“Arxivlar to‘liq ochilsa, rusparastlar tilini tishlab qoladi” - siyosatshunoslar Moskvaning “umumiy tarix” da’vosi haqida
Rossiya ta’lim vaziri ayrim MDH davlatlarining tarix darsliklarini o‘zgartirmoqchi ekanini e’lon qildi. Kun.uz studiyasida bunga munosabat bildirgan siyosiy tahlilchilar o‘tmishda Rossiya tomonidan Turkiston o‘lkasida sodir etilgan qirg‘in, qatag‘on va boshqa jinoyatlarni xaspo‘shlab bo‘lmasligi, aksincha, arxivlarni to‘liq ochiqlash kerakligini aytdi.

Bektosh Berdiyev: Rossiya tomoni juda oshirib yubordi. Masalan, Chingizxonni qahramon deb baholayotganimiz yo‘q-ku. Bosqinchini bosqinchi deymiz-da, bu tarixiy fakt va bu narsalar darsliklarimizda ko‘rsatilgan. Undan tashqari, Qutayba ibn Muslimning Markaziy Osiyoga bostirib kirib kelgani ham fakt. Rus bosqini ham eng katta va qonli bosqinlardan biri hisoblanadi, biz uni nima deyishimiz kerak?
Bilasizmi, yoshi katta ba’zi vatandoshlarimizda ham “ruslar Markaziy Osiyoga madaniyat olib keldi” degan eskicha qarashlar yo‘q emas. Rus millatiga yoki hozirgi Rossiya davlatiga hech qanaqangi dushmanona qarashimiz yo‘q. Lekin, masalan, Skobelev kelib, ikkita rus askari o‘ldirib qo‘yilgani uchun har biri uchun 11 mingtadan 22 mingta aholini qatliom qilganini biz qarsak chalib kutib olishimiz kerakmi? Kaufmanning ishlarini-chi?
Qanchadan qancha odamlarning yostig‘ini quritgan Jizzax qo‘zg‘oloni... Ayrimlar aytadigan “madaniyat” kirib kelishi uchun shunchalik ko‘p odamlarimiz bilan to‘lov qildikmi? Ularning xotirasini yodga olmay, ko‘z yumishimiz kerakmi? Bu yerda hissiyotga berilayotganimiz yo‘q, bor haqiqatni gapiryapmiz xolos.
Shuhrat Rasul: Bizga nimani tiqishtirmoqchi bo‘lyapti? Go‘yoki Chor imperiyasi bizga “madaniyat yetkazuvchi” bo‘lib keldi. Rus shovinist yozuvchisi Dostoyevskiy o‘z kundaliklarida: “Biz Osiyodagi mana bu yarim yovvoyilarga gospodin – hukmdor bo‘lib keldik, Yevropada hech kim bizni bir tiyinga olmaydi, bu yerda biz yevropalikmiz, tsivilizatormiz”, deb yozgan.
O‘zimizda ham ba’zi yoshi ulug‘ insonlar “agar Rossiya kelmaganida, biz Afg‘onistonga o‘xshab qolardik” degan fikrlarni aytadi. Bu – o‘ta puch argument. Afg‘onistonni 10 yil bombalab, o‘rta asrlarga tiqib kelgan – bu Rossiyaning aynan o‘zi. Rossiyaning qadami yetgan Janubiy Koreya qanaqa-yu, qadami yetgan Shimoliy Koreya qanaqa?
Qolaversa, janoblar bizdagi darsliklarni nega aynan hozir eslab qoldi? O‘zbekiston maktab ta’limida bugungi kunda o‘tilayotgan tarix darsliklari asosan 1994 yilda yozilgan, 1995 yildan beri o‘qitib kelinyapti. Oradan 30 yil o‘tib, ular “darsliklarida bizni bosqinchi deyapti” deb eslab qoldi. 30 yildan beri nima qilib yurgandinglar?
Oybek Sirojov: Fanning eng muhim prinsiplaridan biri – xolislik hisoblanadi. Har qanday voqeaga obektiv yondashish kerak. Bosqinchimi demak bosqinchi, xaloskormi xaloskor sifatida yondashish kerak. Tarix fanida ham xuddi shunday. Qolaversa, yoshlarimizni vatanparvarlik, vatanga sodiqlik ruhida tarbiyalash nuqtayi nazaridan ham bu xolislik juda kerak. Kim bizga bosqinchi qilgan-u, nima olib kelganini biz bilishimiz kerak.
Kamoliddin Rabbimov: Rossiya – klassik imperiya. Imperiyaning tafakkur markazida kuch ishlatish kayfiyati va qobiliyati turadi. Ukraina urushi sababli Rossiya endi o‘zining global reputatsiyasini o‘ylab o‘tirmaydi, o‘ylashga ehtiyoji yo‘q. Shu fonda Markaziy Osiyo davlatlariga bosim qilyapti. O‘zi biladi imperialist ekanini, o‘zi bosqinchi ekanini ham biladi. Bo‘lib ham Chor Rossiyasi Markaziy Osiyoda, Turkistonda davlatlarni, millatlarni parchalab, judayam ko‘plab qonli ishlar qilganini judayam yaxshi biladi.
Jizzax qo‘zg‘oloni, Toshkent qo‘zg‘oloni, Xo‘janddagi voqealar... Birinchi jahon urushi paytida Chor Rossiyasi imperatori farmoniga ko‘ra front va front orti uchun Turkistondan qul, mardikor, askarlar yig‘ib olib ketilgan. Ajdodlarimiz o‘z qardoshlarimiz, dindoshlarimiz bo‘lgan turklarga qarshi urushga tashlangan. Shunga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tarilgan. Mana shu qo‘zg‘olonlarni ko‘tarishda yuz minglab turkistonliklar o‘ldirilgan.
Ya’ni Rossiya bizga qo‘lida qurol bilan keldi. Bizni mustamlaka qilish Rossiyaning ko‘p asrlik orzusi edi.
Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari tarixni juda ehtiyotkor yorityapti. Davlat tarixchilari “qo‘yinglar, Rossiya bilan to‘qnashib qolmaylik” deyapti. Agar hamma narsa to‘liq ochib tashlanadigan bo‘lsa, xalqning kayfiyati boshqacha bo‘ladi, rusparastlar tilini tishlab qoladi.
Shuhrat Rasul: Bizda arxivlar ochilmayapti. Mana, Qozog‘iston arxivlarni ochgan. Bizda ham go‘yoki ochilgan deb aytilyapti, lekin ayrim tarixchi olimlar “arxivga borsak, bermaydi” deb aytishadi. Bu arxivlar ochilishi kerak. Xalq bor haqiqatni bilishi kerak.
Prezident Putin har doim: “Tarix soxtalashmasligi kerak” deydi. Putinning shu gapiga 200 foiz qo‘shilamiz. Haqiqatan ham tarix soxtalashtirilmasligi kerak. Shuning uchun arxivlar to‘liq ochilishi kerak.
Mavzuga oid

23:21 / 03.07.2025
“Tasodifiy, lekin yaxshi kontekst” - ekspertlar Ozarboyjonga tashrifning geosiyosiy ahamiyati haqida

20:14 / 03.07.2025
Qirg‘iziston aholi daromadlarining o‘sishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqdi. Nimaning hisobiga?

23:00 / 28.06.2025
Rossiya bosqiniga 160 yil, pensiya yoshini oshirish taklifi va administratsiyada o‘zgarishlar - hafta dayjesti

14:10 / 28.06.2025