Jahon | 13:45 / 21.05.2025
3023
8 daqiqa o‘qiladi

Isroilga iqtisodiy bosim: Yevroittifoq savdo imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqadi. Britaniya erkin savdo bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi

Foto: EU Reporter

Yevropa ittifoqining 17 ta davlati xalqaro gumanitar huquqni buzayotgani uchun Isroilga savdo imtiyozlari beradigan Assotsiatsiya bitimini qayta ko‘rib chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Yevropa bosh diplomati Kaya Kallas G‘azoga yordam darhol va keng ko‘lamda kirishi kerakligini ta’kidlagan. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi esa G‘azoda «ayanchli siyosat»ni davom ettirayotgan Isroil bilan savdo bitimi muzokaralarini davom ettirish mumkin emasligini aytdi.

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ittifoqning Isroilga savdo imtiyozlari beradigan Assotsiatsiya bitimi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Yevropa mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining Bryusselda o‘tgan yig‘ilishida Niderlandiya Yevroittifoq va Isroil o‘rtasidagi mazkur bitimni qayta ko‘rib chiqishni taklif etgan. Bu taklifni a’zo davlatlarning aksariyati qo‘llab-quvvatlagan.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp Kallasga yo‘llagan maktubida G‘azo sektorining blokadasi xalqaro gumanitar huquqni buzishi va shu bilan Yevroittifoq-Isroil Assotsiatsiya bitimining 2-moddasiga xilof ekanini aytdi. 2000 yilda kuchga kirgan ushbu bitimning 2-moddasi hamkorlikni «inson huquqlari va xalqaro huquqqa sadoqat» bilan bog‘laydi.

«Shu bois bu jarayonni boshladik. Ayni paytda Isroil insonparvarlik yordamiga to‘siqni o‘zi olib tashlashi kerak. Biz bu ishni boshlayapmiz va shu orada gumanitar yordam yo‘li ochilishi hamda vaziyat yaxshilanishiga umid qilamiz», – deya Kallasning so‘zlarini keltirmoqda Euronews.

Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas / Foto:  EFE/EPA/OLIVIER HOSLET

Assotsiatsiya bitimini qayta ko‘rib chiqishni hozircha ittifoqning 17 davlati ochiq qo‘lladi: Niderlandiya, Fransiya, Irlandiya, Shvetsiya, Ispaniya, Belgiya, Portugaliya, Finlandiya, Sloveniya, Lyuksemburg va boshqalar. Germaniya, Italiya, Vengriya, Gretsiya va yana bir necha davlat esa qarshi chiqqan. Shvetsiya tashqi ishlar vaziri sanksiyalarni Isroilning ayrim amaldorlariga nisbatan ilgari surishni ham qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Isroil tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oren Marmorstein YeIning ushbu qarorini tanqid qilgan hamda bu urushga Hamas aybdorligi hamda majburiyatlar ham ularga yuklatilishi kerakligini aytgan.

Yevroittifoq Isroilning eng yirik savdo hamkori bo‘lib, ikki tomonlama savdo hajmi yiliga 45 milliard yevrodan ortadi. Bitim bo‘yicha muhokama ilk bor 15 oy oldin Irlandiya va Ispaniya tomonidan ko‘tarilgan edi, ammo tashabbus o‘shanda keng qo‘llovga ega bo‘lmagan. So‘nggi haftalarda esa hatto Isroilga do‘stona munosabatda bo‘lgan Niderlandiya ham pozitsiyasini o‘zgartirdi va G‘azodagi vaziyatni «xalqaro gumanitar huquq buzilishi» deb atamoqda.

Majlis yakunida Yevropa bosh diplomati Kaya Kallas «Isroilning kam miqdorda yordam kirishiga ruxsat bergani – bu okeandagi bir tomchi ekani, yordam darhol va keng ko‘lamda kirishi kerakligi»ni ta’kidladi.

Buyuk Britaniya Isroil bilan yangi erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi

«Biz chetda turib, vaziyat yomonlashuvini tomosha qila olmaymiz. Bu ikki tomonlama munosabatlarimizga asos bo‘lgan prinsiplarga va Britaniya xalqi qadriyatlariga zid keladi. Shu bois, bugun men Netanyahu hukumati bilan yangi erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatganimizni e’lon qilaman. Bu qaror Isroil hukumatining harakatlari tufayli zaruratga aylandi», dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi parlamentdagi nutqida.

U Isroil hukumati G‘azo va G‘arbiy sohildagi «ayanchli siyosat»ni davom ettirayotgan bir paytda, mavjud savdo bitimini yangilash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish mumkin emasligini aytdi:

«Tarix ularni baholaydi. Yordamni to‘sish. Urushni kengaytirish. Do‘stlaringiz va hamkorlaringiz xavotirini inkor etish – bularni oqlab bo‘lmaydi. Bu to‘xtatilishi kerak», degan Lammi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lammi / Foto: Associated Press

Lammi, shuningdek Britaniya tomonidan yangi sanksiyalar joriy etilayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, noqonuniy yahudiy manzilgohlari G‘arbiy sohilda kengaymoqda va bu Isroil hukumati tomonidan bevosita qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«Yana uch nafar shaxs, ikkita noqonuniy posyolka va falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlovchi ikki tashkilotga qarshi choralar ko‘riladi», – deydi u.

AP nashri yozishicha, Lammi nutqi parlamentda olqish bilan qarshi olingan. Boshqalar esa yanada qat’iy choralar Isroilga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash va Falastin davlatini tan olish kerakligini ta’kidlashdi. Ba’zilar undan Isroil harakatlarini «genotsid» deb atashni talab qilishdi, ammo Lammi bu so‘zni «ekstremizm» va «vahshiylik» deb almashtirdi.

Shuningdek, ba’zi tanqidchilar Britaniyaning pozitsiyasi va bayonotlari Hamas foydasiga xizmat qiladi, deya e’tiroz bildirgan. Lammi bunga javoban «minglab bolalarning o‘limiga sabab bo‘layotgan urushning kengayishiga qarshi chiqish – bu Hamasni mukofotlash emasligi»ni aytgan.

Bundan tashqari, Britaniya tashqi ishlar vaziri isroilliklarga murojaat qilgan.

«Biz Isroil xalqi bilan umumiy qadriyatlarga asoslangan mustahkam do‘stlik istaymiz. Biz sizning xavfsizligingiz, kelajagingiz, Eron tahdidi, terrorizm ofati va antisemitizm yovuzligiga qarshi himoyangizga sadoqatimizda hech qachon ikkilanmaganmiz. Ammo G‘azoda olib borilayotgan urush shakli hukumatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarimizga putur yetkazmoqda. Agar Isroil harbiy harakatlarni davom ettirsa va insonparvarlik yordami uzluksiz yetkazilishini ta’minlamasa, biz yana boshqa javob choralarini ko‘ramiz», deya Devid Lammining so‘zlarini keltirmoqda Anadolu nashri.

Isroil tashqi ishlar vazirligi vakili Oren Marmorstein bu sanksiyalarni «asossiz va afsuslanarli» deb atadi va Buyuk Britaniya baribir erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni oldinga siljitmayotganini bildirdi:

«Bugungi e’londan oldin ham Buyuk Britaniya hukumati erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni aslida oldinga siljitmagan edi. Bundan tashqari, bu bitim ikki davlat uchun ham manfaatli bo‘lgan bo‘lardi. Agar Britaniya hukumati Isroilga qarshi obsesiyasi va ichki siyosiy hisob-kitoblari sababli o‘z iqtisodiyotiga zarar yetkazishga tayyor bo‘lsa – bu ularning tanlovi».

Isroil armiyasining 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 53,5 mingdan oshgan. So‘nggi kun davomida hududda 87 kishi Isroil hujumlari qurboniga aylangan, yana 290 kishi jarohatlanib, kasalxonaga olib kelingan. G‘azo sektorining sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ko‘ra, bombalangan uylar xarobalari ostida minglab jasadlar qolmoqda.

Isroilning bosqinchilik hujumlariga mamlakat ichidagi muxolifat va ayrim harbiylar ham qarshi fikr bildirmoqda. Xususan, muxolifatdagi Demokratik partiya rahbari Yair Golan Isroil armiyasi G‘azo sektorida bolalarni «hobbi sifatida» o‘ldirayotganini aytgan. U amaldagi hukumat mamlakatning o‘zi uchun jiddiy tahdidga aylanganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid