinlarda qolgan jamoalar kurashdan chiqadi, ikkinchi o‘rinlar egalarida esa yana bir imkoniyat yuzaga keladi. Bu jamoalar endi o‘zaro pley-off o‘ynashadi va g‘olib 5-bosqichda – 6 jamoadan iborat bo‘lgan qit’alararo pley-offda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
6 jamoa – Shimoliya Amerika (2 ta), Osiyo, Afrika, Janubiy Amerika va Okeaniya mintaqasi vakillaridan iborat bo‘ladi. Bu jamoalar o‘zaro yana ikki oxirgi yo‘llanma uchun kurash olib boradi.
6 jamoa ichida eng reytingi yuqori bo‘lgan ikki jamoa o‘z raqibini kutib turadi. Qolgan to‘rt jamoa ikki juftlik tashkil qilib, g‘oliblar aniqlanadi. Ikki g‘olib o‘sha kutib turgan reytingi yuqori ikki jamoaga taqsimlanadi. Final juftliklarida g‘olib bo‘lgan ikki jamoa ham mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
O‘yinlar uy-safar emas, neytral maydonda, katta ehtimol bilan JCh-2026 mezbon davlatlaridan birida tashkil qilinadi.
Mavzuga oid

11:34 / 26.03.2025
Timur Kapadze: «Durang adolatli natija bo‘ldi»

10:15 / 26.03.2025
Qozog‘istonda ilk g‘alaba, Norvegiya Isroilga 4 ta gol urdi. Yevropada kun o‘yinlari

23:06 / 25.03.2025
O‘zbekiston Eron bilan o‘yinda muhim ochkoni qo‘lga kiritdi

20:50 / 25.03.2025