Jahon | 12:29
13508
11 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning birinchi milliarderi – Jon Rokfeller qanday boyigan?

Jon Rokfeller 7 yoshidayoq kurka boqib sotadi. Qo‘shnining kartoshkasini kovlab berib pul topadi. U har bir topgan sentini qanday qilib orttirganini kichik daftarchaga qayd qilib boradi. Keyinchalik u AQShda birinchi bo‘lib milliard dollar ishlab topadi va tarixda qoladi.

1861 yilga kelib AQShda davlat tuzumi tahlika ostida qoladi. Chunki prezident Avraam Linkolnning mamlakatda quldorlik va qul savdosini tugatish haqidagi qonun loyihasi janubiy shtatlardagi boylarga yoqmaydi.

Shundan so‘ng bu shtatlar birin-ketin AQSh tarkibidan chiqqanini e’lon qiladi va Amerika Konfederativ Shtatlari deb nomlangan yangi davlat tuzadi. Urush boshlanadi.

AQSh tarixida “Fuqarolar urushi” deb nomlangan bu urush 4 yil davom etadi va 1865 yil yozda janubliklarning mag‘lubiyati bilan tugaydi.

O‘shandan keyin AQSh hududida urush harakatlari bo‘lmagan. Balki shu sabab barcha iqtisodiy va moliyaviy ishlar bozor iqtisodiyotiga asoslangan bu davlat shiddat bilan rivojlana boshlaydi. Shunga yarasha avvaliga millionerlar, XX asr boshlarida esa milliarderlar paydo bo‘ladi.

Boyligini birinchi bo‘lib mlrd dollarga yetkazgan shaxs Jon Rokfeller edi. U bu natijaga 1916 yilda erishgan. O‘shandan buyon Rokfeller familiyasi boylik ramzini anglatadi.

Foto: alamy.com

Rokfeller qanday boyigan?

1839 yilda Nyu-York yaqinidagi Richford shahrida tug‘ilgan Jon Rokfellerning otasi ingliz-nemis, onasi esa shotland-irland ildizlariga ega edi. Oila katta yer maydoniga ega bo‘lib, otasi o‘sha davrda AQShda keng tarqalgan foizga pul berish bilan shug‘ullangan.

Keyinchalik, Jon o‘z otasi haqida shunday eslagan:

“U hatto men bilan ham savdolashar, hech narsani tekinga berib yubormasdi. Meni oldi-sotdi ishlariga u o‘rgatgan va keyinchalik tadbirkor bo‘lishimda otamning hissasi katta bo‘lgan. U shunchaki menga boyib ketish bo‘yicha turtki bergan va bunga qanday erishishni o‘rgatgan”.

Jon Rokfeller 7 yoshidayoq kurka boqib sotadi. Qo‘shnining kartoshkasini kovlab berib pul topadi. U har bir topgan sentini qanday qilib orttirganini kichik daftarchaga qayd qilib boradi. Keyinchalik u buxgalterlik hisobini yuritishni o‘rgatadigan kitob sotib oladi va uni qunt bilan o‘qib, o‘rganadi.

1853 yilda Rokfellerlar oilasi Klivlendga ko‘chib o‘tadi. Oilada olti nafar farzand bo‘lib, Jon ularning ikkinchisi edi. U 16 yoshida bir kompaniyaga buxgalter yordamchisi bo‘lib joylashadi.

Jon tez orada ishbilarmonlik qobiliyatini namoyon etadi va unga kompaniya rahbari lavozimini taklif qilishadi. Ammo avvalgi rahbar yiliga 2 ming dollar maosh olgan bo‘lsa, unga faqat 600 dollar berishni rejalashtirishadi. Bu shartga rozi bo‘lmagan Jon rahbarlikni qabul qilmaydi.

O‘sha paytda unda 800 dollar bor edi. 2 ming dollar sarmoyasi bo‘lgan ingliz tadbirkori sherik izlayotganini eshitgach, otasidan foizga pul olib, u bilan yangi kompaniya tashkil qiladi.

Ko‘p o‘tmay AQShda Fuqarolar urushi boshlanadi va davlat tomonidan turli mahsulotlarga yirik miqdorda buyurtmalar beriladi. Rokfeller va uning sherigi vaziyatdan foydalanib buyurtmalar olishadi va mahsulot yetkazib berib, ancha pul ishlab oladi.

1860-yillardan boshlab kerosinli lampalar ommalasha boshlaydi va shu tariqa neftga talab oshadi. Vaziyatni tezda ilg‘agan Jon neft qazib olish va uni qayta ishlash sanoatiga kirib keladi.

Standard Oil kompaniyasi va monopoliya

1870 yilda Jon ukasi Uilyam va yana bir necha tadbirkor bilan birgalikda Standard Oil kompaniyasini tashkil etadi. Neft mahsulotlariga talab oshgani sayin kompaniya rivojlanib boraveradi.

Standard Oil kompaniyasining eng birinchi tashkil etilgan ofislaridan biri

O‘sha paytlarda neft bochkalarda temiryo‘l orqali tashilgan. Jon o‘z raqobatchilarini sindirish uchun neftni qazib olish, tashish va qayta ishlash bilan bog‘liq kompaniyalarni sheriklikka chaqira boshlaydi. Ya’ni tarif bo‘yicha pul to‘lamaydi, balki ular qo‘shgan pulga hisoblab foydadan hissa ajratadi.

Masalan, o‘sha paytda bir bochka neftni temiryo‘lda tashish uchun Jon 10 sent, uning raqobatchilari esa 35 sent to‘lashgan. Chunki Jon faqat yukni ortish va tushirish uchun pul to‘laydi. Tashish unga tekinga tushadi.

Bu ishni u neft qazib oluvchi kompaniyalar bilan ham amalga oshiradi. Shu tariqa turli kompaniyalar Standard Oil tarkibiga hissador bo‘lib kira boshlaydi va kompaniya yiriklashib ketadi. O‘sha paytda 50 ga yaqin turli kompaniyalar Rokfeller qo‘l ostida jamlanadi.

1880 yilga kelib AQShdagi 95 foiz neft konlari Standard Oil tasarrufiga o‘tadi. Bundan foydalanib qolish uchun neft monopoliyasiga aylangan Rokfeller narxlarni keskin oshiradi. Bu boshqalarda norozilik paydo qiladi va Jonning kompaniyasi ustidan hukumatga shikoyatlar yog‘iladi. Shu voqealar sabab 1890 yilda AQShda monopoliyaga qarshi “Sherman qonuni” qabul qilinadi. Oqibatda Rokfellerga kompaniyasining bo‘laklanishi xavf sola boshlaydi.

Kompaniyaning bo‘laklanishi va birinchi milliarder

1911 yilda AQSh Federal sudi Standard Oil kompaniyasini monopol tashkilot deb topadi va uni bo‘laklash bo‘yicha qaror chiqaradi. Shundan so‘ng Rokfeller Standard Oil ni 34 ta kichik kompaniyaga bo‘lishga majbur bo‘ladi va barcha kompaniyalarda o‘zi asosiy hissador bo‘lib qoladi.

Keyinchalik ana shu 34 ta kompaniyaning aksariyati boshqa nomlar bilan mustaqil kompaniyalarga aylanadi. Bugungi kunda neft va gaz sohasida yirik kompaniyalar hisoblanuvchi ExxonMobil va Chevron kabilar ham bir paytlar Standard Oil ning bo‘linishi tufayli paydo bo‘lgan.

Garchi Standard Oil parchalangan bo‘lsa ham Rokfeller amalda bundan hech narsa yutqazmaydi. XX asr boshlarida avtomobil sanoati tez suratlarda rivojlana boshlagach uning pullari ham shiddat bilan ko‘paya boshlaydi.

Rokfeller boshqa sohalarga ham sarmoya kirita boshlaydi va turli kompaniyalarni qo‘lga kiritadi. Jumladan, 16 ta temiryo‘l, 9 ta ko‘chmas mulk qurish va sotish, 6 ta kemasozlik kompaniyalari, 9 ta bank, 6 ta po‘lat quyish korxonasi va 3 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermalarga ega bo‘ladi.

1916 yilda Jon Rokfeller insoniyat tarixida birinchi bo‘lib puli mlrd dollarga yetgan insonga aylanadi. 1930-yillarga kelib uning pullari 1,4 mlrd dollarga yetadi. Bu hozirgi hisobda 500 mlrd dollar atrofida bo‘ladi. O‘sha paytlarda Rokfellerning boyligi AQSh yalpi ichki mahsulot hajmining 1,54 foizini tashkil etardi.

Rokfellerning Klivlend shahri yaqinida qariyb 300 gektar yeri va villasi bo‘lgan. Shuningdek, Nyu York va Floridada ikkita hashamatli uyi, Nyu Jyersida golf maydoni bo‘lgan. U asosan Nyu York yaqinidagi villasida yashagan. Rokfeller 1937 yili 98 yoshida vafot etadi. Uning to‘rt farzandi bo‘lgan.

Jon Rokfeller bolalari va nabiralari bilan
Foto: alamy.com

Rokfeller markazi va universitetlar

Jon Rokfellerning pullari ko‘payib borar ekan, u avvaliga bir nechta universitet ochadi. Jumladan 1892 yilda Chikago universiteti, 1901 yilda Rokfeller nomidagi Tibbiyot universitetini, 1913 yilda xayriya maqsadlari uchun Rokfeller fondini tashkil etadi.

Chikago Universiteti
Foto: shutterstock.com
Rokfeller Universitetining umumiy ko‘rinishi
Foto: shiksha.com

Rokfeller juda ko‘p miqdorda pul orttirar ekan, umrining oxirroqlarida u barcha yig‘ganlarini farzandlariga tashlab ketishni xohlamaydi.

U bolalariga bor yo‘g‘i 240 mln dollarni meros sifatida qoldiradi. Qolgan pullarning bir qismiga Nyu York markazida Rokfeller markazini quradi. Ortganini esa xayriya qiladi. Rokfeller markazi Manxettendagi Beshinchi va Oltinchi avenyu oldida joylashgan qariyb 9 gektar yerda quriladi.

Markaz qurilishiga start berilganda Amerikada “Buyuk tushkunlik” deb atalgan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz boshlangandi. Shunda Jon Rokfellerda ishni davom ettirish yoki undan voz kechib barcha xarajatlarga kuyish masalasi ko‘ndalang bo‘ladi. Rokfeller birinchi yo‘lni tanlaydi va qurilishni davom ettirishga qaror qiladi.

Rokfeller markazi AQSh tarixidagi eng yirik loyiha hisobladi. Markaz uchun bir necha yil davomida 19 ta turli o‘lchamdagi va balandlikdagi binolar quriladi. Ularning eng balandi 70 qavatli osmono‘par bino edi. Bu binoning bir tomoni tor, ikkinchi tomoni keng bo‘lgani uchun u “Plita” (The Slab) deb ataladi.

Foto: hdw.eweb4.com
Rokfeller markazi shunday ko‘rinishda qurilgan va u hozirgacha o‘zgarmasdan saqlanib turibdi.
aaaunion.ru

1988 yilda Rokfeller markazidagi osmono‘par bino RCA Building, keyinroq GE Building deb nomlanadi. Rokfeller markazidagi binolar hozirgi kungacha saqlanib qolgan va ular boshida qanday rangda bo‘lsa, hozir ham shunday turibdi.

1989 yilda markazni Yaponiyaning Mitsubishi korporatsiyasi sotib oladi. 2007 yilda markaz AQShning eng yaxshi 150 ta binosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Jahonga mashhur “Forbs” jurnali Jon Rokfellerga “Insoniyat tarixidagi eng boy odam” deb ta’rif bergan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid