Sport | 12:45 / 27.04.2025
33031
14 daqiqa o‘qiladi

Mojaroli klasiko. «Real» bu safar jang taklif qildi, ammo ozroq yetmadi

So‘nggi daqiqalarda madridliklarning uch futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi, Ryudigerni uzoq muddatli diskvalifikatsiya kutmoqda.

Foto: Fran Santiago/Getty Images

Ispaniya Kubogi Kataloniyaga yo‘l oldi

«Barselona» – «Real» – 3:2 
Gollar:
Pedri, 28, Torres, 84, Kunde, 116– Mbappe, 70, Chuameni, 77
«Barselona»: Shchensni, Kunde, Kubarsi, Martines, Martin (Arauxo, 85), Pedri, de Yong (Gavi, 86), Olmo (Lopes, 64), Yamal, Torres, Rafinya.
«Real»: Kurtua, Vaskes (Modrich, 55), Asensio, Ryudiger, Mendi (F. Garsiya, 11), Valverde, Chuameni, Sebalyos (Guler, 55), Bellinghem, Rodrigo (Mbappe, 46, ), Vinisius ( Dias, 89).
Ogohlantirishlar: Martin, 37, de Yong, 68, Lopes, 90+4, Rafinya, 90+10 – Chuameni, 31, Modrich, 90+1, Bellinghem, 108.
Chetlatishlar: Ryudiger 120+3, Vaskes 120+3, Bellinghem 120+4.

Joriy mavsum davomidagi oldingi ikki klasikoda «Real» ilojsiz bo‘lib ko‘ringani, «Barselona» esa deyarli mukammal o‘ynagani haqida faqat dangasalar gapirmadi. Bu o‘yinlarni to‘liq ko‘rmasdan, faqat haylaytlarni tomosha qilib yoki hisobga qarab ham shunday xulosaga kelish mumkin edi. Chempionat doirasida «Santyago Bernabeu»dagi 4:0 va Saudiyadagi Ispaniya Superkubogi uchun o‘yindagi 5:2 — klasikoda ancha vaqtdan buyon jamoalardan faqat biri yaqqol ustunlik qilgani kuzatilmagandi. Aniqroq aytilsa — deyarli bir asrdan buyon: ko‘k-anorranglilar 1926 yilda Ispaniya kubogi chorakfinalidagi ikki o‘yinni ham yutganidan buyon (3:0, 5:1). «Real»da ham 1935/36 yillar mavsumida 3:0 hisobidagi ikki g‘alaba bo‘lgan, o‘shanda qaymoqranglilar turnirlarda tarixiy «Madrid» nomi bilan ishtirok etardi.

O‘tgan asrda murosasiz raqiblar bir-biridan qattiq o‘ch olishardi. Masalan, 1974 yilda «Real» avvaliga ligada 1:5 hisobida sharmandali mag‘lubiyatga uchraydi, ammo to‘rt oy o‘tib mavsum Ispaniya kubogi finalida «Barsa» yirik hisobda taslim etilishi bilan yopib beriladi (4:0). Bu safar madridliklardan muxlislar hisob bo‘yicha 260-klasikoda revansh olishini kutishayotgandi. Jamoa o‘tgan haftada «Atletik» bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida yana oldingi «Real»ni eslatib yuborgani ham muxlislarga umid bag‘ishlagandi, ammo Hansi Flik bolalari kuchli pressing qiladigan o‘yinda tashabbusga egalik qilish oson emasdi.

Shunday ekan, Karlo Anchelotti yaqinda Chempionlar ligasida «Manchester Siti»ga qarshi kechgan o‘yinni eslab, pragmatizm foydasiga tanlov qildi. Mbappe hali to‘liq tayyor emasligi tufayli Vinisius Junior yagona hujumchi sifatida maydonga tushdi. Rodrigoni ham tez-tez oldingi chiziqda ko‘rish mumkin edi, lekin u qanotda orqaroqda o‘ynab, Lukas Vaskesga yordam berishi ham talab etilardi. Bellinghemga raqib o‘yinini buzish vazifasi topshirilgandi, Tshuameni esa vaqti-vaqti bilan markaziy himoyachilar bilan bir chiziqqacha qaytdi. Maydon markaziga tushirilgan Valverde bilan ham shunday holatni tez-tez kuzatish mumkin edi.

Bu taxminan yarim soat davomida ish berib turdi. Kataloniyaliklar to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka erishganiga qaramay (birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra 63 foiz), Kurtua darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar tizimli tus olmadi.

O‘yindagi bu oraliqda Karlo Anchelotti uchun eng yoqimsiz holat Mendi jarohat olishi bo‘ldi: yaqinda tuzalib qaytgan fransuzni 10-daqiqadayoq almashtirishga to‘g‘ri keldi.

Ko‘p o‘tmay hakam Bengoechea diqqat markaziga chiqdi. Lekin unga madridliklar emas, kataloniyaliklar e’tiroz bildirishdi. 16-daqiqada «Real» jarima maydoni ichida to‘p Valverdening qo‘liga tegdi, ammo bu holatda to‘p futbolchining «tayanch qo‘li»ga tekkan deb hisoblandi va penalti qo‘yilmadi.

Mendining o‘rniga Fran Garsiya tushirilgach, Yamal o‘zini erkinroq his qila boshladi. Shu kuni yangi soch turmagida maydonga chiqqan yosh futbolchi dastlab o‘z uslubida o‘ng qanotda hujumga o‘tib, jarima maydoni tashqarisidan xavfli zarba yo‘lladi. Bir necha daqiqa o‘tib standart vaziyat ijro etilganida Kunde boshda xavfli zarba yo‘lladi, Kurtua to‘sin ostiga ketayotgan to‘pni bazo‘r qaytarib qoldi.

28-daqiqada maydon markazida Kubarsi Bellinghemning pasini oldindan o‘qidi va to‘pni egallab olib, uni Pedriga yetkazdi, u esa qanotda oldinga otilgan Yamalga diagonal uzatma berdi, Anchelottining sxemasi sochilib ketdi. Birinchidan, Bellinghem to‘pni yo‘qotgach, vaziyatdan tushib qoldi. Fran Garsiya esa o‘z zonasini yopmadi.

Ikkinchidan, madridliklarning tayanch yarimhimoyachilari bor e’tiborni Yamalga qaratib, jarima maydoniga to‘planib olishdi. Shu bilan birga, jamoaning qolgan futbolchilari — birinchi navbatda Bellinghem — shunchaki ortga qaytishga ulgurmadi. Lamin esa to‘pni darvoza tomon tepmasdan, o‘rtada, jarima maydoniga kirish hududida bo‘sh turgan Pedriga yetkazib berdi — bu safar Kurtua to‘sin ostidan o‘tgan to‘pni qaytarish imkoniyatiga ega emasdi.

Hans-Diter Flik jamoasi esa hisob 1:0 holatida ham o‘yinni boshqarishda davom etib, «Real» o‘z darvozasiga zarba berishiga deyarli yo‘l qo‘ymadi. Bo‘lim oxirida hakamlar yana ikki bor diqqat markazida turdi. Burchak zarbasidan keyin to‘p olis ustunga borib tekkanida, kataloniyaliklar penalti tepish huquqiga ega bo‘lishi mumkin edi, bu vaziyatda Sebalyos darvozabon hududida Kubarsining maykasidan tortib yiqitdi va to‘pga ulgurishiga imkon bermadi.

Katta ehtimol bilan, Bengoecheaning brigadasi futbolchilar bir-birini ushlab turgani uchun buni penaltiga tortgulik fol deb topishmagan. Keyin esa «Real» nihoyat raqibning yuqori joylashgan himoya chizig‘idan o‘tib, Vinisius yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va himoyachi tomonidan to‘xtatildi. Referi avvaliga «nuqta»ni ko‘rsatdi, ammo darhol qo‘lini yuqoriga ko‘tardi. VAR xonasidagilar braziliyalik futbolchi baribir ofsaydga tushib qolganini xabar qilishgandi. Videotakror buni isbotladi.

Anchelotti tanaffusdan keyin Mbappeni maydonga tashladi – «Real» hujumda imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun nimanidir o‘zgartirish talab etilardi. Madridliklar Bellinghem hujumchilar ortida harakatlanishini ko‘zda tutuvchi 4-4-2 sxemasi bo‘ylab tizildi. Ko‘p o‘tmay zaxiradan Modrich va Guler ham tushishi madridliklar o‘yinini yanada kuchaytirdi. «Qaymoqranglilar»da nihoyat qarshi o‘yin paydo bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Vinisiusning o‘zi bir hujum davomida «Real»ning darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbalarini yo‘lladi, bu hujum Jud raqibdan to‘pni olib qo‘yishi va aldab o‘tishi orqali boshlangandi. Ammo Shchensni o‘zini yo‘qotmadi va ikkitalik seyv amalga oshirdi.

Hisob 1:0 holatida Rafinya ikkita ajoyib vaziyatni ko‘kka sovurdi. Va bu jamoaga qimmatga tushishi mumkin edi.

Mbappe ham hali to‘liq o‘yin o‘tkazishga tayyor bo‘lmasa-da, o‘ziga berilgan vaqtda jamoaga foyda keltira olishini ko‘rsatdi, u o‘z driblingi bilan «Barselona» mudofaasida tahlika uyg‘otdi. Hujumlardan birida Frenki de Yong zarba berishga chog‘langan Kilianni qo‘lidan ushlab tortib qoldi — uni boshqachasiga to‘xtatib bo‘lmayotgandi. Qolaversa, bu foldan keyin belgilangan jarima zarbasini fransuzning o‘zi golga aylantirdi. U faoliyatida shu vaqtgacha jarima zarbasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba yo‘llab gol urolmagan va bu memlarga sabab bo‘lib kelayotgandi.

Bu daqiqalarda «Barselona» mexanizmi buzilib qolgandek ko‘rinayotgandi. Va birdan oldingi, o‘tgan yilgi «Real» paydo bo‘lgandek edi. Madridliklar hisob 1:1 holatida hujumga o‘tishda davom etishdi. Birinchi goldan yetti daqiqa o‘tib Anchelotti jamoasi hisobda oldinga chiqib olishdi. Madridliklar yana standart vaziyatdan gol urishdi – Guler oshirgan to‘pga Tchuameni hammadan baland sakradi va havodagi kurashda Kundedan ustun kelib, darvozani ishg‘ol etdi.

Ammo bu yakun emasdi. Madridliklar ortidan «Barsa» ham o‘ziga keldi. Yamalning jonbozligi jamoadoshlariga ilhom berdi. Avvaliga Lamin o‘zining sevimli pozitsiyasidan xavfli zarba yo‘lladi, Kurtua «Real»ni qutqarib qoldi. 84-daqiqada esa Yamal to‘pni Torresning yo‘liga ajoyib tarzda tashlab berdi. Bu vaziyatda belgiyalik posbon jarohat bilan o‘ynayotgan Ryudigerga yordam berishga urinib, darvozani tashlab chiqqandi va raqib bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

So‘nggi daqiqalarda Vinisius o‘zini almashtirishni so‘ragani ham so‘nggi yigirma daqiqalik qanchalik shiddatli bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar ham olovli kechdi. Torres Ryudiger bilan yakkakurashdan keyin, Rafinya – Asensio bilan kurashganida «Real» jarima maydoni ichida yiqildi. Bu epizodlardan birinchisida penaltiga sabab bo‘ladigan fol qayd etilgandi.

Bengoechea esa ikkinchi epizod uchun 11 metrlik jarima zarbasini belgiladi. VAR hakamlari negadir birinchi holatga aralashmadi, ikkinchisida esa bosh hakamni ekran qarshisiga taklif qildi.

Referi takrorni ko‘rib, penaltini bekor qildi. Rafinya chindan ham simulyatsiya qilgandi va sariq kartochka bilan jazolandi.

Qo‘shimcha bo‘limlarda jamoalarning hech biri penaltilar seriyasi haqida o‘ylamayotgandi. «Real» yarimhimoyachilari Mbappe va Dias uchun vaziyatlar yaratib berishga urindi. «Barsa»da esa Torres barchadan faolroq bo‘ldi, ammo Ryudiger unga ikkinchi golni urishga yo‘l qo‘ymadi. Antonio oyog‘i bog‘langan holatda 110 daqiqa o‘ynab berdi. U maydonni tark etganidan besh daqiqa o‘tib «Real» gol o‘tkazib yubordi. Xato qilishi ehtimoli eng kam bo‘lgan futbolchi uyaltirdi. Tajribali Modrich o‘ng qanotda turib, markazdagi Dias turgan joyga maromidagi kuch bilan pas berolmadi, Kunde esa to‘pni ilib ketib, jarima maydoni tashqarisidan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Undan oldinroq Mbappe ishlagan penalti ofsayd holati tufayli bekor qilingandi. «Real» qo‘shimcha bo‘limlarga qo‘shib berilgan daqiqalarda yakuniy shturmga o‘tayotganida esa asablar dosh bermadi. 

O‘yindan oldin ham diqqat markazida turgan bosh hakam Rikardo Bengoechea Kilian Mbappe Erik Garsiyaning yuziga urib ketgani uchun madridliklarning hujumini to‘xtatib qo‘ydi.

«Real» zaxirasidagilar g‘azabdan portladi: Lukas Vaskes va Vinisius maydonga yugurib chiqishdi, Ryudiger esa oyog‘idagi og‘riqni qoldirish uchun qo‘yilgan muz bo‘laklaridan birini arbitr tomon otdi. 

Bengoechea buni ko‘rib turgandi va germaniyalik himoyachiga qizil kartochka ko‘rsatish uchun keldi – Antonio esa yanada g‘azab otiga mindi.

Ryudiger hakamni urishga tayyor edi, uni bir necha kishi bo‘lib to‘xtatib qolishdi.

Ryudigerni ikki daqiqa davomida tinchlantira olishmadi. U oqibatlar haqida umuman o‘ylamayotgandi. Bu vaqt mobaynida hakam Vaskes va Bellinghemga ham qizil kartochka ko‘rsatishga ulgurdi.

Ko‘p o‘tmay hakam o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagini chaldi. Remontadaga remontada bilan javob qaytargan «Barselona» navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritib, trebl uchun yurishini davom ettirdi. Flik esa faoliyatida hech qachon final o‘yinlarida yutqazmagan murabbiy bo‘lib qolmoqda, bu g‘oliblik sakkizinchisi bo‘ldi.

11 may kuni chempionat doirasida navbatdagi klasiko bo‘lib o‘tadi — «Real» bu o‘yinga qattiq tayyorgarlik ko‘rishi tayin. Ammo o‘sha o‘yinda Ryudiger bo‘lmasligi ehtimoli yuqori. Ispaniyadagi nashrlar, reglamentdan kelib chiqqan holda Ryudigerning harakatlari jiddiy deb topilishi v 4-12 o‘yinga chetlatilishini yozishmoqda.

Mavzuga oid