Sport | 19:29 / 23.05.2025
6186
12 daqiqa o‘qiladi

“So‘nggi qo‘ng‘iroq”. Italiyada kim chempion, Mbappe “Oltin butsa” oladimi va boshqa intrigalar

Xuddi o‘quv yili singari futbol ham ta’tilga chiqib borayotgan bo‘lsa-da, hali hammasi tugamadi. Yakunlanayotgan chempionatlarda ikki kun uchun juda ko‘p masalalar ochiq: Italiyada kim chempion bo‘ladi, Angliyaning beshinchi omadli jamoasi kim, Mbappe to‘purar bo‘ladimi? Keling, Yevropa bo‘ylab gidlikni bo‘ynimizga olamiz-da, eng muhim o‘yinlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Foto: Getty images

ITALIYa: Kim chempion?

Italiyada chempion nomidan tortib, yevrokuboklarda qatnashadigan o‘rinlar, ligani tark etadigan jamoalar ham hali aniq emas. Hammasi bugun boshlanadigan so‘nggi turda hal bo‘ladi.

23 may. Komo – INTeR, NAPOLI – Kalyari. O‘yinlar vaqti 23:45

37-turdan so‘ng “Napoli” 79 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Inter” hisobida 78 ochko bor. Demak o‘z maydonida “Kalyari” ustidan g‘alaba qozonsa, Antonio Konte shogirdlari o‘z tarixida to‘rtinchi, so‘nggi uch yilda esa ikkinchi marta Italiya chempioniga aylanishadi. “Inter” Komodagi qiyin o‘yinda g‘alaba qozonishi va “Napoli”ning ochko yo‘qotishidan umid qilishiga to‘g‘ri keladi.

Mavsum yakuni bo‘yicha ochkolar teng bo‘lib qolish ehtimoli ham kichik bo‘lsa-da bor. Buning uchun “Napoli” yutqazib, “Inter” durang o‘ynashi kerak bo‘ladi. U holda chempionlik uchun alohida “Oltin uchrashuv” tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. O‘yin boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha yaxshiroq bo‘lgan jamoa maydonida bo‘ladi. “Inter” va “Napoli” o‘rtasidagi ikkala o‘yin ham durang bo‘lgani sababli, to‘plar nisbati bo‘yicha yaxshiroq bo‘lgan “Inter” maydonida.

Yana bir qiziq fakt. Kim chempion bo‘lishidan qat’i nazar o‘sha jamoa bosh murabbiyi buni zaxira o‘rindig‘idan turib kuzata olmaydi. Indzagi ham, Konte ham 37-turda hakamlar tomonidan maydondan chetlatilishgan va bu turga diskvalifikatsiyaga egalar.

ITALIYa: Ligani kim tark etadi?

Qizig‘i, bu tomonda ham boshqacha “oltin uchrashuv”, aniqrog‘i, pley-off tashkil qilinishi mumkin. Reglament bo‘yicha agar 17 va 18 o‘rindagi jamoalar bir xil ochko to‘plashsa, boshqa ko‘rsatkichlardan qat’i nazar uy-safar tizimida ikki o‘yin o‘tkazilib, omadsiz jamoa aniqlanishi kerak bo‘ladi. Agar birato‘la uch jamoa bir xil ochkoga ega bo‘lib qolsa, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar (o‘zaro o‘yinlar, to‘plar nisbati va hokazo) bo‘yicha eng yaxshisi aniqlanib, qolgan ikki jamoa o‘rtasida pley-off o‘tkaziladi. Qizig‘i, har ikki variant ehtimoli ham mavjud bo‘lib, hatto birato‘la 4 jamoa teng ochko to‘plab qolishi ham mumkin.

25 may, yakshanba, 23:45.

Atalanta – PARMA, EMPOLI – VeRONA, Latsio – LeChChe, VeNeTsIYa – Yuventus.

Mana shu 4 o‘yinda qatnashadigan besh jamoadan ikkitasi ligadan tushib ketishi kerak. Misol uchun agar “Empoli” “Verona” ustidan g‘alaba qozonib, “Lechche” “Latsio”ni yutadigan bo‘lsa, hamda “Parma” “Atalanta” bilan durang o‘ynasa, birato‘la 4 jamoada bir xil – 34 tadan ochko bo‘lib qoladi va yuqorida tilga olingan variant yuzaga kelishi mumkin.

YaNA ITALIYa: Chempionlar Ligasining to‘rtinchi ishtirokchisi kim bo‘ladi?

Ayni paytda “Yuventus”da 67, “Roma”da 66 va “Latsio”da 65 ochko mavjud bo‘lib, shulardan eng yaxshisi 4-o‘rinni qo‘lga kiritib, kelasi yili Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

25 may, yakshanba. 23:45.

YuVeNTUS – Venetsiya, Torino – ROMA, LATsIO – Lechche

“Yuventus” o‘z maydonida autsayderni yutsa kifoya, to‘rtinchi o‘rinni naqd qilib, yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Mabodo durang o‘ynaydigan bo‘lsa, “Roma”ning yutolmasligidan umid qilishi mumkin. Bu yerda “Latsio”ning g‘alabasi halaqit qilmaydi, zero u holda “Yuventus” bilan teng – 68 tadan ochko jamg‘arilganda, o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha turinliklarda ustunlik bor.

Eldor Shomurodovning kelasi mavsumda YeChL da o‘ynashi uchun “Roma” Turinda g‘alaba qozonishi, “Yuventus” esa g‘alaba qozona olmasligi kerak bo‘ladi. Rimliklar durang bilan ham to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin, lekin ehtimoli juda kam – buning uchun “Yuventus” 4 to‘p farqi bilan “Venetsiya”ga yutqazishi kerakki, bu faqat nazariy tomondan mavjud variant xolos.

“Latsio”ning ham Chempionlar Ligasiga chiqish imkoniyati bor. Buning uchun “Latsio” o‘z o‘yinini yutishi, shu bilan birga “Yuventus”ning yutqazishidan, “Roma”ning esa yuta olmasligidan umid qilishiga to‘g‘ri keladi.

ISPANIYa: Segundaga oxirgi nomzod

Yuqori o‘rinlar o‘tgan haftada taqsimlanib bo‘lindi. So‘nggi tur Yevropa Ligasi ishtirokchilaridan tashqari, yana bir muhimroq savolga javob beradi: qutqaruvchi 17-o‘rin kimga nasib qiladi?

Ayni damda “Espanol”da 39, “Leganes”da 37 ochko bor. O‘zaro o‘yinlar bo‘yicha “Leganes”da ustunlik ekanidan kelib chiqsak, kataloniyaliklar so‘nggi turda g‘alaba qozonishi shart. “Espanol” “Las Palmas”ni, “Leganes” esa “Valyadolid”ni qabul qiladi. Qizig‘i, har ikki raqib rasman Segundaga tushib ketib bo‘lgan.

24 may, shanba. 21:30.

ESPANOL – Las Palmas, LeGANeS – Valyadolid

GeRMANIYa va FRANsIYada finallar

24 may, shanba. 23:00. ARMINIYa – ShTUTGART

24 may, shanba, 23:55. PSJ – ReYMS

Bu finallardagi qiziq umumiylik bor - ham Germaniya, ham Fransiyaning quyi ligasida ishtirok etadigan jamoa kelasi mavsumda Yevropa Ligasida o‘ynashi mumkin. Gap shundaki, mamlakat kubogi uning egasida Yevropa Ligasida o‘ynash huquqini beradi. “Arminiya” Germaniyaning 3-ligasi vakili sanaladi va faqat bu mavsum ikkinchi ligaga ko‘tariladigan bo‘ldi. Fransiya finali ishtirokchisi “Reyms” esa bu mavsumda Liga 1 da o‘ynagan bo‘lsa-da, 16-o‘rinni olib quyi ligaga tushib ketdi. Shu o‘rinda “Shtutgart” ham Bundesligada 9-o‘rinni olib, Yevropa Ligasiga hali chiqa olmaganini ham ta’kidlash kerak. Agar jamoa finalni yutadigan bo‘lsa, ushbu yevrokubokka yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Aslida bu juftliklardagi asosiy masala – “PSJ”. Parijliklar Fransiya chempioniga aylanib bo‘lishgan, oy oxirida Chempionlar Ligasi finalida maydonga chiqishadi. Kubok finalidagi g‘alaba esa Enrike shogirdlariga trebl qilish imkoniyati saqlab qoladi.

ANGLIYa: Husanov Chempionlar Ligasida o‘ynaydimi?

Angliyada dastlabki ikki va so‘nggi uch o‘rin egalari allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan. “Manchester Siti” o‘z o‘rnida qolishi uchun safarda “Fulhem” bilan durang o‘ynasa kifoya. Shunda ortda kelayotgan uch jamoada ochkolar bo‘yicha “Siti”ga yetib olish ehtimoli mavjud bo‘lsa-da, quvib o‘tish uchun juda yirik hisobda yutishlariga to‘g‘ri keladi. “Nyukasl” 4, “Chelsi” 7, “Aston Villa” 17 to‘p farqi bilan. Angliyadan 5-o‘rin ham Chempionlar Ligasida o‘ynashini inobatga olsak, uchala ta’qibchining bunday hisoblarda g‘alaba qozonishi imkonsiz – demak durang to‘liq qoniqtiradi. Har xolda “Old Trafford”da “Villa” 17 gol urishiga ishonmasak kerak? Yo ishonamizmi?

Aslini olganda, “Manchester Siti” yutqazishi va 6-o‘ringa tushib ketishi ham Abduqodir Husanov istiqboli uchun yomon bo‘lmasdi ham. Chempionlar Ligasidan ko‘ra Yevropa Ligasida Pep Gvardiola ko‘proq rotatsiya qilishi va zaxiradagilarga ko‘proq imkon berishi kutsa bo‘ladi. Shunda Husanovda asosiy tarkibda tushish imkoniyati ko‘payarmidi? Albatta, undan ko‘ra yozda hamyurtimiz o‘zini yanada yaxshi tomondan ko‘rsatib, Gvardiolaning fikrini o‘zgartirishidan umid qilganimiz yaxshiroq.

25 may, yakshanba. 20:00.

Fulhem – MANCheSTeR SITI, Manchester Yunayted – ASTON VILLA, NOTTINeM FOReST – CheLSI, NYuKASL - Everton

Ko‘p masala Nottingemdagi o‘yinda hal bo‘ladi. Ha, hammasi “Nottingem Forest”ning qo‘lida emas. Nunu shogirdlari ham “Chelsi” ustidan g‘alaba qozonishi, ham “Nyukasl” va “Aston Villa”dan birining qoqilishidan umid qilishi kerak. “Nyukasl” o‘z maydonida “Everton”ni yuta olmasligi ishonish qiyin, ammo masalan finalda yutqazgan “Manchester Yunayted” so‘nggi turda bor imkoniyatini ishga solishi va “Aston Villa”dan ochko tortib olishi ham mumkin, kim biladi.

BONUS: “Oltin butsa” kimga nasib qiladi?

Viktor Gyokeresh aslida son bo‘yicha hech kim yetolmaydigan ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa-da, Portugaliya chempionati koyeffisenti pastroq – 1.5. Top ligalarda esa gollar soni ikki barobar ko‘paytiriladi. Shuning uchun so‘nggi turda maydonga tushadigan Kilian Mbappe va Muhammad Salohlarda real imkoniyat bor. Levandovski va Retegini bu ro‘yxatda qoldirgan bo‘lsak-da, ularning 5 gol urishiga ishonish qiyin.

24 may, shanba. 19:15. ReAL MADRID – Real Sosiyedad.

25 may, yakshanba. 20:00. LIVeRPUL – Kristal Pelas

Kilian Mbappega “Oltin butsa” uchun 1 gol kifoya. Shunda u ochkolari sonini 60 taga yetkazadi va “Sporting” hujumchisini quvib o‘tadi. Muhammad Saloh esa “Kristal Pelas” darvozasiga kamida 2 gol urishiga to‘g‘ri keladi. Bu raqobatda Mbappening imkoniyatlarini yuqoriroq baholash mumkin, zero so‘nggi paytlarda sport formasi va sermahsulligi nuqtai nazaridan ham fransuz yaxshi ko‘rinyapti. Mbappe oxirgi 5 o‘yinni golsiz tark etmadi va 8 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Saloh esa mavsumning ikkinchi yarmida ko‘rsatkichlarini pasaytirib yubordi. U “LIverpul” libosidagi oxirgi o‘n uchrashuvda atigi bir gol muallifi bo‘ldi xolos.

Har ikki hujumchi o‘z faoliyati davomida hali bu sovrinni qo‘lga kiritishmaganini ham ta’kidlash kerak.

Mavzuga oid