Jahon | 12:02 / 30.06.2025
9244
6 daqiqa o‘qiladi

Urush tugadi, endi Isroil va Eron nima qiladi?

Yaqin Sharqda 12 kun davom etgan urush tugadi. Isroil va Eron odatdagidan ko‘proq urushdi, mintaqada kayfiyat o‘zgardi. Eron arab davlati hududiga raketa uchirdi, endi arablarning forslar bilan munosabati yanada murakkablashadi. Biroq urush Yaqin Sharqning «oyog‘ini osmondan qildi» deb ham aytolmaymiz. Urush tugagach, ko‘pchilikda savol paydo bo‘ldi: endi mintaqa tinchiydimi? Quyida bu boradagi shaxiy fikrimni bildirmoqchiman

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil nima qiladi?

Eronga qarshi urush boshlanishining eng katta orzumandi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu edi. Chunki HAMASga qarshi urushning oxiri ko‘rinib qolgan, asirlar qaytarilmayotgandi. Bu urush uzoq davom etgan sayin Netanyahuning kursisi qimirlayverdi. Bunday vaqtda faqat yangi urush Bibini hukumatda qoldirishi mumkin edi. AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton ham xuddi shunday dedi. Uning fikricha, Netanyahu Eronga qarshi urush boshlash orqali hukumatda uzoqroq vaqt qolishni maqsad qilgan.

Endi Eron bilan urush tugadi. Netanyahu bu – mamlakat tarixidagi eng zo‘r urush bo‘lgani, asosiy dushman Eron kuchsizlantirilgani haqida kunda-kun ora maqtanib turibdi. Lekin Netanyahuning bu gaplarini isroilliklar kutilganidek entuziazm bilan kutib olishmayapti. Isroilda g‘alaba kayfiyatidan asar ham yo‘q, chunki urush absurd iddao bilan boshlandi.

Endi Netanyahu yana bir-ikki vaqt Eronga qarshi urush bilan maqtanib yuradi, lekin bir kun kelib isroilliklarning toqati toq bo‘ladi. Urush shunchaki hukumatda uzoqroq qolish uchun ajoyib vosita ekanini tushunib yetishadi. Ana o‘shanda Netanyahu uchun qiyin kunlar keladi. Menimcha, u navbatdagi marta HAMASga qarshi operatsiya o‘tkazishga harakat qiladi. Bir necha asir G‘azoda qolayotgani uning uchun ayni muddao bo‘ladi.

Yoki bo‘lmasa, Yamandagi husiychilarga qarshi birorta romantik nom topib operatsiya boshlashi mumkin. Lekin anig‘i shuki, endi Netanyahu Eron bilan urush boshlolmaydi. Chunki bu urushga Amerika qalin qilib nuqta qo‘ydi, ham harbiy, ham siyosiy planda. Vashington nuqta qo‘yganidan keyin «gapni davom ettirish»ga kimning haddi sig‘ardi.

Eron nima qiladi?

Eronda vaziyat osonroq, chunki bu davlatda boshqaruv, jamiyat boshqacha. Endi rahbar Ali Xominaiy ancha vaqt eronliklarni «Isroil va AQSh yanchib tashlangani» haqida ma’ruzalar atrofida birlashtirishi mumkin. Bu borada Eron hukumati yaxshigina adrenalin to‘plab oldi. Eronliklardagi ko‘tarinki bayram kayfiyati amaldagi hukumat mavqeyini faqat mustahkamlaydi.

Eronliklar Xominaiy yoki Pizishkiyondan «Janoblar, Isroil samolyotlari osmonimizda kortej bo‘lib uchdi, bu nima gap axir?» deb hisob so‘ramaydi. So‘raganlara «ko‘p gapirmay g‘alabadan masrur bo‘lish» tushuntiriladi.

Amerika Eron bilan yadro kelishuvi borasida muzokara o‘tkazmoqchi. Ishonchli manbalarga ko‘ra, bu uchun katta pul sarflashga ham tayyor. Lekin bu kelishuv baribir imzolanmasa kerak. Chunki Eron hech qanaqasiga yadro dasturidan voz kechmaydi. Axir Tehron bu dasturga o‘z mavjudligining yagona kafolati deb qaraydi.

Shunday ekan, Donald Trampning bu galgi sa’y-harakati ham besamar ketsa kerak. O‘zi AQSh prezidenti har zamon shunaqa ekstrordinar qarorlar qabul qilib turadi. Avvalgi muddatida Shimoliy Koreya bilan kelishaman deb Kim Chen In bilan ko‘rishgan, hatto Koreya davlatlari chegarasiga ham borgandi. Endi Eronni yadro dasturidan voz kechishga ko‘ndirmoqchi bo‘lyapti.

Yana bir jihat. Endi Eron proksi guruhlarni tiklab, ularni Isroilga qarshi qo‘yishi ham oson bo‘lmaydi. HAMAS yo‘q bo‘ldi hisob, «Hizbulloh» siyosiy partiyaga o‘xshab qoldi, husiychilar faqat kemalarga hujum qila olyapti. Shu bois, Eronda rahbar boshchilik kengash kattagina majlisda yig‘ilib, Isroilga qanday qarshi turish masalasini qayta ko‘rib chiqishsa kerak. Ya’ni, dushmanlik masalasi «perezagruzka» qilinadi, katta ehtimol.

Lekin...

Eron va Isroil o‘rtasida dushmanlik harorati pasaydi, endi ancha vaqt mintaqa tinchib qoladi, deyishga erta. Mana shu 12 kunlik urushda eng yomon narsa sodir bo‘ldi: har ikki davlat bir-biriga bor kuchi bilan hujum qildi. Va o‘sha gap – osmon uzilib yerga tushmadi. Buyog‘iga har qanday kichik tushunmovchilikdan keyin ham Isroil va Eron bir-biriga raketa otsa, ajablanmang. Chunki bu ikkovi qonning hidini oldi, qonning xumori yomon bo‘ladi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid