O‘zbekiston | 11:40 / 16.07.2025
1776
2 daqiqa o‘qiladi

Axborot sohasida nazorat va monitoring sobiq AOKAdan O‘zkomnazoratga o‘tdi

Tugatilgan AOKAning axborot sohasida nazorat va monitoring bo‘yicha vazifa va funksiyalari O‘zkomnazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi. Shuningdek, AOKA huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidenti 14 iyul kuni «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmon imzoladi.

Farmonga asosan, Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatildi. Uning o‘rnida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etilmoqda.

Farmonga asosan, shuningdek:

  • AOKA huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi;
  • Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi;
  • Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi;
  • Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi;
  • Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 sentabrgacha quyidagilarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi:

  • byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish;
  • hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklar iqtisodiy, ma’muriy va moliyaviy vakolatlarini yanada kengaytirish.

Mavzuga oid