Jahon | 16:48 / 13.07.2025
2017
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriyadagi eng qadimiy kutubxona qo‘ng‘izlar sabab yuz minglab kitoblaridan ayrilishi mumkin

O‘rta asrlarga tegishli kutubxonadan yog‘och qo‘ng‘izi aniqlangan. Endi kitoblar maxsus plastik paketlarga joylanib, dezinseksiya ishlari olib boriladi.

Foto: AP

Vengriyadagi Pannonhalma monastrida joylashgan o‘rta asrlarga tegishli kutubxona ko‘pchiligi bir necha asrlik bo‘lgan o‘n minglab noyob kitoblarni zararkunandalardan saqlab qolishga harakat qilmoqda, deb yozadi Associated Press.

Qayd etilishicha, kutubxona xodimlari dezinseksiya ishlarini amalga oshirib, qo‘ng‘izlarni yo‘qotish uchun qo‘lda ishlangan 100 mingga yaqin kitobni tokchalardan olgan va qadoqlab chiqqan. Kitoblar olti hafta muddatga kislorodsiz plastik paketlarga joylashtiriladi. Ekspertlar bu vaqt ichida qo‘ng‘izlar nobud bo‘lishiga umid qilmoqda. Shundan keyin har bir kitob qo‘lda tekshirib chiqiladi va tozalanadi. Shikastlangan nusxalar restavratsiya qilinadi.

Noyob eksponatlar yog‘och qo‘ng‘izi qurboniga aylangan — bu hasharotlar va ularning lichinkalari odatda quritilgan mahsulotlarga, masalan, don va unga zarar yetkazadi. Shuningdek, ular tez-tez muzeylar va kutubxonalarda uchraydi — kitoblarda jyelatin va kraxmal ushbu qo‘ng‘izlarni o‘ziga jalb etadi.

Ilmiy xodimlar qo‘ng‘izlarni kutubxonaning turli qismlarida payqab qolishgan, shuning uchun butun kolleksiya zararlanish xavfi ostida.

Mutaxassislarning hisoblashicha, qo‘ng‘izlarning ko‘payishiga iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lgan: havo harorati ko‘tarilgani bois hasharotlar bir yil ichida ko‘proq rivojlanish sikllaridan o‘tishga ulguryapti.

Benedikt monastri kutubxonasi Vengriyadagi eng qadimiylaridan hisoblanib, YuNESKO merosi obektlariga kiritilgan. Abbatlikka 996 yilda, Vengriya qirolligi paydo bo‘lishidan to‘rt yil oldin asos solingan. U ko‘plab urush va bosqinlardan omon qolgan, jumladan, XVI asrda Usmoniylarning Vengriyaga hujumidan ham.

Kutubxonada jami 400 mingga yaqin kitob mavjud. Eng qadimiy manuskriptlar alohida saqlanadi, ammo xodimlarning tan olishicha, hasharotlar allaqachon madaniy va tarixiy merosga zarar yetkazib ulgurgan.

Mavzuga oid