O‘zbekiston | 12:30
8697
12 daqiqa o‘qiladi

«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti

Toshkent shahridagi quruvchi firmalardan uy uchun shartnoma olib, uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan xaridorlarga «sotib» kelgan  «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJ mansabdorlari minglab fuqarolarning pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanyapti. Kun.uz muxbiri mazkur kompaniyalar bilan shartnoma qilgan fuqarolar bilan bog‘lanib, ishning ayni paytdagi holati, shuningdek takliflari shubhali ko‘ringan bu “biznes”ning tepasida kim turganini o‘rgandi. 

«Na uyim, na pulim bor»

«2024 yilning noyabr oyida Instagram’da «Credit House»ning reklamasini ko‘rib qiziqib qoldim. Anora degan menejer qiz tinimsiz telefon qildi. Oxiri 20 dekabr kuni ofisiga bordim. Ular ikkilamchi bozordan uy olib berishni va’da qilishdi. 25 ming AQSh dollarini naqd pulda to‘lov qildik. Pulni kompaniyaning ofisi joylashgan binoning 5-qavatidagi kamera yo‘q, qorong‘i xonada Shoira ismli kompaniya rahbarlaridan birining ko‘rsatmasi bilan bitta erkak sanab oldi. O‘sha paytda bizda shubha paydo bo‘ldi. Pastga tushganimizda pul to‘landi, degan chek berishdi. Sal o‘tib, bularning muomalasi o‘zgarib qoldi. Shoira sendan pulni sanab olmaganman, boradigan joyingga bor, deya tahdid qila boshladi. Shundan beri na pulim, na uy bor. Shartnomada 30 foiz to‘lovni amalga oshirganimizdan keyin, 20 ish kunida uyni olib berishlari kerak edi. Lekin bu shartni bajarishmadi, pulimni ham qaytarib berishmayapti. 15 kuncha avval Toshkent shahar IIBBga ariza berdim, hali javob kelmadi», deydi murojaatchi.

Yana bir jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u 31800 dollar miqdoridagi pulni 27 yanvar kuni to‘lagan.

«20 fevralgacha «Credit House» ikkilamchi bozordan men olmoqchi bo‘lgan uyning egasiga 63 ming dollar berishi kerak edi, ammo to‘lovni qilishmadi. Keyin uy egasi kelishuvni bekor qildi. Hozir pulimni qaytarib ololmayapman», deydi u.

«Credit House» rahbari Klara Tolipova Kun.uz’ga bergan intervyusida muammoning kelib chiqishiga “firma ikkilamchi bozorga vaqtli o‘tgani sabab bo‘lgan”ini aytgandi. Aynan ikkilamchi bozordan uy olgan mijozlar bilan bog‘liq vaziyat ham jiddiy.

Boshqa bir jabrlanuvchi 23 ming dollar pul to‘lab, uyga ham ko‘chib o‘tgan. Ammo uyning egasi kelishilgan pul unga to‘lab berilmagani ortidan «Credit House»ning mijozini bu uydan chiqarib yuborgan.

To‘langan pullar quruvchilarning hisob raqamiga o‘tmagan

«Credit House»ning yangi qurilayotgan uy-joylar bozoridagi faoliyati bo‘yicha ham savollar va shubhalar yetarli. Xususan, Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan B.T.ning so‘zlariga ko‘ra, u 2024 yilning aprel oyida Yangi Darxon turar joy majmuasidan uy xarid qilish uchun boshlang‘ich 200 mln so‘m to‘lagan.

«Qolgan summani 120 oyga 6,7 mln so‘mdan to‘lashim kerak edi. Quruvchi firma oktyabr oyida ishni tugatdi, dekabrda uylarning kadastri ham chiqdi. Hozirgacha men «Credit House»ga umumiy 306 mln so‘m pul to‘lagan bo‘lsam, quruvchining hisobiga ushbu mablag‘ning 1 foizi ham o‘tkazib berilmagan.

Quruvchi firma 10 yanvargacha pul o‘tkazib berilmasa, uylarning sotuvga chiqarib yuborilishini «Credit House»ga ma’lum qilgandi. Keyin kompaniya vakillari quruvchi bilan gaplashdi va mablag‘i bankda muzlatib qo‘yilganini iddao qilib, kutishni iltimos qildi. Lekin vaziyat o‘zgargani yo‘q, qiynalyapmiz. Bizga kimningdir qamalishi yoki qamalmasligi ahamiyatsiz, uyimizni yoki pulimizni topib berishsin», deydi u.

«Pulimni talab qilsam, sudga berishdi»

«Credit House» to‘lagan pulini qaytarishni so‘ragan mijozini sudga ham bergan. Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, «In Fin Stroy Invest» («Credit House»ga aloqador firma) bilan birlamchi bozordan uy olish maqsadida 2023 yilning avgust oyida shartnoma tuzgan xaridor 300 mln so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan. Unga berilgan uyning kadastri uzog‘i bilan 2-3 oyda chiqishi aytilgan bo‘lsa-da, amalda bunday bo‘lmagan. Toqati toq bo‘lgan, firmaga nisbatan ishonchi so‘ngan jabrlanuvchi 2024 yilning sentabr oyida to‘lov qilgan umumiy 440,5 mln so‘m pulini qaytarishini so‘rab, ariza yozgan. Firma rahbariyati 60 kun ichida uning puli muammosiz qaytarilishini aytgan. Ammo belgilangan vaqt o‘tsa-da, mablag‘ qaytarib berilmagan. Noyabr oyidagi qayta murojaatga firma rahbarlari yil oxiri bo‘lganligi uchun ularda pul yo‘qligini, 2025 yilning yanvar oyida ishni hal qilishini aytishgan.

«2025 yilning yanvar oyida «Credit House»ning ofisiga keldim. Bularning menga nisbatan muomalasi o‘zgarib qolganini darrov payqadim. Menga to‘liq summa qaytarilmasligini, 100 mln so‘m pul ushlab qolinishini aytishdi. Jahlim chiqib ketdi. Ularga ayb menda emasligi, uyning kadastri chiqmaganligi uchun muammo yuzaga kelganligini aytdim. O‘sha yerda mazam qochib qoldi, uyga qaytdim. Keyin bilsam, ular meni dekabrda sudga berishgan ekan. Birinchisiga bormadim, ikkinchi sud 19 martga belgilangan. O‘zi bularning ishi tergovda bo‘lsa, juda katta miqdorda pulni o‘zlashtirishda gumonlanyapti. Qanaqasiga o‘zining pulini talab qilgan odamni sudga berish mumkin», deydi u.

Birlamchi bozordan uy olib, kadastri chiqqan va o‘sha uyda yashayotganlar boshqa bir muammo bilan yuzlashishgan. Ularning uyi banklarga garovga qo‘yilib, katta miqdorda kredit olingan. Murojaatchilar uylariga «Anorbank» va «Apeksbank»dan xodimlar kelib, oxirgi oylarda kredit mablag‘lari to‘lanmayotgani haqida aytishganidan keyin bundan xabar topishgan.

“1+1 aksiya”  

«Credit House» oxirgi 3 oylik (2024 yil noyabr – 2025 yil yanvar) ish faoliyati davomida odamlardan juda katta miqdorda naqd pul yig‘ishga harakat qilgan. Xususan, mijozlariga “1+1 aksiya”sini e’lon qilgan. Masalan, 50 mln so‘m pul to‘lansa, bu 100 mln so‘mga teng hisoblanishi, 40 mln so‘m to‘langanda esa 80 mln so‘m hisoblanishini aytishgan. Bunga ishonib qolgan mijozlar katta miqdorlarda pullarni to‘lab ham ulgurishgan.

Bundan tashqari, ikkilamchi bozordan uy olib berish vaji bilan chet el valutasida ham katta miqdorda pul qabul qilingan. Bu mablag‘larning firma hisob raqamiga kirim qilingan yo qilinmagani noma’lum. Kun.uz ixtiyorida firma xodimlarining katta miqdorda chet el valutasini naqd pul ko‘rinishida qabul qilayotganligini tasdiqlovchi videolavhalar mavjud.  

Firibgarlik ayblovi bilan jinoiy ish ochilgan

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shoxrux G‘iyosovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, «Credit House» va «In Fin Stroy Invest» MChJ mansabdorlariga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan «In Fin Stroy Invest» va «Credit House» MChJ rahbari B.D. va jamiyatning boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan 05.02.2025 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida jamiyat rahbari B.D.ga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan ayblov e’lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilib, barcha aybdorlarni tergovga jalb qilish va yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi IIV rasmiy izohida.

Guruh tepasida kim turgan?

Kun.uz o‘z manbalari orqali IIV ma’lumotida qamoqqa olingani aytilgan B.D.ning shaxsini aniqlashga urinib ko‘rdi. Bu – Dmitriy Viktorovich Bajyenov bo‘lishi mumkin.

Xorijiy nashrlar xuddi shu ism-familiyadagi shaxs bundan oldin Rossiyada katta miqdorda firibgarlik jinoyatida aybdor deb topilib, qamalgani haqida yozgan. Unda aytilishicha, Bajyenov o‘zining kameradoshi o‘rniga sud majlisida qatnashib, 2009 yil iyulida Moskvadagi №4 tergov izolyatoridan (SIZO-4) qochib ketadi. Dmitriy Bajyenov taxminan bir yil davomida erkinlikda yurgan. 2010 yil 12 avgust kuni u Moskvadagi «Proletarskaya» metro bekati yonida huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur shaxs va «Credit House»ning qamoqqa olingan mansabdorining ism-familiyasi, tug‘ilgan yili va joyi bir xil. Jabrlanuvchilarga ko‘ra, kompaniya vakili Shoira Rahimova Dmitriy Bajyenov Moskvada firibgarlik ayblovi bilan «o‘tirib chiqqanini» tasdiqlagan, ammo u ishlarda uning aybi bo‘lmaganini, balki «nohaq» qamalganini aytgan.

Murojaatchilarga «Credit House» vakillari ularning muammosi 1 martgacha hal qilinishini va’da berishgan, keyin bu muddat 10 martgacha cho‘zilgan. Ammo hech qanday tayinli o‘zgarish bo‘lmagan. Kompaniya vakili Shoira Rahimova «Credit House» va unga aloqador tashkilotlarni Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tekshirayotganini, ular ijobiy xulosa berishsa bankdagi hisob raqami ochilishiga ishontirgan. Kun.uz muxbiri Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati bilan bog‘lanib, ushbu tashkilot tarkibidagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi «Credit House» MChJ ustidan tekshiruv o‘tkazyaptimi, degan savol bilan yuzlandi. Ma’lum qilinishicha, inspeksiyada bu bo‘yicha tekshiruv yo‘q va mazkur tuzilma xususiy firmalar bilan ishlamaydi.  

Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.

Doston Ahrorov
Kun.uz

Mavzuga oid