Jahon | 15:30 / 07.03.2025
5085
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp vakillari Zelenskiyning siyosiy raqiblari bilan yashirincha uchrashgan

Esingizda bo‘lsa, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga bosim o‘tkazishga zo‘r bergan vaqtlarda uning reytingi 4 foizgacha qulagani, Kiyev saylov o‘tkazishi kerakligini aytgandi. Tramp va respublikachilar ommaviy chiqishlarida bu mavzuga qaytmay ketishdi. Biroq Trampning odamlari Zelenskiyning siyosiy raqiblari bilan uchrashib, saylov masalasini muhokama qilgani ma’lum bo‘ldi.

Poroshenko va Timoshenko bilan

Avvaliga Politico nashri Trampning odamlari Ukrainada prezident Zelenskiyga siyosiy raqobat qilishi mumkin bo‘lgan ikki siyosatchi – Petro Poroshenko va Yuliya Timoshenko bilan aloqaga chiqqani haqida xabar tarqatdi. Unda aytilishicha, AQSh prezidenti vakillari Timoshenko va Poroshenko bilan vaqtincha sulh tuzilgan, lekin tinchlik muzokaralaridan oldin saylov o‘tkazish masalasini muhokama qilishgan.

Oddiy so‘z bilan aytganda, Zelenskiy bo‘ysunmayotganidan jahli chiqqan Trampning odamlari Poroshenko va Timoshenko bilan ko‘rishgan. «Yuliya xonim, janob Petro, agar Ukrainada saylov bo‘lsa, sizning unda g‘alaba qozonish imkoniyatingiz qanday? Agar biz sizni qo‘llab, saylovda yutishingizga yordam bersak, Zelenskiy kabi qaysarlik qilmay, biz aytgan ishlarni qilasizmi?» degan katta ehtimol. Albatta, to‘g‘ridan to‘g‘ri bunaqa deyishmaydi. Lekin men sizga gapning indallosini tushuntirish uchun shunday misol qildim.

Ukrainada saylov o‘tkazilgan taqdirda kimning imkoniyati yaxshi ekani haqida video tayyorlagandik. Unda Zelenskiy bilan birga Valeriy Zalujniy va Kirilo Budanovning imkoniyati yaxshi ekanini aytganmiz. Bu ikki nomzod esa muzokaralarda Zelenskiydan yumshoqroq pozitsiyada bo‘lmasligi aniq. Shu sabab Tramp ma’muriyati jahl ustida nisbatan gapga kiradigan nomzod qidira boshlagani taxmin qilish mumkin bo‘lgan ssenariy.

«Hozir saylov o‘tkazadigan vaqt emas»

Biroq Tramp vakillarining rejalari chippakka chiqqan ko‘rinadi. Chunki Politico yashirincha o‘tganini xabar bergan uchrashuvlar haqida ikki siyosatchi o‘z sahifalarida yozib chiqishdi. Poroshenko amerikaliklar bilan Ukraina manfaati yo‘lida ochiq ishlab kelgani, bunday uchrashuvlarni amaldagi hukumat bilan kelishib tashkil qilish tuzukligini aytgan. Shuningdek, Poroshenko Ukraina hukumati va AQSh o‘rtasidagi muloqot yo‘qolishini katta xatar deb atagan. Ukraina sobiq prezidenti urush vaqtida mamlakatda saylov o‘tkazish xato ekanini aytgan.

Yuliya Timoshenko ham amerikaliklar bilan uchrashuv o‘tkazganini tasdiqlab, urush vaqtida Ukrainada saylov o‘tkazish haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasligini aytgan. Timoshenko chindan Zelenskiyning raqibi hisoblanadi. Lekin urush boshlangach u ukrainlarni prezident Zelenskiy atrofida birlashishga chaqirgandi.

Shu o‘rinda oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, Poroshenko va Timoshenkoning reytingi uncha yuqori emasligini ta’kidlash kerak. Politico yuqoridagi xabarni e’lon qilarkan, Ukrainada Zelenskiyning reytingi hamon eng yuqori – 44 foiz ekanini qayd etgan. Eng yaqin ta’qibchi Valeriy Zalujniyning reytingi 21 foiz, Poroshenko va Timoshenkoning reytingi mos ravishda 10 va 5,7 foiz ekani qayd etilgan.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

 

Mavzuga oid