O‘zbekiston | 22:11 / 25.03.2025
3162
5 daqiqa o‘qiladi

25 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

«Openbudjet»da peshqadam asfaltlash loyihalari, Kaspi.kzʼdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari, chiqindilardan olinadigan energiya va jazoga tortilgan noqonuniy yer egalari — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Openbudjet»: yo‘l loyihalari yana peshqadam

2025 yilgi «Tashabbusli budjet»ning 1-mavsumida 3,2 trln so‘mlik 2369 ta loyiha g‘olib deb topildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, eng ko‘p g‘alaba qozongan loyihalar ichki yo‘llarni ta’mirlashga oid bo‘lib, ular soni 964 tani, mablag‘i esa 1,4 trln so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, 699 ta maktabni ta’mirlash va jihozlash, 247 ta sog‘liqni saqlash muassasalarini rivojlantirish, 60 ta bog‘cha, 44 ta ko‘cha yoritish tizimi va 34 ta ichimlik suv bilan bog‘liq loyihalar g‘olib bo‘ldi. Qolgan 321 ta loyiha boshqa yo‘nalishlarni qamrab oldi.

21 mart kuni «Ochiq budjet» portalida g‘oliblar e’lon qilindi. Tashabbuslar uchun berilgan umumiy ovozlar soni 10,4 millionga yetdi.

Kaspi.kz endi Uzcard va Humo’ga o‘tkazadi

Qozog‘istonliklar endilikda Kaspi.kz orqali O‘zbekistondagi Uzcard va Humo kartalariga ham pul o‘tkazishi mumkin. Ilgari bunday operatsiyalar faqat Visa yoki Mastercard orqali amalga oshirilar edi.

Yangi xizmat foydalanish uchun juda oddiy: faqat kartaning raqamini kiritish kifoya, qabul qiluvchining ismi avtomatik ravishda chiqadi.

Kaspi.kz asoschisi Mixail Lomtadze kompaniya O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat aholisi o‘rtasida doimiy mehmonchilik, ishbilarmonlik va madaniy aloqalar mavjud va shu sababli pul o‘tkazmalariga ehtiyoj yuqori.

Kaspi.kz Qozog‘istondagi eng mashhur fintex ilovalaridan biri bo‘lib, 15 milliondan ziyod foydalanuvchiga ega. U to‘lov, marketpleys va moliyaviy xizmatlarni o‘zida birlashtirgan raqamli ekotizim hisoblanadi.

Chiqindilardan energiya: 7 hududda yangi loyiha

Toshkent shahri va yana 6 ta viloyatda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.

Prezident qaroriga muvofiq, ekologik vaziyatni yaxshilash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali chiqindilardan foydalanish samaradorligi oshiriladi, sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi.

Investorlar 2025–2027 yillarda termik qayta ishlash uskunalarini ishga tushiradi. Masalan, Toshkent viloyatida kuniga 2,5 ming tonna chiqindidan 390 mln kWt, boshqa viloyatlarda esa kuniga 1,5 ming tonna chiqindidan 227–240 mln kW elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Ishlab chiqarilgan energiya 30 yil davomida «O‘zenergosotish»ga kafolatli ravishda sotiladi.

O‘zbekistonda 66 ming holatda yer noqonuniy egallangan

2024 yil davomida O‘zbekistonda 66 ming 109 ta holatda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati aniqlandi. Bu yerlar umumiy 9462 gektar maydonni tashkil etadi. Kadastr agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 41 ming 972 ta holatdagi 4472 gektar yer ixtiyoriy ravishda qaytarilgan.

Umumiy hisobda 41 ming 708 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llandi.

2025 yilda 2 mingdan ortiq mahallada o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ulardagi bino va inshootlar Kadastr agentligi tomonidan xatlovdan o‘tkaziladi. 

Agentlik 2025 yil davomida 6,9 mln gektar yer maydonida xatlov o‘tkazishni, 13 mingta noqonuniy qurilgan obektga chora ko‘rishni reja qilgan.

O‘zbekiston hind sayyohlarini ko‘paytirmoqchi

O‘zbekiston 2030 yilgacha Hindistondan keladigan sayyohlar sonini uch baravarga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev Janubiy Osiyodagi yirik SATTE ko‘rgazmasida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hind fuqarolari uchun vizasiz tartibni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Hindistondagi ommaviy axborot vositalari, jumladan, The Print nashri O‘zbekistonning milliy paviloniga katta qiziqish bildirilganini yozdi. Nashr Shodiyev so‘zlariga tayanib, mamlakatimiz 2030 yilga qadar yiliga 15 million xalqaro sayyohni jalb etishni maqsad qilganini ta’kidladi.

2024 yilda O‘zbekistonga 10 million xalqaro sayyoh keldi — bu 2017 yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘pdir.

Mavzuga oid