Jahon | 18:13 / 26.06.2025
2634
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarning qurilishdagi ulushi ma’lum qilindi

Mamlakat qurilish sanoatidagi har oltinchi ishchi xorijlikdir. Bu sohadagi migrantlarning aksariyati Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya qurilish sanoati asosan chet el ishchilariga bog‘liq. Bu haqda «Natsionalnoye ob’yedineniye stroiteley» (NOSTROY) uyushmasi rahbari Anton Glushkov ma’lum qildi, uning so‘zlaridan TASS iqtibos keltirdi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya qurilish sanoatidagi har oltinchi ishchi mamlakatga ishlash uchun kelgan xorijlikdir. Bu sohadagi migrantlarning aksariyati Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan. Ayni paytda mamlakatdagi xorijiy ishchilarning umumiy soni 6,7 millionni tashkil etadi, deb xulosa qildi Glushkov.

Rossiyada so‘nggi o‘n yillikdagi migrantlarning faol oqimi 2024 yilda qayd etilgan, deb qo‘shimcha qildi u. Mamlakatga asosan qo‘shni davlatlardan xorijliklar ishlash uchun kelgan. O‘tgan yili mamlakatga 4 million migrant kirib kelgan, 3,5 millioni esa chiqib ketgan. «Yarim millionga o‘sish so‘nggi 10 yildagi rekorddir», dedi Glushkov.

Shunga qaramay, Rossiyada qurilish sohasida kadrlar yetishmasligi bilan kurashish hali ham imkonsiz. 2022 yil bahorida bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin buni sanoat uchun asosiy muammolardan biri deb atagan edi. Shundan beri vaziyat deyarli o‘zgarmadi. Fevral oyining birinchi yarmida Qurilish vazirligi boshlig‘i o‘rinbosari Sergey Muzichenko qurilish sohasining asosiy muammosi sifatida malakali ishchilar yetishmasligini aytdi.

Vazirlik rahbari Irek Fayzullin so‘zlariga ko‘ra, qurilish sohasida kadrlar yetishmovchiligi bir million kishini tashkil etadi. Migrantlar xizmati platformasi direktori Andrey Kladov qurilish sohasida kadrlar tanqisligini umumiy xodimlar sonining 16-17 foizi darajasida bashorat qildi. Yaqin kelajakda ish beruvchilar deyarli barcha malakaga ega mutaxassislarni, jumladan, deraza montajchilari, monolitchilar va suvoqchilarni ishga olishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi haqida ogohlantirdi.

Mavzuga oid