O‘zbekiston | 20:50 / 30.05.2025
1788
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident global siyosiy jarayonlar sharoitida Italiya bilan muloqot maydonini yaratish nihoyatda zarurligini ta’kidladi

Shavkat Mirziyoyev 30 may kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitida nutq so‘zladi.

Davlat rahbari ushbu anjumanni yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyo mintaqasining Yevropa bilan strategik sherikligi haqida erishilgan kelishuvlar natijasi, deb bilishini ta’kidladi.

«O‘zbekiston tomoni ushbu formatdagi samarali amaliy hamkorlikni, avvalo, mamlakatlarimizning texnologik, sanoat va intellektual salohiyatini hisobga olgan holda rivojlantirishga qat’iy qaror qilgan. Global va mintaqaviy siyosiy jarayonlarning bugungi real sharoitida, xavfsizlik va taraqqiyotga umumiy tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda Italiya bilan ko‘ptomonlama muloqot maydonini ishga tushirishimiz nihoyatda zarur edi», dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari «Markaziy Osiyo – Italiya» formatida o‘zaro hamkorlikning ustuvor jihatlari haqidagi qarashlar to‘g‘risidagi qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

«Siyosiy sohada tashqi siyosat idoralari darajasida doimiy muloqotlarni davom ettirish tarafdorimiz. Xalqaro kun tartibida o‘zaro muvofiqlashtirish va kelishilgan yondashuvlarni talab etadigan bir qator dolzarb masalalar mavjud. Italiya bosh vaziri, hurmatli Meloni xonimning Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tezroq boshlash bo‘yicha faol diplomatik sa’y-harakatlarini olqishlaymiz. Sizning Yaqin Sharq muammosi va Afg‘oniston bilan hamkorlik istiqbollariga oid qarashlaringiz uchun minnatdorlik bildiraman. Kecha Samarqandda biz bu nozik masalalarni batafsil muhokama qildik va yondashuvlarimiz o‘xshash ekanini qayd etdik», dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda ko‘ptomonlama formatlarda ishchi mexanizmlarni va maxsus xizmatlar o‘rtasida axborot almashishni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

Shuningdek, mamlakatni innovatsion rivojlantirishda Italiya ishbilarmonlar hamjamiyatining an’anaviy kuchli pozitsiyasini inobatga olib, savdo-sanoat palatalarimiz shafeligida biznes-muloqot uchun doimiy maydon – «Markaziy Osiyo – Italiya» ishbilarmonlar klubini tuzishni taklif qildi.

«Biz, shuningdek, ko‘p tomonlama Sanoat va texnologik kooperatsiya dasturi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi muhim, deb hisoblaymiz. Bu o‘rinda gap texnologiyalar transferi, ilg‘or bilimlar va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish, yuqori texnologik sanoat korxonalarini yaratish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish haqida bormoqda. Mavjud muvaffaqiyatli tajribani inobatga olib, mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash sohalari uchun zamonaviy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish, ehtiyot qismlar va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish, Italiyaning yetakchi brendlari bilan hamkorlikda dizayn markazlarini yaratish kooperatsiyaning muhim yo‘nalishlariga aylanishi mumkin», dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mintaqaviy ahamiyatga molik bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent hududida Yevropa operatori boshqaruvi ostida maxsus sanoat parkini yaratish ishlari boshlandi.

«Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Italiyaning «SACE» va «SIMEST» davlat agentliklari, shuningdek, qo‘shma investitsiya jamg‘armalarini jalb qilish zarur, deb hisoblaymiz. Biz Italiya hukumati bilan «yashil» transformatsiya sohasidagi samarali hamkorlikni yuksak qadrlaymiz. Zararli gazlar chiqarishni qisqartirish bo‘yicha milliy dasturlar ijrosiga ko‘maklashishga qaratilgan ko‘ptomonlama platformalarni ishga tushirish orqali keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishga umid qilamiz. Italiyaning yetakchi ishlab chiqarish va muhandislik kompaniyalarini jalb etgan holda, qayta tiklanadigan energetika, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga «yashil» energiya yetkazib berish, korxonalar auditi va energiya samaradorligini oshirish, suv infratuzilmalari obektlarini modernizatsiya qilish, vodorod texnologiyalarini rivojlantirish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz», dedi Mirziyoyev.

Shu bilan birga, O‘zbekiston yetakchisi tomonidan muhandislik, dizayn, suvni tejash va biologik texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda ilmiy ishlanmalar yaratish va moliyalashtirish, akademik almashuvlar va kadrlar tayyorlash dasturlari uchun «Markaziy Osiyo – Italiya» ilmiy-ta’lim konsorsiumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. O‘zbekiston yetakchi operatorlar o‘rtasida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma turistik mahsulotlarni yaratish uchun sayyohlik alyansini ishga tushirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Kelgusi yili Xivada mintaqa mamlakatlari va Italiya yoshlarining Kreativ iqtisodiyot va madaniy almashuvlar forumini o‘tkazishni taklif etildi.

Davlat rahbari nutqi yakunida O‘zbekiston «Markaziy Osiyo – Italiya» formatida o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiq ekanini tasdiqladi.

Mavzuga oid