Piskentdagi avtopoligondan sertifikat olishning «navbatsiz» yo‘llari ham bormi?
Xorijdan o‘zingiz uchun mashina buyurtma qilsangiz, hamma to‘lovlarni to‘laganingizdan keyin ham uni bir necha oy hayday olmaysiz. Chunki avtomobilni Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkazish kerak. U yerda esa bir necha oylik navbat bor. Huquq faoli Xayrulla Qilichevning yozishicha, bu vaziyat korrupsiyani yuzaga keltirayotgan bo‘lishi mumkin: 28 iyunga navbati olingan avtomobilga 20 may kuni sertifikat berilgan.

2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Buning ortidan avtomobillarini poligonga olib kelganlar uzun navbatlarga ro‘baro‘ keldi va noroziliklar boshlandi. Ayni paytda ham yaqin kunlarga navbat olishning imkoni yo‘q.
Mazkur vaziyat korrupsiyaviy holatlarni yuzaga keltirayotgan bo‘lishi mumkin. Inson xuquqlari “Ezgulik” jamiyati xodimi Xayrulla Qilichevning e’tibor qaratishicha, navbatni bir necha oyga sakrab o‘tib ham sertifikat olish “imkoniyati” topilgan.
“Fuqaro o‘zining BYD Song avtomobilini sinovdan o‘tkazish uchun elektron ro‘yxatdan o‘tgan va 2025 yil 28 iyun soat 04:30 da navbati kelishi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Mashinaga esa, 20 may kuni (navbati kelishidan 38 kun oldin) UzTest tomonidan sertifikat taqdim etilgan. Davlatning elektron xukumatiga ishonib navbatini kutib o‘tirgan minglab odamlar “lox”mi yoki bunday muvaffaqiyat yo‘lini topgan odamning shoxi bormi?” – deb yozdi Xayrulla Qilichev.
Huquq faolining iddao qilishicha, navbatsiz sertifikat olishning qonunda ko‘zda tutilmagan yo‘li paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Tasdiqlanmagan ba’zi uzunquloq gaplarga qaraganda, navbatsiz sertifikat olishning oson yo‘li, 1000–1200 dollardan voz kechishni talab etarmish. Agar shu gaplarda ozgina xaqiqat bo‘lsa, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati bitta qo‘shma tadbir tashkil qilishi kerakka o‘xshayapti”, deya qo‘shimcha qildi u.
Kun.uz'ning Texnik jihatdan tartibga solish agentligidagi manbasi yuqoridagi holat haqiqatan ham bo‘lganini tasdiqladi, ammo qo‘shimcha izoh bera olmasligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, UzTest’dan muvofiqlik sertifikati olmay turib, avtomobilni davlat ro‘yxatiga qo‘yib bo‘lmaydi.
Qisqarib ketgan avtomobil importi
2025 yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonga avtomobil import qilish qisqarib ketdi. Xususan, birinchi chorakda bu ko‘rsatkich bir yil oldingiga qaraganda 3 barobarga kamaygan.
Yanvar–mart oylari bo‘yicha so‘nggi to‘rt yillikdagi raqamlar quyidagicha bo‘lgan:
- 2022 yil: umumiy qiymati 189,3 mln dollarga teng 8 508 ta;
- 2023 yil: umumiy qiymati 144,9 mln dollarga teng 10 489 ta;
- 2024 yil: umumiy qiymati 332,2 mln dollarga teng 22 210 ta;
- 2025 yil: umumiy qiymati 115,1 mln dollarga teng 6 950 ta.
Yengil avtomobil importining keskin qisqarib ketish sabablaridan biri sifatida aynan Piskentdagi poligonning ishga tushirilishini keltirish mumkin. Avtomashina muvofiqligini baholash bo‘yicha yangi talablar joriy qilingani va yagona laboratoriyaning quvvati real talabni qondira olmayotgani bois, import qilinayotgan mashinalarning katta qismi bojxona omborlarida qolib ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlash lozimki, butun mamlakatda faqat bitta laboratoriya mavjud bo‘lib, u ham Piskentda joylashgan. Hududlardagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar import avtomobilni bojxona omboridan evakuator yoki tirkama orqali bu yerga olib kelishi va yana o‘sha yerga qaytarib olib borishi shart. Farqi yo‘q, xaridor Andijondan bo‘ladimi yoki Xorazmdan. Sezib turganingizdek, bu katta xarajat va yaxshigina ovoragarchilik. Agar elektron navbat olish muddati cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, bojxona omborida turgan avtomobil uchun ham kunlik to‘lov qilish kerak, bu yana bitta qo‘shimcha xarajat.
Rasmiylar hududlarda ham qo‘shimcha laboratoriyalar ochish rejasi borligini aytayotgan bo‘lsa-da, yaqin yillarda bu ishning amalga oshishi so‘roq ostida.
Tavsiya etamiz
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Jahon | 21:12 / 04.06.2025
Dunyoda faqat bir mamlakat o‘zini oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashi ma’lum bo‘ldi
Jahon | 18:47 / 04.06.2025
Islandiya sobiq prezidenti milliy bog‘ga gid bo‘lib ishga joylashdi
Jahon | 21:25 / 03.06.2025
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
2025 yilgi Haj mavsumi: 1,6 million ziyoratchi va oqimning kamayishi sabablari
Jahon | 13:53
-
AQSh Ta’lim vazirligi Kolumbiya universiteti akkreditatsiyasini bekor qildi
Jahon | 13:44
-
Samarqandda BMTning Davlat xizmati forumi bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston | 13:42
-
Zelenskiy: «Kim Rossiyaga bosim o‘tkazmasa, u sherikdir»
Jahon | 13:16
Mavzuga oid

16:42 / 29.05.2025
UzAuto Motors Malibu sotuvini ochganidan bir soat o‘tmay shartnomalar tugab qoldi

18:54 / 28.05.2025
“Senator so‘rov yubormaguncha pul olib yurilgan” - Tanzila Norboyeva import avtolarga ekosertifikat haqida

08:10 / 24.05.2025
Toshkentda Nissan avtomobili yonib ketdi

20:40 / 12.05.2025