Sport | 23:06 / 25.03.2025
37390
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Eron bilan o‘yinda muhim ochkoni qo‘lga kiritdi

Endi guruhdagi vaziyat KXDRga bog‘liq bo‘lib qolmoqda, agar shimoliy koreyaliklar BAAni mag‘lub etolsa, O‘zbekiston bugunning o‘zida mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Agar amirliklar bugun ochko qo‘lga kiritsa ham, keyingi turda Kapadze shogirdlarini o‘zaro o‘yinda durang qoniqtiradi.

JCh-2026 saralashi. 8-tur
Eron – O‘zbekiston – 2:2
Gollar
: Mehdi Toremiy 51, 83 – Hojimat Erkinov 16, Abbosbek Fayzullayev 53.
Eron: 1.Alirizo Beyronvand, 2.Soleh Hardani, 4.Shojai Xalilzoda, 5.Milod Muhammadiy, 6.Said Izzatullohiy, 7.Alirizo Jahonbahsh, 9.Mehdi Toremiy, 10.Mehdi G‘oyyedi, 13.Husayn Ka’noniy, 14.Saman Quddus, 20.Sardor Ozmun.
O‘zbekiston: 1.O‘tkir Yusupov, 3.Hojiakbar Alijonov, 2.Abduqodir Husanov, 15.Umar Eshmurodov, 5.Rustam Ashurmatov, 4.Farrux Sayfiyev, 9.Odil Hamrobekov (17.Abdurauf Bo‘riyev, 85), 7.Otabek Shukurov, 22.Abbosbek Fayzullayev, 20.Hojimat Erkinov (11.Ruslanbek Jiyanov, 65), 14.Eldor Shomurodov.

JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 8-turi doirasidagi markaziy o‘yinda O‘zbekiston milliy jamoasi Eronda ikki marta hisobda oldinda borib, g‘alabani saqlay olmadi.

Tehrondagi «Ozodiy» stadionida o‘tgan uchrashuvning 16-daqiqasida Hojimat Erkinov Farrux Sayfiyevning uzatmasidan keyin hisobni ochdi – 1:0.

Ammo ikkinchi bo‘limni hujumkor boshlagan mezbonlar 51-daqiqada Mehdi Torimiyning kuchli zarbasi bilan hisobni tenglashtirishdi – 1:1.

Bir daqiqa o‘tib Abbosbek Fayzullayev qanotdan jarima maydoniga oshirgan to‘p hech kimga tegmasdan darvoza to‘riga borib tushdi – 2:1.

Ammo g‘alabali hisobni saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. 83-daqiqada Torimiy himoyadagi palapartishlikdan foydalanib, dublga erishib, Eron uchun muhim bo‘lgan gol muallifiga aylandi – 2:2.

Shu tariqa, forslar o‘ziga kerak bo‘lgan durang evaziga ochkolari sonini 20 taga yetkazib, muddatdan avval JCh-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston esa 17 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda.

Guruhda 8-turning uchinchi uchrashuvi endi boshlanadi, unda Saudiya Arabistonidagi betaraf maydonda KXDR BAAni qabul qiladi.

Agar bu o‘yinda shimoliy koreyaliklar g‘alaba qozonsa bu O‘zbekiston milliy jamoasini avtomatik ravishda keyingi bosqichga olib chiqadi, bu holda amirliklar jamoasi keyingi ikki o‘yinda 100 foizlik natija qayd etgan taqdirda ham guruh jadvalida faqat 16 ochko bilan O‘zbekistondan keyin joylashadi.

Bu o‘yin durang hisob bilan yakunlanishi ham O‘zbekistonning foydasiga xizmat qiladi. Lekin BAA bu o‘yinda uch ochko oladigan bo‘lsa, keyingi turda Temur Kapadze jamoasi ushbu raqibga qarshi ochko uchun maydonga tushishi talab etiladi.

Mavzuga oid