O‘zbekiston | 08:47 / 14.07.2025
848
2 daqiqa o‘qiladi

Maxsus iqtisodiy zonalarni infratuzilma bilan ta’minlashda bozor mexanizmi joriy etiladi

"Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obektlari qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Belgilanishicha, 2026 yil 1 iyundan boshlab maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlashda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi asosida bozor mexanizmlari joriy etiladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2025 yil 1 dekabrga qadar tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash bo‘yicha xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda tijorat banklari kredit mablag‘lari hisobidan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

2026 yil 1 yanvarga qadar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarining faoliyatini baholash, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlari va yaratilgan ish o‘rinlari, yuqori texnologiyali chuqur qayta ishlashga mo‘ljallangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi ko‘rsatkichlardan kelib chiqqan holda reyting belgilash tizimini joriy etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Bunda ularning faoliyatini baholash orqali reyting tizimini yuritish amaliyotini joriy etish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlarini birinchi navbatda reytingi baland maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida amalga oshirish nazarda tutiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta’minot» AJ rahbarlari zimmasiga maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari ishtirokchilarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga o‘z vaqtida ulash va uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Mavzuga oid