Jahon | 00:55
6561
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda institutning sobiq xodimi josuslik uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi

U lavozimi ko‘tarilmagani sabab rahbariyatiga nisbatan «gina saqlab kelgan» va maxfiy ma’lumotlarni chet el maxsus xizmatlariga sotmoqchi bo‘lgan.

Xitoyda sud ilmiy-tadqiqot instituti sobiq xodimini josuslikda va davlat sirlarini chet el maxsus xizmatlariga berishda aybdor deb topib, uni o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda Xitoy Davlat xavfsizlik vaziri xabar berdi.

«Yaqinda davlat xavfsizlik organlari josuslik bilan bog‘liq ishni fosh qildi. Unga ko‘ra, ilmiy-tadqiqot muassasalaridan birining xodimi katta miqdordagi davlat sirlarining noqonuniy ravishda nusxalagan, ko‘paytirgan va chet el razvedka xizmatlariga topshirgan», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ilmiy-tadqiqot institutlaridan birining Lyu ismli sobiq kichik muhandisi lavozimi oshirilmagani sabab rahbariyatga nisbatan «gina saqlab kelgan» va natijada ishdan bo‘shashga qaror qilgan.

«Ishdan bo‘shashdan oldin u o‘zi foydalanib kelgan katta miqdordagi maxfiy ma’lumotlardan nusxa ko‘chirgan va saqlab qo‘ygan — undan qasos olish va rahbariyatni shantaj qilishda foydalanmoqchi bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Lyu ishdan bo‘shagach, investitsiya kompaniyasida faoliyat boshlagan va fond bozori o‘yinlariga berilgan, natijada, bu katta moliyaviy qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan. Shundan so‘ng, u o‘zi mavjud maxfiy ma’lumotlarni chet el maxsus xizmatlariga sotishga qaror qilgan.

Ta’kidlanishicha, Lyu so‘roq vaqtida o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

«Sud Lyuni josuslik va davlat sirlarini noqonuniy ravishda berish bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm etdi, shuningdek, uni umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qildi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Minsk sudi Yaponiya fuqarosi Nakanisi Masatosini chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilish ishida aybdor deb topib, uni 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqargani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid