O‘zbekiston | 18:11 / 16.07.2025
1128
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Vengriya AES qurish loyihasi doirasida hamkorlik qiladi

O‘zbekistonda AES uchun quruq sovitish tizimlarini yirik uzelli yig‘ish tashkil etilishi mumkin.

Foto: O‘zatom

«O‘zatom» agentligi, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi hamda MVM EGI Zrt. kompaniyasi o‘rtasida AES qurilishi loyihasida hamkorlikning qator muhim yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni qayd etuvchi bayonnoma imzolandi.

«O‘zatom» xabariga ko‘ra, Vengriya delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida muhim hujjat tasdiqlandi.

Hujjat, jumladan, mexanik tortish kuchiga asoslangan quruq sovutish tizimlarini qo‘llash, uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha texnik-tijorat takliflarini tayyorlash, O‘zbekiston hududida quruq sovitish tizimlarini yirik uzelli yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish ishlarini boshlash, shuningdek, Vengriya tomonidan ta’lim dasturlari va stajirovkalarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Ta’kidlanishicha, bayonnomaning imzolanishi mintaqaviy darajada atom energetikasi sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya AES qurish bo‘yicha 2018 yilda shartnoma tuzgan, o‘shanda 1,2 GW quvvatga ega ikkita energoblok reja qilingandi. Keyinchalik shartnomaga o‘zgarish kiritildi va Jizzaxda kam quvvatli (330 MW) AES qurishga qaror qilindi.

2025 yil iyun oyida «O‘zatom» agentligi va Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha ham bitim imzoladi.

Mavzuga oid