O‘zbekiston | 20:13 / 26.03.2025
3924
6 daqiqa o‘qiladi

26 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Yo‘ldagi «yama»da cho‘milgani uchun qamalgan erkak, jinoyat quroli bo‘lgan «Captiva»ning sotilishi, qo‘lga olingan poraxo‘r rahbar va Varshavada o‘rgatilayotgan o‘zbek tili — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Yo‘ldagi ko‘lmakda cho‘milgan erkak qamaldi

Samarqand viloyati Urgut tumanida yo‘l o‘rtasidagi ko‘lmakda cho‘milgan erkak 10 sutkaga qamaldi.

Mazkur voqea aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videoda D. ismli fuqaro yo‘llardagi chuqurliklar «basseyn»ga o‘xshab bosib ketayotgani, bunday chuqurliklarda yomg‘ir yog‘ib suv to‘planganda hattoki cho‘milish ham mumkinligini ta’kidlab, kiyimini yechib, suvga yotib olgan va suzishga uringan.

Ko‘p o‘tmay uzr so‘rab videomurojaatda chiqish qilgan va bu ishidan afsusdaligini aytgan. Biroq u baribir jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgani uchun ma’muriy jazoga tortildi.

Sud tomonidan u Ma’muriy javobgarlik kodeksining 183-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik — mayda bezorilik bo‘yicha aybli deb topilib, unga 10 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Jinoyat quroli bo‘lgan Captiva auksionda sotildi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida stadionda odamlar ustiga haydalgan Captiva avtomashinasi auksion orqali 100 mln so‘mdan ziyod summaga sotildi. Sotuvdan tushgan mablag‘ to‘liq davlat daromadiga o‘tkazildi.

Avtomashina 2024 yil 29 may kuni mast holda haydovchi tomonidan stadionga haydalgan, u yerda odamlar hayoti xavf ostiga qo‘yilgan edi. Keyinchalik sud qaroriga ko‘ra, haydovchi 4 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilishi, Captiva esa jinoyat quroli sifatida musodara qilinishi belgilangan edi.

Majburiy ijro byurosi tomonidan ushbu mashina baholanib, 2025 yil 3 mart kuni o‘tkazilgan auksionda 100 mln 567 ming so‘mga sotildi.

Garchi sudda haydovchi qilmishi uchun uzr so‘rab, tavba qilganini aytgan, sudda da’vogarlar ham undan shikoyati yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, ammo erkak mashinasining old qismi bilan ikki nafar shaxsni turtib yuborib, voqea joyidan qochib ketgani og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholangan.

FVB rahbar o‘rinbosari qamoqqa olindi

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari korrupsiyada ayblanib, qamoqqa olindi. DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida uning pora olishga bo‘lgan urinishi fosh etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs qurilish loyihalarini tasdiqlash, yong‘inga qarshi tizimlar bo‘yicha dalolatnomalarni imzolash va obektlarni qabul komissiyasi orqali topshirishda ijobiy xulosa berish uchun sistematik ravishda pora olgan.

Pora orqali o‘tkazilgan obektlar orasida umumiy o‘rta ta’lim maktabi va tibbiyot muassasasi ham borligi qayd etilgan.

Ayni paytda unga nisbatan Jinoyat kodeksi asosida ish qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Poligonlarda ekosanoat zonalari tashkil etiladi

O‘zbekistonda chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan ekosanoat zonalari tashkil etiladi.

Prezidentning shu boradagi farmoniga ko‘ra, bunday sanoat zonalari 30 yil muddatga yaratiladi.

Hujjatga asosan, 2030 yilgacha mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartiriladi. Yangi chiqindilar esa poligonlarga olib chiqish tashlash yo‘li bilan emas, qayta ishlash yoki yoqish orqali yo‘q qilinadi. Bu jarayonda sirkulyar iqtisodiyotga o‘tish ustuvor vazifa qilib belgilangan.

2026 yildan boshlab chiqindi poligonlari faqat hukumat qarori bilan tashkil etiladi. Shuningdek, Namangan va Toshkent viloyatlarida termik utilizatsiya loyihalari uchun qariyb 20 gektar sug‘oriladigan yer sanoat maqsadlariga o‘tkaziladi.

Varshavada o‘zbek tili o‘rgatiladi

Polshadagi Varshava universiteti ta’lim tizimiga o‘zbek tilini joriy etish bo‘yicha kelishuvga kelindi.

Bu tashabbus O‘zbekiston elchixonasi va universitet hamkorligida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri chog‘ida bildirildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalar muhokama qilindi. Akademik hamkorlikni kengaytirish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy markazlar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Polsha tomoni o‘zbek tilini universitet ta’lim dasturlariga joriy etish taklifini ilgari surdi. Muzokaralarda ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun malakali o‘qituvchilarni jalb qilish, Erasmus+ doirasida loyihalar tayyorlash va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan memorandum imzolash rejalashtirildi.

 

Mavzuga oid