Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronga imtiyozlar tayyorlayotgan AQSh, Erdo‘g‘anning orzusi va 12 kunlik urushning «narxi» – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh Eron bilan muzokaralarni tiklamoqchi
So‘nggi ikki hafta davomida harbiy to‘qnashuvlarga qaramay, AQSh va Yaqin Sharqdagi muhim shaxslar — Eron rasmiylari bilan yashirincha muzokaralar olib borgan. CNN nashri ushbu masala bilan tanish manbalariga ko‘ra, Tramp administratsiyasining takliflari o‘zgaruvchan, ammo bitta qat’iy shart mavjud: Eron tomonidan uran boyitilishining butunlay taqiqlanishi. Eron esa bu talabga avvaldan qarshilik bildirib kelmoqda.
Bu paytgacha ommaga ma’lum bo‘lmagan muhokama qilinayotgan shartlardan biri — Eronda fuqaroviy energiyaga mo‘ljallangan, ammo uran boyitilmaydigan yadroviy dastur uchun 20-30 milliard dollargacha sarmoya kiritish taklifi. Ammo AQSh ushbu xarajatlarni arab ittifoqchilari zimmasiga yuklash niyatida.
«Biz ushbu muzokaralarga rahbarlik qilishga tayyormiz. Loyihani amalga oshirish uchun kimdir pul to‘lashi kerak bo‘ladi, ammo bu biz bo‘lmaymiz», — degan Tramp ma’muriyati rasmiysi CNNga.
Boshqa imtiyozlar qatorida, ba’zi sanksiyalarni bekor qilish va Eronning xorijiy bank hisoblarida bloklangan 6 milliard dollar miqdoridagi mablag‘dan foydalanishga ruxsat berilishi ham ko‘zda tutilmoqda.
Takliflar ko‘rib chiqilayotganining sababi – Oq uy ma’muriyatida Eronga shartlar ro‘yxatini taqdim etish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Xususan, prezident Tramp chorshanba kuni AQSh va Eron keyingi hafta muzokara stoli atrofida o‘tirishlari mumkinligini aytgandi.
26 iyun kuni chiqish qilgan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa hozircha AQSh bilan muzokaralar bo‘lmasligini aytdi.
«AQShning Eronga uyushtirgan harbiy hujumlari diplomatiya va muzokaralarga xiyonat. Muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha hech qanday kelishuv yo‘q. Hatto muzokaralar haqida hech qanday gap ham bo‘lmagan. Muzokaralar hozir kun tartibida emas», deya Aroqchining so‘zlarini keltirmoqda Mehr News.
Eron bosh diplomati ular diplomatiyaga sodiq qolishini ta’kidladi, biroq AQSh bilan muzokaralarni tiklash yoki tiklamaslik qarori yana ko‘rib chiqilishi lozimligini aytdi.
Urush uchun tovon
Siyosatchilar boshlagan urushlar har doim oddiy xalqning boshiga zarar olib keladi: ham moddiy, ham jismoniy. Jumladan bir necha hafta oldin Isroil boshlagan urush ham bundan mustasno emas.
Turli manbalarga ko‘ra, Erondagi qurbonlar soni 900 kishidan oshadi, jarohatlanganlar esa qariyb 4 ming kishi. Isroilda esa 29 kishi vafot etgan, 3 mingdan ortiq inson jarohat tufayli kasalxonalarda davolangan.
Isroilga 12 kunlik mojaro davomida yetkazilgan zarar — taxminan 3 milliard dollarga baholanmoqda. Bu mablag‘ raketalardan zarar ko‘rgan binolarni tiklash va mahalliy korxonalarga tovon to‘lash uchun kerak bo‘ladi, deydi Isroil moliya vazirligi.
«Bu biz duch kelgan eng jiddiy muammodir. Isroil tarixida bunday vayronagarchilik hech qachon bo‘lmagan», — dedi tovon to‘lash uchun mas’ul bo‘lgan boshqarma rahbari Shay Aaronovich. Hisob-kitoblar ishlatilgan qurol va havo mudofaa tizimlarini almashtirish xarajatlarini o‘z ichiga olmaydi, shuning uchun zararning yakuniy miqdori sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin. Moliya vaziri Bezalel Smotrich urushning umumiy xarajatlari 12 milliard dollarga yetishi mumkinligini tan oldi.
Eron bilan urush, asosan, otishmalar xususiyati tufayli, avvalgi mojarolarga qaraganda ancha qimmatga tushdi. Avvalgi zarbalarda qishloq hududlari va aholi kam bo‘lgan tumanlar nishonga olingan bo‘lsa, bu safar nishon Isroil markazidagi shaharlar, jumladan, mamlakat aholisining yarmiga yaqini istiqomat qiluvchi Tel-Aviv aglomeratsiyasi bo‘ldi.
Eron qancha zarar ko‘rgani haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q, ammo rasmiy Tehron ham urush davomida milliardlab dollarni yo‘qotgan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, «Shahab» yoki «Sijjil» kabi o‘rta masofali bitta raketani uchirish Eron uchun taxminan 5-6 millionga tushadi. Mojaroning dastlabki bir haftasi davomida Tehron shu turdagi 370 ga yaqin raketa uchirgan, ya’ni faqat o‘rta masofali raketalarga deyarli 2 milliard dollar sarflangan.
Bundan tashqari, Eronning Natanz, Fordo va Isfahondagi yadroviy inshootlariga berilgan zarbalardan kelib chiqqan zarar hisoblab chiqilmagan.
Erdo‘g‘an: Tramp Turkiyada Putin bilan uchrashishga tayyor
Donald Tramp Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun Istanbul yoki Anqaraga keladi, agar Vladimir Putin ham kelsa. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATO sammiti bo‘lib o‘tgan Haagadan qaytayotganda, samolyot bortida jurnalistlarga ma’lum qildi.
«Bizning fikrimizcha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda tinchlik o‘rnatilishiga katta umid bor. Buni hal qilish uchun igna bilan teshik qazishimiz kerak bo‘lsa ham, biz o‘z maqsadimiz tomon harakat qilamiz», deya Erdo‘g‘an so‘zlarini keltirmoqda TRT Haber.
Unga ko‘ra, Haagada u Donald Tramp bilan Oq uy rahbarining Ukraina bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish imkoniyatini muhokama qilgan. «Agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Istanbul yoki Anqaraga yechim topish uchun kelsa, men ham Istanbul yoki Anqaraga boraman», degan Tramp Erdo‘g‘anga.
Iyun oyi boshida Turkiya prezidenti – Zelenskiy, Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvni tashkil etish uning «eng katta orzusi» ekanini aytgandi. Uning fikricha, Rossiya va Ukraina o‘rtasida allaqachon Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar «tinchlik eshigini ochgan». «Hamma tinchlikdan voz kechsa ham, biz buni qilmaymiz», dedi Erdo‘g‘an.
AQSh va Xitoy savdo bitimini imzoladi
Prezident Donald Tramp AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo bitimi imzolanganini ma’lum qildi. «Kecha biz Xitoy bilan shartnoma imzoladik», dedi Tramp Oq uyda soliq imtiyozlari muddatini uzaytirish va budjet bo‘yicha qonunga bag‘ishlangan tadbirda. Lekin AQSh prezidenti tuzilgan savdo bitimi haqida boshqa hech qanday ma’lumot bermadi.
AQSh Savdo vaziri Hovard Lyutnik AQSh va Xitoy may oyida Jyenevada erishilgan savdo kelishuvini yakunlaganini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv ikki kun avval imzolangan va Pekin va Vashington o‘rtasidagi savdo muzokaralari chog‘ida kelishilgan shartlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida Xitoyning AQShga nodir metallarni yetkazib berish majburiyati ham bor. «Ular bizni nodir metallar bilan ta’minlaydi. Va bu sodir bo‘lgach, biz javob choralarimizni bekor qilamiz», dedi Lyutnik.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Oq uy yaqin kelajakda o‘zining 10 ta eng yirik savdo hamkorlari guruhi bilan savdo bitimlari tuzishni rejalashtirmoqda.
Hindiston va Rossiya qurol yetkazib berishni muhokama qildi
Hindiston Rossiyaning S-400 zenit-raketa komplekslarini yetkazib berish, Su-30 MKI qiruvchilarini modernizatsiya qilish va muhim harbiy texnikani sotib olish masalalarini muhokama qildi. Bu masala Xitoyda bo‘lib o‘tgan Shanhay hamkorlik tashkiloti tadbiri doirasi ikki davlat mudofaa vazirlari tomonidan muhokama qilingan.
Hindiston Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Singx va Belousov «Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama mudofaa hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha samarali muzokaralar olib borgan».
Nyu-Dehlining Rossiya qurollarini xarid qilishi «qisqa vaqt ichida» amalga oshirishi kerakligi ta’kidlangan. «Bu – ikki davlat vazirlari o‘rtasida «Sindur» operatsiyasi va mudofaa, ayniqsa, havo hujumidan mudofaa, havo-havo sinfidagi raketalar, zamonaviy imkoniyatlar va aviatsiya platformalarini modernizatsiya qilish kabi muhim sohalarda ishlab chiqarishni kuchaytirish zarurati fonida bo‘lib o‘tgan eng muhim uchrashuvlardan biri bo‘ldi», — degan Hindiston Mudofaa vazirligi.
Tavsiya etamiz
Roman Starovoyt – urushning kursidagi qurboni
Jahon | 22:00 / 08.07.2025
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olindi
Jahon | 17:57 / 08.07.2025
11 iyuldan IELTS imtihonini qog‘ozda topshirish bekor qilinadi
O‘zbekiston | 15:45 / 08.07.2025
O‘zbekistonning 5 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 13:18 / 08.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya Kiyevga dronlar va ballistik raketalar bilan hujum qildi
Jahon | 10:20
-
Andijon va Surxondaryoda coliq boshqarmalari bosh inspektorlari ushlandi
Jamiyat | 10:16
-
O‘zbekistonning Koreyadagi turizm brendi elchisi tayinlandi
O‘zbekiston | 09:56
-
Xorijliklarga safarbarlik davrida Rossiya QKda xizmat qilishga ruxsat berildi
Jahon | 09:44
Mavzuga oid

13:30 / 09.07.2025
Tramp va Netanyahuning Oq uydagi muhokamalari, «Tolibon»ga qarshi xalqaro bayonotlar va bosh ko‘tarayotgan Eron-Isroil ziddiyati – kun dayjesti

14:17 / 08.07.2025
Qozog‘istonga boj solgan Tramp, Rossiyada o‘zini otib o‘ldirgan vazir va “Hsh”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan AQSh – kun dayjesti

14:25 / 07.07.2025
Husiylar bilan zarbalar almashgan Isroil, “America Party” tuzmoqchi bo‘lgan Mask va milliardlab zarar ko‘rayotgan Rossiya aeroportlari – kun dayjesti

14:59 / 05.07.2025