Jahon | 20:36 / 28.06.2025
2196
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram bir nechta OSINT kanallarni blokladi

Kanallar bir necha yillardan beri ishlagani va jamiyat qoidalarini buzmagani ta’kidlanmoqda.

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

Telegram messenjeri ochiq manbalarga asoslangan ma’lumotlarni e’lon qiladigan (OSINT) surishtiruv kanallaridan bir qanchasini ogohlantirishsiz va tushuntirishsiz blokladi. «Etichnyy xaker» kanali birinchi bo‘lib bunga e’tibor qaratdi, uning mualliflari kamida beshta shunday resurs mavjud emasligi haqida xabar berdi.

«Kanallarning har biri bir necha yillardan beri ishlagan va jamiyat qoidalarini buzmagan edi», deb da’vo qildi «Etichnyy xaker» mualliflari.

«Vajnyye istorii» nashrining yozishicha, Rossiya, Belarus va Gurjistonga tegishli bir qancha kanallar yopilgan. Ularning barchasi o‘z nomida OSINT (Open Source Intelligence — ochiq ma’lumotlar asosida razvedka) qisqartmasidan foydalangan.

«Biz Pavel Durov Ukraina mudofaa kuchlariga nisbatan nodo‘stona qadam tashladi, deb hisoblaymiz. Telegram amaliy, harbiy OSINT bilan shug‘ullanadigan deyarli barcha kanallarni blokladi... Ukraina OSINT kanallari rossiyalik harbiy jinoyatchilarni, texnika va askarlar to‘plangan manzillarni aniqlash, umuman olganda okkupantga qarshi kurash bilan shug‘ullangan», dedi «OSINT Bdjoli» loyihasi muallifi.

Kanallar bloklangani haqida jurnalist va Deutsche Welle faktchekeri Pavel Bannikov ham xabar berdi. Uning fikricha, Telegram bu qarorni o‘zi qabul qilmagan bo‘lishi mumkin — bunga bot hujumlari yoki ommaviy shikoyatlar sabab bo‘lishi mumkin. Messenjer vakillari hozircha vaziyatga izoh bermadi.

Mavzuga oid