O‘zbekiston | 20:03 / 30.05.2025
9000
3 daqiqa o‘qiladi

Issiq havo qaytadi, ba’zi hududlarga sel keladi - kutilayotgan ob-havo tahlili

Bu hafta antitsiklonning mintaqada uzoq turib qolishi ob-havoni sezilarli darajada salqinlashtirdi. Ayrim hududlarda mavsum uchun ilk talafotli sel-suv toshqinlari ham kuzatildi. Kelasi haftaning o‘rtalaridan havo harorati keskin isib, harorat +40 darajagacha ko‘tarilishi kutilyapti. Jaziramadan so‘ng, hayit kunidan yana salqin havo qaytadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Erkin Abdulahatov: Darhaqiqat, o‘tgan sonimizda aytgan katta hajmdagi antitsiklon atrof mintaqani chuqur bloklash xususiyatiga ega bo‘lgani uchun respublikada o‘tgan 5 kunlikda sezilarli salqinlik kuzatildi. Bu hozir ham davom etmoqda. Shunga qaramay, 26-27 may kunlari vodiy va tog‘li hududlarida yaxshigina yog‘ingarchilik kuzatildi. Yog‘inlar qisqa vaqt oralig‘ida jadal ko‘rinishda bo‘lgani sabab masalan Jizzax viloyati Zomin tumaniga mavsum uchun respublikada ilk talafotli sel hodisasini taqdim etdi.

Kamoliddin Ikromov: Joriy bahor jaziramasi va yog‘in taqchilligi bug‘doy hosildorligiga qanday ta’sir qildi?

Erkin Abdulahatov: «O‘zgidromet»ning agrometeorologik prognozga ko‘ra, joriy quruq o‘tayotgan va anomal issiqqa boy ob-havo bug‘doy hosildorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Respublika shimoliy hududlaridan tashqari boshqa viloyatlarda g‘alla hosili so‘nggi 5 yillik o‘rtacha qiymatdan ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa, Farg‘ona, Navoiy, Jizzax va janub viloyatlarida bug‘doy hosildorligi gektariga 8-11 sentner ko‘p olinishi taxmin qilinmoqda.

Kamoliddin Ikromov: Kelayotgan hafta joylarda qanday ob-havo kutiladi?

Erkin Abdulahatov : Kelayotgan hafta boshlaridan mintaqaga Turkmaniston orqali +40 darajali issiq harorat to‘lqini kirib kelyapti. U seshanba-chorshanba kunlari shimol, janub va Buxoro-Navoiy viloyatlarida, payshanba kuni vodiydan tashqari respublika katta qismiga +40 daraja issiq ulashadi. Juma kuni hududlarda yana salqin ob-havo kutiladi.

Kamoliddin Ikromov: Kelayotgan 5 yillikda iqlim qanday bo‘ladi? Uzoq muddatli ob-havo prognozlari bormi?

Erkin Abdulahatov: Jahon Meteorologik tashkiloti shu kunlarda 2026-2030 yillar uchun taxminiy iqlim prognozlarini taqdim etdi. Unda bizning mintaqada kelayotgan 5 yillikda muntazam harorat ko‘tarilib borishi, umumiy ma’noda so‘nggi 30 yillik iqlimiy davrdan 2 daraja yuqori bo‘lishi, yog‘ingarchilik kesimida kelayotgan 5 yillikda yog‘inlar me’yor atrofida va tog‘larda kamroq bo‘lishi keltirilmoqda.

Mavzuga oid