O‘zbekiston | 22:45 / 27.03.2025
7672
6 daqiqa o‘qiladi

27 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Hayit nishonlanadigan sana, Samarqand va Andijonga pulli yo‘l taqdimoti, energiya tejamkorligi yuzasidan yangi topshiriq va bog‘cha ustiga qulagan kran — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Ramazon hayiti 30 mart kuni nishonlanadi

O‘zbekistonda 2025 yilgi Ramazon hayiti 30 mart, yakshanba kuni keng nishonlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi va hukumat ushbu sanani rasman bayram kuni sifatida qabul qildi.

Mehnat kodeksiga muvofiq, yakshanba dam olish kuniga to‘g‘ri kelgan Ramazon hayitining birinchi kunining o‘rni 31 mart — dushanba kuniga ko‘chiriladi. Shunday qilib, do‘stlik va ahillik ramzi bo‘lgan ushbu bayramda yurtdoshlar ikki kun dam olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, Ramazon hayiti kuni Toshkent metropoliteni o‘z ishini tonggi soat 04:00 da boshlashi e’lon qilindi. Bu aholiga erta tongdagi ibodatlarda qatnashish uchun qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Toshkentdan Andijon va Samarqandga muqobil avtoyo‘llar

Transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkentni Samarqand va Andijon bilan bog‘lovchi muqobil yo‘l loyihalari taqdimotini o‘tkazdi.

Unda qayd qilinishicha, hozir O‘zbekistondagi xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarning 25 foizi katta yuklamada ishlayapti. Masalan, kuniga 32 ming avtomobilga mo‘ljallangan “Toshkent – Samarqand” yo‘lida 45 mingta transport qatnayapti. Tirbandlik sababli ba’zan bunga 5-6 soatgacha vaqt ketyapti. 2030 yilga borib harakat jadalligi 80 mingdan oshishi mumkin.

Toshkentdan Samarqandga va Andijonga eltuvchi muqobil yo‘llar qurish ustida ish olib borilmoqda.

Toshkent bilan Samarqandni bog‘lovchi qo‘shimcha yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslari xorijiy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan. Bu yangi yo‘lning uzunligi 300 kilometr atrofida bo‘ladi. Uning natijasida Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi.

Toshkent – Andijon yo‘lini qurish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilingan. Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkent bilan Andijon orasidagi qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi.

Prezident energiya tejamkorligi yuzasidan topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishda tabiiy gaz va elektr energiyasini tejash, oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalarni belgiladi.

2030 yilgacha O‘zbekiston aholisi 41 millionga yetishi va iqtisodiyot ikki barobar o‘sishi kutilmoqda. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni 1,5 karraga oshiradi.

Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxdagi tadqiqotlarda 870 mln kWh elektr va 420 mln kub metr gazni tejash imkoni aniqlangan. Eng avvalo eskirgan uskunalarni yangisiga almashtirish hisobidan katta tejamkorlikka erishish mumkin.

Quyosh stansiyalari va mikro GESlar orqali qo‘shimcha energiya ishlab chiqariladi. Ko‘cha yoritish tizimlarini quyosh chiroqlariga o‘tkazish ham samarali yechim sifatida qayd etildi.

Joriy yil 1,1 mlrd kub metr gaz va 2,6 mlrd kWh elektrni tejash rejalashtirilgan. Farg‘ona vodiysida alohida yondashuv joriy etiladi.

Yangiyo‘lda kran o‘qi bog‘cha binosiga quladi

Yangiyo‘l shahridagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tomiga qurilish kranining o‘q qismi quladi. Hodisa 25 mart kuni soat 19:10 larda Baxt mahallasida sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Qurilish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bog‘chaga yaqin joyda xususiy tadbirkor turarjoy qurmoqda edi. Yomg‘ir sababli ko‘tarma kranning o‘q qismi g‘alvirdan chiqib, bog‘chaning tomiga qulagan va tom qismini shikastlagan.

Hodisa joyiga tezkorlik bilan FVB, hokimiyat va huquq-tartibot idoralari vakillari yetib borib, kran o‘qini olib tashlashgan. Hozirda 8 nafar ishchi tomni ta’mirlash bilan shug‘ullanmoqda.

Bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Qurilish tashkiloti tomondan zarar bartaraf etilib, 3 kunda muassasa qayta ishga tushirilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi jahonda 64-o‘rinda

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi sifat bo‘yicha 2024 yilda Ceoworld Magazine reytingida 110 davlat orasida 64-o‘rinni egalladi. Mamlakat 100 balli tizimda 36,26 ball to‘plab, yetakchi davlatlardan qariyb ikki barobar orqada qoldi.

Reytingda tibbiy infratuzilma, shifokorlar malakasi, dori vositalarining narxi va mavjudligi, hukumat dasturlari hamda sanitariya sharoitlari kabi omillar hisobga olingan.

Kuchli beshlikdan Tayvan, Janubiy Koreya, Avstraliya, Kanada va Shvetsiya o‘rin olgan. Yaqin xorij davlatlaridan Hindiston 29-o‘rin, Rossiya 42-o‘rin, Ozarboyjon 57-o‘rin, Belarus 61-o‘rin, Ukraina 76-o‘rin, Qozog‘iston 78-o‘rin, Eron 92-o‘rin, Turkmaniston esa 95-o‘rinni egallagan. Eng past natijalar Salvador, Honduras va Nepalga tegishli.

Mavzuga oid