Jahon | 07:34 / 21.07.2025
2098
3 daqiqa o‘qiladi

Budapesht: Yevropa Ittifoqi budjetining 20 foizi Kiyevga ketadi

To‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita, Budapeshtdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2028-2034 yillarga mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqi budjetidagi har beshinchi yevro Ukrainaga ketadi. «Bu mantiqiy emas», dedi Vengriyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri DW nashriga.

Yanosh Boka Foto: Martin Bertrand/Hans Lucas/AFP/Getty Images

Ukraina Yevropa Ittifoqi yangi budjetining taxminan 20 foizini oladi, dedi Vengriyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Yanosh Boka DW muxbiri bilan suhbatda. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Budapesht Yevrokomissiyaning 2028-2034 yillarga mo‘ljallangan yangi budjet bo‘yicha taklifini o‘rganib chiqib, shunday xulosaga kelgan.

«Biz dastlabki tahlil o‘tkazdik va xulosaga keldikki, bu taklifga ko‘ra, Ukraina nafaqat Ukraina jamg‘armasidan mablag‘ oladi, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita ushbu yetti yillik davr uchun Yevropa Ittifoqi budjetining taxminan 20 foizini oladi. Bu shuni anglatadiki, budjetdagi har beshinchi yevro to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita Ukrainaga ketadi. Men buni mantiqiy emas deb hisoblayman», dedi u.

Vengriya hukumati qanday qilib bunday xulosaga kelgani haqida so‘ralganda, u Ukraina jamg‘armasidan ajratiladigan 100 milliard yevrodan tashqari, Kiyev Yevropa tinchlik jamg‘armasidan foydalanishini, uning miqdori ikki baravar ko‘paytirilib, 31 milliard yevroga yetishi va «bu mablag‘larning katta qismi Ukrainaga yo‘naltirilishini» tushuntirdi. DW muxbirining Vengriya ushbu jamg‘armani bloklayotgani haqidagi so‘zlariga javoban, Boka gap amaliyot emas, balki Yevropa komissiyasining taklifi haqida ketayotganini aytdi.

Bundan tashqari, Budapesht hisob-kitoblariga ko‘ra, mudofaa sanoati budjeti 5 barobar oshirildi, uning asosiy maqsadlaridan biri Ukraina va Ukraina mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashdir. «Shuning uchun, men bu pulning katta qismi ham Ukrainaga ketishini kutyapman», dedi u. «Yevropa Ittifoqining Global Europe tashqi siyosat jamg‘armasi ham Ukraina bilan bog‘liq masalalarni moliyalashtirishga imkon beradi. Qo‘shimcha kredit liniyasini yaratish ko‘zda tutilgan, bu Ukrainani kreditlar orqali moliyalashtirish nuqtayi nazaridan cheksiz imkoniyatdir».

Mavzuga oid