Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonga boj solgan Tramp, Rossiyada o‘zini otib o‘ldirgan vazir va “Hsh”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan AQSh – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp — Yaponiya, Koreya va Qozog‘istonga 25% boj soldi
AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Yaponiya va Janubiy Koreya kabi kuchli ta’minotchilardan tortib, kichik savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlargacha bo‘lgan mamlakatlarga, 1 avgustdan boshlab AQSh tomonidan keskin oshirilgan boj stavkalari kuchga kirishini ma’lum qildi. Reutersʼning yozishicha, bu — Tramp joriy yil boshida boshlagan savdo urushining yangi bosqichini anglatadi.
Yaponiya va Janubiy Koreya kabi asosiy ittifoqchilardan import qilinadigan barcha tovarlarga AQSh importchilari uchun 25 foizli boj joriy etilishi Wall-street’ni larzaga soldi, lekin Osiyo bozorlarida bu xabar nisbatan xotirjam qabul qilindi.
Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh tomonidan 14 ta mamlakatga yuborilgan maktublarni e’lon qildi. Xususan, Tramp xat yuborilgan davlatlarga quyidagi boj stavkalarini joriy qilmoqchi ekanligini ma’lum qildi:
• Tunis, Malayziya va Qozog‘iston: 25%
• Janubiy Afrika, Bosniya va Gersegovina: 30%
• Indoneziya: 32%
• Serbiya va Bangladesh: 35%
• Kambodja va Tailand: 36%
• Laos va Myanma: 40%
Bu maktublarda qo‘shimcha muzokaralar uchun imkoniyatlar nazarda tutilgan bo‘lsa-da, aks javob choralari ko‘rilsa, bunga ham shunday javob qaytarilishi haqida ogohlantirilgan. Yangi bojlar 1 avgustdan kuchga kiradi va ilgari e’lon qilingan avtomobil, po‘lat yoki alyuminiy kabi sektoral bojlar bilan birlashtirilmaydi.
Markaziy Osiyodagi qo‘shnimiz Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayevga yo‘llangan xatda “bu xat – AQSh sizning buyuk mamlakatingiz bilan sezilarli savdo defitsitiga qaramay, hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ko‘rsatadi», — deyiladi.
Tramp muzokaralar natijasi borasida ko‘p davlatlarni noaniqlikda qoldirib kelmoqda. Hozirgacha AQSh faqat ikki davlat — Buyuk Britaniya va Vetnam bilan to‘liq kelishuvga erishgan. Xitoy bilan esa iyun oyida tarif stavkalari bo‘yicha umumiy kelishuv bo‘lgan.
Evroittifoqqa esa xat yuborilmaydi. Bu borada YeI Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Tramp o‘rtasida «yaxshi muloqot» o‘tgan. Komissiya bayonotida aytilishicha, ular chorshanbagacha savdo bitimi tuzishga umid qilmoqda.
Avvalroq, Braziliya, Xitoy, Rossiya va Hindiston yetakchilari qatnashgan BRIKS sammitida «bir tomonlama tarif va notarif choralarining kuchayib borayotganidan jiddiy xavotir» bildirilgandi. Bu – AQSh ma’muriyatining savdo siyosatiga qarshi yopiq tanqid sifatida talqin qilindi. Natijada, Donald Tramp «anti-amerika» siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan har qanday davlatga 10 foizlik qo‘shimcha tariflar joriy qilish bilan tahdid qildi.
Putin lavozimidan bo‘shatgan vazir o‘zini otib o‘ldirdi
Dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Roman Starovoytni Rossiya Transport vazirligi rahbari lavozimidan iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda amaldorning ishdan bo‘shatilishi sabablari haqida formulirovka yo‘q edi.
Shundan so‘ng, 53 yoshli Starovoytning o‘qotar quroldan olingan jarohatlar bo‘lgan jasadi dushanba kuni Odinsovo shahar okrugi hududida topildi. «Tergov organlari voqea joyida ishlamoqda, hodisa tafsilotlari aniqlanmoqda. Asosiy versiya – o‘z joniga qasd qilish», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Starovoyt halok bo‘lgan joyda unga mukofot sifatida berilgan to‘pponcha topilgan. U aynan Ichki ishlar vazirligi rahbariyatidan olgan mukofot qurolidan o‘zini otib o‘ldirgani taxmin qilinmoqda.
Starovoyt bir yildan sal ko‘proq vaqt – 2024 yil may oyidan beri vazir lavozimida ishlagan, bungacha u besh yildan ortiq vaqt davomida Kursk oblasti gubernatori bo‘lgan.
Starovoytdan keyin gubernator vazifasida ishlagan Aleksey Smirnov esa tezda iste’foga chiqqan hamda 2025 yil aprelda Ukraina bilan chegarada mudofaa inshootlari qurilishi uchun ajratilgan mablag‘lardan 1 mlrd rublni o‘g‘irlashda gumonlanib hibsga olindi.
Rus OAVlariga ko‘ra, Starovoytga nisbatan ham jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lishi mumkin. Xususan, Smirnov go‘yoki sobiq vazirga qarshi ko‘rsatma bergani haqida yozilmoqda.
AQSh «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhidan terrorchi tashkilot maqomini olib tashladi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhidan chet el terrorchilik tashkiloti maqomini olib tashladi.
Davlat departamenti rahbari Marko Rubio tomonidan imzolangan hujjatda qayd etilishicha, ushbu qaror «bosh prokuror va moliya vaziri bilan maslahatlashuvlardan keyin» qabul qilingan.
Rubioning qarori Donald Tramp 1 iyuldan boshlab Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan bir hafta o‘tib qabul qilindi. O‘shanda Tramp «Hay’at Tahrir ash-Shom» maqomini ko‘rib chiqishni topshirgan edi.
«Hay’at Tahrir ash-Shom»ga 2011 yilda asos solingan. O‘shanda u «Jabhat an-Nusra» deb atalgan va «Al-Qoida»ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkori bo‘lgan. 2016 yilda esa guruh rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniy terrorchi tashkilot tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun oshkora tarzda «Al-Qoida»dan ajralib chiqib, yangi tashkilot tuzgan, oradan bir yil o‘tib o‘zi kabi kichik guruhlar bilan birlashgan holda «Hay’at Tahrir ash-Shom» nomini olgan.
Tashkilot yetakchilaridan biri — Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi qurolli guruhlar 2024 yil oxiri Suriyada Asad diktaturasini ag‘dardi. Donald Tramp 2025 yil may oyida Yaqin Sharqqa tashrifi davomida Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashgan edi
Isroil G‘azodagi tibbiy markazga havo hujumi uyushtirdi
Isroilning G‘azo sektoridagi tibbiyot markaziga bergan zarbasi oqibatida olti falastinlik, jumladan, bir bola halok bo‘ldi.
Falastinning WAFA rasmiy axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba G‘azo markazidagi Al-Vahda ko‘chasida joylashgan «Ar-Rimal» klinikasiga qarata berilgan. Hujum natijasida 15 kishi turli darajada tan jarohati oldi.
Tinch aholi qurbon bo‘lishda davom etayotgan mojaro fonida Isroil eksklavning turli hududlariga havo hujumlarini davom ettirmoqda.
Isroil 2023 yil oktabr oyidan boshlab G‘azo sektoriga harbiy hujumlar oqibatida jami 57 ming 523 nafar falastinlikni o‘ldirgan va 136 ming 617 kishini yaralagan.
Texasdagi toshqin qurbonlari soni 91 kishiga yetdi
AQShning Texas shtatida yuz bergan kuchli yomg‘irlar tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlarida halok bo‘lganlar soni 91 nafarga yetdi. Bu haqda dushanba kuni Oq uy ma’lum qildi.
«Yaqinda ichki xavfsizlik vazirligi 91 begunoh insonning hayoti uzilganini tasdiqladi», — dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt jurnalistlarga. Oq uy rasmiysi, shuningdek, Milliy ob-havo xizmati toshqin xavfi haqida yetarli va o‘z vaqtida ogohlantirish bermagani haqidagi tanqidlarni inkor etdi.
«Ular o‘z vaqtida ogohlantirishlar berdi. Bu falokat oldidan rekord darajadagi muddatli ogohlantirishlar berilgan. Hozir ham toshqin holatini monitoring qilish davom etmoqda. Barcha tegishli idoralar yetarli darajada jihozlangan va xodimlarga ega edi», — dedi u.
Avvalroq New York Times nashri Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelganidan beri budjetni qisqartirgani bois Milliy ob-havo xizmatida bir nechta muhim lavozimlar bo‘sh qolayotganini yozgan va bu holat favqulodda vaziyatga javob berish jarayonini sekinlashtirgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan edi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Kerr okrugi uchun yirik ofat holatini e’lon qilganidan so‘ng, haftaning oxirida Texasga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Levittga ko‘ra, Trampning tashrifi «eng to‘g‘ri vaqtga» rejalashtirilmoqda. «Qayta tiklash ishlariga xalal bermoqchi emasmiz», degan Oq uy so‘zchisi.
Texasdagi toshqinlar o‘tgan payshanba kechasi boshlanib, juma tongiga qadar davom etdi. Kuchli yomg‘irlar Guadalupe daryosining darajasini ko‘tarib yubordi. Daryo suvi 11,8 metr balandlikka ko‘tarildi — bu 1987 yildagi mintaqaning eng yirik suv toshqinidan keyingi ikkinchi eng yirik ko‘tarilishdir.
Rossiya Ukrainadagi harbiy komissariatlarga hujum qilmoqda
Rossiya harbiylari 7 iyul kuni Xarkiv va Zaporijjya shaharlaridagi hududiy to‘ldirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari (Ukrainada bu voyenkomat muqobili) binolariga dronlar bilan zarba berdi.
Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, Zaporijjyadagi harbiy komissariat binosiga berilgan zarba natijasida bir askar yaralangan, Xarkivda uch kishi jarohatlangan. Mahalliy rasmiylar Zaporijjya 20 kishi, jumladan, ikki harbiy, Xarkivda esa 33 kishi yaralangani haqida xabar bergan.
Rasmiylarga ko‘ra, Xarkivda Xolodnigor rayoniga zarba berilgan: ma’muriy binolar, besh qavatli turar joy binosi shikastlangan, ikkita avtomobil va yana bir turar joy binosi yonib ketgan. 7 iyulga o‘tar kechasi ham shaharga dronlar hujumi uyushtirildi. Jami 66 kishi, jumladan, olti nafar bola jabrlangan. Sakkiz nafar jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. Bir kishi halok bo‘lgan.
Zaporijjyada ta’lim muassasasining yotoqxonalari, ko‘p qavatli va xususiy uylar, noturar binolar shikastlangan. Rossiya mudofaa vazirligi hujumni tan olib, Rossiya dronlari Ukraina qurolli kuchlarining harbiy komissariatlarini «aniq nishonga olgani» haqida ma’lum qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi harbiy komissariatlar binolarini nishonga olayotganini safarbarlikni buzishga urinish bilan bog‘ladi. «Dushman armiyamizga harbiy xizmatchilarning oqib kelishidan juda qo‘rqadi», – dedi 6 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari so‘zchisi Vitaliy Saransev.
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiyada til bilmaydigan migrantlarni ba’zi kasblarga ishga qabul qilmaslik taklif etildi
Jahon | 23:35
-
Xitoyda odamsimon robot ilk bor universitetga qabul qilindi
Fan-texnika | 23:25
-
Mikrohududdan tashqarida 1-sinfga qabul va «jafokash» «Sag‘bon» nimstansiyasi – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 23:17
-
Tramp Medvedevning so‘zlaridan keyin ikkita yadroviy suv osti kemasini yuborishni buyurdi
Jahon | 23:12
Mavzuga oid

14:42
Isroilga kelgan Trampning vakili, Xitoy Qozog‘istonda qurayotgan AESlar va Suriyani qo‘llashni boshlagan Rossiya – kun dayjesti

14:09 / 31.07.2025
Qurolsizlanishni rad qilgan Hizbulloh, Yevropada chiqish qilgan Matviyenko va AQShning bojlaridan qo‘rqmayotgan Xitoy – kun dayjesti

13:46 / 30.07.2025
G‘azoda boshlangan ocharchilik, Kamchatkada 8 balli zilzila va Falastinni tan olayotgan Yevropa – kun dayjesti

13:40 / 29.07.2025