Jahon | 23:03 / 11.03.2025
5583
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkdagi o‘rmon yong‘inlari nima sababdan kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi

8 mart kuni boshlangan yong‘in oqibatida 240 gektar maydon yonib ketdi. Shuningdek, ikki nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat oldi.

Foto: 106 Rescue Wing

Nyu-Yorkda yuz bergan o‘rmon yong‘inlari mahalliy aholining ehtiyotsizligi oqibatida yuzaga kelgan. Bu haqda shtat rasmiylariga tayanib, AOL nashri xabar berdi.

Saffolk okrugi politsiya komissarining aytishicha, amaldagi «ishchi versiya»ga ko‘ra, yong‘in Menorvill qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan biri olov yoqish uchun kartondan foydalangani oqibatida kelib chiqqan.

Detektivlar shanba kuni boshlangan kuchli shamol cho‘g‘ni tezda tarqatib, Long-Aylend sharqida to‘rtta o‘rmon yong‘inini yuzaga keltirgan deb hisoblamoqda. Yong‘in oqibatida 600 akr yer (240 gektar) kulga aylangan. 9 mart kuniga kelib Payn-Barrensdagi eng katta yong‘in o‘chog‘i o‘chirilgan, qolgan hududlardan yong‘in nazoratga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, alangaga qarshi kurash davomida ikki nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat olgan, jumladan, ulardan birining yuzi kuygan. Shuningdek, ikkita tijoriy binoga shikast yetgan, biroq birorta turar-joy binosi zarar ko‘rmagan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar boshlarida Los-Anjyeles okrugida yong‘inlar boshlangan edi. Ushbu yong‘inlar oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lgan, 16 mingga yaqin inshoot yonib ketgan yoki shikastlangan, 180 ming kishi evakuatsiya qilingandi. Yong‘inlar yetkazgan zarar 250 milliard dollarga baholangan.

Mavzuga oid