Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Noshirlik faoliyatiga oid qonun o‘zgaryapti, kitoblarga senzura joriy etiladimi? – mutaxassislar bilan suhbat
Jamoatchilikka ochiqlanmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri parlamentga kiritilgan qonun loyihasida nashriyotlar uchun bosh muharrirning huquqiy maqomi, vazifa va majburiyatlari belgilanayotgani aytilmoqda. Kun.uz'ga intervyu bergan soha egalariga ko‘ra, hujjat bilan kitoblarga ma’naviy-ma’rifiy, estetik talablar qo‘yilmagan. “Amaldagi qonunga ko‘ra, kitoblarga senzura mumkin emas. Muhokamada qatnashganlar aytishdiki, bu punkt bo‘yicha hech qanaqa o‘zgarish yo‘q”, – deydi suhbatda qatnashgan mutaxassislardan biri.

“Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidan Senatga yuborildi. Hujjat 3 o‘qishda 7 hamda 15 iyul sanalarida ko‘rib chiqilgan. Bu bilan nashriyotlarda bosh muharrirning huquqiy maqomi, qolaversa, vazifa, majburiyatlari belgilanishi kutilmoqda.
Loyiha jamoatchilikka e’lon qilinmagan. Quyi palataning rasmiy sahifalarida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va estetik talablarga mos kelmaydigan adabiyotlar chop etilishining oldini olishga, qolaversa, kitoblarda tarixiy, ilmiy va ommaviy ma’lumotlar aniq bo‘lishiga qaratilgan (ayni vaqt xabar tahrirlanib, o‘zgartirilgan).
Loyiha jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ayrim faollar bu bilan nashriyotlarga senzura joriy etilishidan xavotirda. Kun.uz mavzu atrofidagi savollarga javob olish, qolaversa, hozirda sohadagi vaziyatni tahlil qilish uchun bir nechta nashriyot egalari bilan suhbat uyushtirdi.
Unda O‘zbekiston nashriyoti bosh muharriri Muhiddin Omon, O‘zbekiston noshirlar va kitobsavdo milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Erkin Abdurahmonov hamda “Asaxiy books” loyihasi asoschisi Firuz Allayev ishtirok etdi. Quyida intervyudan qisqa sharh keltiriladi.
Hujjat bilan nima nazarda tutilyapti?
Dastlab Muhiddin Omon qonun loyihasida nimalar nazarda tutilayotganini tushuntirarkan, uning senzuraga daxli yo‘qligini aytdi.
“O‘sha kiritilayotgan o‘zgartirishlar asosan nashriyot faoliyatida bosh muharrirning huquqiy maqomini, uning bo‘lishi muqarrarligini, vazifalarini – umuman nashriyot faoliyatiga amaldagi tartib-qoidalarga mas’ul bo‘lgan shaxsni belgilash bilan bog‘liq. Tasavvur qiling, har qanday nashriyot muayyan yo‘nalishdagi kitoblarni chop etishga ixtisoslashgan bo‘ladi. Aytaylik, unga butunlay o‘ziga ixtisoslashmagan bir yo‘nalishdagi kitoblar [uchun] ham murojaat kelib tushadi.
Shunda ular tekshiruvdan o‘tkazish uchun o‘sha soha bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan mas’ul muharrirlarni yollashi mumkin. Masalan, bizda mutaxassis yo‘q, aytaylik, tibbiyot bo‘yicha yoki bo‘lmasa, yana bir kibernetika sohasi bo‘yicha, matematikaning chuqur bir ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida mutaxassisimiz yo‘q.
Shu ma’noda bosh muharrir o‘sha kitobni mukammal har tomonlama ham ilmiy, ham bugungi talab nuqtayi nazaridan javob beradigan talqinlari, ham o‘quvchilarga tushunarli bo‘ladigan ilmiy ommabop nashr nuqtayi nazaridan qayta ishlashga jalb qilishi mumkin. Bu bosh muharrirning vazifasi”, – dedi u.
Muhiddin Omonga ko‘ra, bugungi kunda 600 ga yaqin nashriyotdan qariyb 50 foizida bosh muharrir yo‘qligi sabab ko‘plab kitoblar xato, kamchiliklar bilan chiqyapti, bu esa nashriyotlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilmoqda.
“Necha yillik faoliyatim davomida bir narsani aniq bilaman, o‘sha bosh muharrir butun nashriyotning faoliyati konsepsiyasini ishlab chiqadi. Uning qaysi yo‘nalishda, kimlar bilan ishlashini [belgilaydi], marketologlar bilan bozor ehtiyojlarini o‘rganadi — bularning hammasi nashriyotning yuragi, miyasi deylik, bosh muharrir bilan hal qilinadi. Shu ma’noda qonunga kiritilayotgan, bosh muharrir oldiga qo‘yilayotgan vazifalarning hammasi haqqoniy va bugungi kun talabidan kelib chiqayotgan voqea, hodisa, talab”, – dedi Omon.
Ma’naviy, ma’rifiy va estetik talablar qo‘yilishining o‘zi noto‘g‘ri
Qonun loyihasi ishlab chiqilishida ishtirok etgan mutaxassis Erkin Abdurahmonov bu tashabbus bilan nashriyot bosh muharrirlari uchun minimal talab sifatida 3 yillik ish staji qo‘yilayotganini, buni 5 yil qilish borasida takliflar kiritilayotganini ma’lum qildi.
“Mana shu bosh muharrirlarga besh yillik staj belgilash degan talabni Oliy Majlis deputatlariga taklif qilib kiryapmiz. Negaki, sohaning ixtisoslashuvi, sohaning rivojlanishi bugungi kunda shu talabni olib kirishga majbur qilyapti. Shaxsan men shu sohani o‘rganib chiqib [ko‘rdimki], bugun yangi yosh noshirlarimiz, tajribasi yo‘q, malakasi yo‘q insonlarni kirib kelishida ma’lum bir salbiy voqeliklar vujudga keldi. Xatolarning ko‘payishi, kitoblardagi juda ko‘p, mana hozir kitoblar hatto yig‘ib olindi bir necha barobar, o‘sha jamiyatga xavf soladigan darajadagi kitoblar nashr etila boshlandi.
Buning negizida shu sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning tajribasizligi [turibdi]. Ular buni ataylab qilmasligi mumkin, o‘sha tajriba yo‘qligi tufayli ko‘p xatolik yuzaga keldi va sohaning kerak bo‘lsa, o‘sha saviyasining tushishiga, kitobxonlarning haqli e’tirozlariga juda ko‘p duch keldik”, – dedi u.
Shuningdek, Abdurahmonov hujjatda kitoblar uchun ma’naviy-ma’rifiy, estetik talablar aks etmagani, u deputat tomonidan yangragan shunchaki fikr ekanini va bu chiqish xato bo‘lganini bildirdi.
“Shuni tushunishimiz kerak. Ertaga, masalan, o‘sha kitobda chiqqan saviyasi past yoki o‘sha jamiyatda bir e’tirozga sabab bo‘lgan kitoblar nashr etilsa, bosh muharrirga mas’uliyat yuklanyapti. Asosiy maqsad shu. Demak, mas’uliyatni olgan bosh muharrir o‘sha xatolarga yo‘l qo‘ymaydi.
[Ma’naviy, ma’rifiy va estetik talablar] qo‘yilishining o‘zi noto‘g‘ri. Bu o‘sha deputatimizning gapirgan gaplaridagi maqsadlarini hozir bunday talqin qilishyapti deb baholadim. Mana shunaqa vaziyatlardan biz o‘rganishimiz kerak, jamiyat ham, o‘sha deputatlarimiz ham. Bu – juda yaxshi vaziyat”, – dedi suhbatdosh.
Qonunga ko‘ra kitoblarga senzura mumkin emas
Feruz Allayev ham nashriyotlar uchun bosh muharrir qo‘yilishiga oid talab to‘g‘ri ekanini, lekin qonundagi ba’zi punktlar yuzasidan xavotiri borligini ta’kidladi.
“Hozirgi amaldagi “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, kitoblarga senzura mumkin emas va [qonun loyihasi] muhokamasida qatnashganlar aytishdiki, bu punkt bo‘yicha hech qanaqa o‘zgarish yo‘q. [O‘zi] kitoblar senzura qilinishi mumkinmi degan joyda, ha. Bu xohlagan kontentga O‘zbekistonda qo‘yilgan talabga binoan, konstitutsiyaviy rejimga qarshi, millatlararo nizo uyg‘otadigan standart bor, lekin bu bo‘yicha qarorni sud berishi kerak.
Ya’ni chaqirib, “sen mana bunday qilding” deydigan alohida bir javobgar organ yo‘q. Odatda bu bo‘yicha ariza kiritiladi, ish ochiladi, tergov jarayoni bo‘ladi va oxirgi xulosani sud beradi. Agar shunaqa tizim qoladigan bo‘lsa, men unda hech qanaqa muammo ko‘rmayapman.
Ikkinchidan, bosh muharrirga tavsiyalar beriladigan bo‘lsa, deylik, hozir ilmiy qanaqadir kitobni tarjima qilganda kimningdir tavsiyasini olish tavsiya etiladi degan joyi bo‘lsa, okey, muammo yo‘q. Bosh muharrir kimningdir tavsiyasini oldi, xulosasini oldi, chiqardi. Lekin ertaga qanaqadir alohida odamning tavsiyasi rasmiylashtirilmagan holatda chaqirib, bosh muharrirni jazolaydigan bo‘lsa, “sen soha bo‘yicha tavsiya olmagansan” degan majburiyat yuklanadigan bo‘lsa, bu ertaga qaysidir kitoblarda muammo yaratishi mumkin. Shuning uchun ham hozircha yetib kelgan ma’lumotlar bo‘yicha qonun chiqsa yana aniqroq bilamiz”, – deydi tadbirkor.
Allayev bugungi kunda kitoblar ommaviy fikr shakllantiradigan axborot manbayi bo‘lmay qolganini, shu sabab sohaga senzura qo‘yish bilan O‘zbekistonda axborot nazoratini qo‘lga olib bo‘lmasligini, buni qonun ishlab chiquvchilar tushunishi kerakligini aytdi.
Suhbat davomida muhokama markazida bo‘lib turgan qonun loyihasiga oid yana bir qancha nuqtalar, qolaversa, hozirgi kunda nashriyotlar faoliyati, undagi kadrlar masalasi, tarjima kitoblarni chiqarishda taqiqlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Kun tartibidagi maishiy korrupsiya va zararni qoplaganga ozodlik - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 23:30 / 02.08.2025
-
Xitoyda erkak suv ostida 5 kun yashab, tirik qoldi
Jahon | 23:24 / 02.08.2025
-
AQSh Senati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ma’qullamasdan ta’tilga chiqmoqda
Jahon | 22:55 / 02.08.2025
-
AI-80 narxi, undan voz kechish va prisadkali AI-92 - Raqobat qo‘mitasi izohlari
Iqtisodiyot | 22:24 / 02.08.2025
Mavzuga oid

20:18 / 18.07.2025
Rossiyada WhatsApp’ni bloklashga tayyorlanishmoqda

19:30 / 16.07.2025
Yandex Books interfeysi endi o‘zbek tilida

11:40 / 16.07.2025
Axborot sohasida nazorat va monitoring sobiq AOKAdan O‘zkomnazoratga o‘tdi

20:36 / 28.06.2025