O‘zbekiston yanvarda eng ko‘p oltin sotib olgan davlatga aylandi
O‘zbekiston Markaziy banki 2025 yil yanvar oyida 8 tonna sof oltin xarid qilib, o‘z oltin zaxiralarini 391 tonnaga yetkazdi, deya ma’lum qildi Jahon oltin kengashi.

Foto: Getty images
2025 yilning ilk oyida O‘zbekiston eng yirik oltin xaridoriga aylandi, deya xabar bermoqda Jahon oltin kengashi (WGC).
Yanvarda markaziy banklarning sof oltin xaridlari 18 tonnaga yetdi. Bunda rivojlanayotgan mamlakatlarning markaziy banklari yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston, Xitoy va Qozog‘iston eng yirik xaridorlar sifatida ajralib turdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 8 tonna oltin sotib olib, umumiy oltin zaxiralarini 391 tonnaga yetkazdi. Natijada qimmatbaho metallning mamlakat xalqaro zaxiralaridagi ulushi 82 foizga yetdi.
Xitoy Xalq bankining oltinga bo‘lgan qiziqishi yuqoriligicha qolmoqda. XXB ketma-ket uchinchi oyda ham sof xarid amalga oshirib, yanvar oyida 5 tonna oltin sotib oldi. Shu tariqa, oy oxiriga kelib, XXRning oltin zaxiralari 2 285 tonnaga yetdi, bu – mamlakat umumiy xalqaro zaxiralarining 6 foizini tashkil etdi.
Qozog‘iston ham oltin zaxiralarini oshirdi. Qozog‘iston Milliy banki 4 tonna oltin sotib oldi. 2025 yil 17 yanvar kuni matbuot anjumanida QMB raisi Timur Suleymenov bank “oltin xaridlarida pul-kredit neytralligiga o‘tish” masalasini muhokama qilayotganini ta’kidlab, bunda asosiy maqsad xalqaro zaxiralarni oshirish va iqtisodiyotni tashqi zarbalardan himoya qilish ekanini bildirdi. Shuningdek, QMB oltin xaridlariga bog‘liq bo‘lgan “aks ta’sir operatsiyalari” doirasida AQSh dollarini sotishni boshlaganini e’lon qildi. Qozog‘istonning umumiy oltin zaxiralari 288 tonnaga yetdi, bu esa mamlakat xalqaro zaxiralarining 55 foiziga teng.
Shuningdek, Polsha Markaziy banki (3 tonna), Hindiston Rezerv banki (3 tonna), Chexiya Milliy banki (2 tonna) va Qatar Markaziy banki (1 tonna) 2025 yil yanvar oyida sof xaridlarini davom ettirdi.
Oy davomida Rossiya va Iordaniya markaziy banklari har biri 3 tonnadan, Qirg‘iziston Milliy banki esa 2 tonna oltin sotgani qayd etildi.
Jahon oltin kengashi tahlillariga ko‘ra, harbiy mojarolardan iqtisodiy keskinliklarga o‘tish jarayoni ayniqsa 2022 yildan buyon markaziy banklarning oltin xaridlarini oshirish tendensiyasini mustahkamladi. Ko‘plab markaziy banklar oltin narxining vaqtinchalik pasayishlaridan unumli foydalangan holda strategik xaridlar amalga oshirdi. Aksincha, oltin narxi keskin oshgan paytlarda sotuvlar cheklangan va asosan taktik xarakterga ega bo‘lgan.
“Markaziy banklarning oltinga bo‘lgan barqaror qiziqishi uning rivojlanayotgan geosiyosiy xatarlar sharoitida strategik ahamiyatga ega aktiv ekanini yana bir bor tasdiqlaydi”, – deyiladi WGC tahlilida.
O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, yanvarda O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 1,7 mlrd dollarga oshib, 42,9 mlrd dollarga yetgan. Zaxiralarning oltin qismi 3 mlrd dollarga oshib, 35 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Zaxiralar umumiy qiymatining o‘sishi oltin qimmatlashayotgani bilan bog‘liq: “moliyaviy yostiqcha”ning oltin qismi 32 mlrd dollardan 35 mlrd dollarga yetgan. Oltinning sof fizik hajmi esa birozgina oshgan: dekabrda 12,30 mln troya unsiyani tashkil qilgan bo‘lsa, yanvarda 12,56 mln troya unsiyaga yetgan.
Mavzuga oid

18:43 / 05.03.2025
Kredit olishni o‘ziga taqiqlash imkonini beruvchi qonun qabul qilindi

16:49 / 27.02.2025
25 yil oldingi 100 ming so‘m hozir qanchaga teng? – MB inflatsiya kalkulyatorini ishga tushirdi

19:49 / 22.02.2025
Navoiydagi 31 ta kon xitoyliklarga sotilgani rad etildi

12:29 / 14.02.2025