Seriyali obligatsiyalar dasturiga talablar belgilandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining «Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i qabul qilindi.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga seriyali obligatsiyalar dasturini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Seriyali (obligatsiya dasturi asosida) obligatsiyalar dasturi emitentga uning doirasida bir nechta obligatsiya emissiyalarini (ochiq yoki yopiq tarzda joylashtirish) ketma-ket chiqarish huquqini beradi. Obligatsiya dasturi doirasida joylashtiriladigan barcha chiqarilgan obligatsiyalar nominal qiymatlarining umumiy summasi obligatsiya dasturida ko‘rsatilgan summadan oshmasligi kerak. Obligatsiya dasturi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Obligatsiya dasturida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
- emitentning vakolatli boshqaruv organi tomonidan obligatsiya dasturi bo‘yicha qabul qilingan qaror;
- obligatsiya dasturi doirasidagi obligatsiyalarning turi va soni, ularni chiqarish shakli, nominal qiymati va umumiy hajmi;
- obligatsiya dasturining amal qilish muddati (2 yildan oshmasligi lozim);
- obligatsiyalar chiqarilishining muomala muddatlari;
- obligatsiya dasturi doirasida joylashtiriladigan obligatsiyalar egalarining huquqlari;
- obligatsiyalar bo‘yicha daromadlarni to‘lash tartibi va shartlari (obligatsiyalar bo‘yicha daromadlar obligatsiya dasturi doirasida chiqariladigan har bir chiqarish bo‘yicha emitentning vakolatli boshqaruv organi tomonidan bozor talab va takliflaridan kelib chiqib tasdiqlanadigan alohida qarorda (risolada) belgilanadi);
- obligatsiya dasturi doirasida joylashtiriladigan obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish kafolatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- obligatsiya dasturi doirasida obligatsiyalarni joylashtirish shartlari;
- boshqa ma’lumotlar.
Obligatsiya dasturini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun emitent ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
- obligatsiya dasturini ro‘yxatdan o‘tkazishga ariza;
- obligatsiyalar dasturi (uch nusxada);
- obligatsiya dasturining qabul qilingani va tasdiqlangani xususida aksiyadorlarning yoki jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi bayonnoma nusxasi, agar mazkur qaror AJ kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa – ovoz berishda ishtirok etgan AJ kuzatuv kengashi a’zolarining F.I.O., imzosi ko‘rsatilgan yig‘ilish bayonnoma nusxasi;
- emitentning obligatsiyalar dasturini qabul qilish va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangan sanadan oldingi tugallangan yil davomida rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlik bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlari mavjudligini tasdiqlovchi auditorlik tashkiloti xulosasining asl nusxasi (yoki tasdiqlangan nusxasi);
- emitentning obligatsiyalar dasturini qabul qilish va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangan sana uchun o‘z kapitali miqdorini (O‘zbekiston milliy valutasida) tasdiqlovchi auditorlik tashkiloti xulosasining asl nusxasi (yoki tasdiqlangan nusxasi);
- emitentning mustaqil reyting bahosi mavjud hujjat nusxasi. Bunda, emitentga reyting bahosini berish sanasi obligatsiya dasturini chiqarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan bir yildan oshmasligi kerak.
Mavzuga oid

15:34 / 27.01.2025
Jahon obligatsiya bozorida inqiroz: nega bunday bo‘lyapti?

10:20 / 29.11.2024
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi mablag‘lar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi

13:20 / 09.09.2024
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi takomillashtiriladi

12:12 / 12.06.2024