“Aniq reja yo‘q” - Hastimomdagi obig‘ishtlar taqdiri nima bo‘ladi?
Majmua hududida 5 ta fazaga bo‘lingan elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlari qilinishi ma’qullangan. Ammo g‘ishtlarni granit toshlarga almashtirish qat’iyan rad etilgan. Madaniy meros agentligi bu sho‘rlanish hamda namgarchilikni oshirib yuborishini, natijada obektlarda keyinchalik salbiy oqibatlar yuzaga kelishini bildirgan. Qurilish vazirligi loyiha tayyorlanmaganini aytmoqda. Joyda esa ishlar boshlab yuborilgan.

Poytaxtning Olmazor tumani Zarqaynar ko‘chasida joylashgan Hazrati imom majmuasida qurilish ishlari boshlangan. Ayrim masjid va madrasalar joylashgan hudud o‘rab olinib, maydonda joylashgan obig‘ishtlar olib tashlanishi, o‘rniga granit toshlari yotqizilishi kutilmoqda. Mahalliy aholi bu bilan XVI-XX asrga oid majmuaning tarixiy ko‘rinishi yo‘qolib qolishidan xavotirda.
Kun.uz holatni o‘rganish uchun joyda bo‘lib, mas’ullarga bir necha savollar bilan yuzlandi. Ammo qurilish boshida turgan biror vakil javob berishni istamadi. Kamera ortida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldik.
Qayd etilishicha, ayni Hazrati imom majmuasidagi ishlar uchun loyiha to‘liq tasdiqlanmagan, qurilish va loyihalash ishlari parallel olib borilmoqda.
“Davlatning [loyihasi] bo‘lganidan keyin, masalan, kimdir kelib, nimadirni o‘zgartirish kerak desa, o‘zgarib ketadi. Aniq loyiha yo‘q. Hozir endi g‘ishtni birinchi almashtiramiz deyishdi, lekin aynan qanday: granitmi, “bruschatka”mi, hali bilmaymiz.
Namuna [sifatida qo‘yilgan granit tosh] hali tasdiqdan o‘tganmi yoki yo‘q, xabarimiz yo‘q”, – deydi qurilish boshqaruvchisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, joyda drenaj tizimi mavjud bo‘lmagani, yog‘ingarchilikda suv yig‘ilish holati mavjudligi sabab g‘ishtlarni olib tashlash xulosasiga kelingan.
“O‘zi Islom sivilizatsiya markazi qurib turib, endi atrofini obodonlashtirish qo‘shib yuborildi. O‘zi bu [Hazrati imom majmuasidagi qurilish] yo‘q edi.
Tashrif bo‘lganidan keyin, yo‘lning chetida ham bekorga “snos”lar bo‘lmadi, turizmni rivojlantirish uchun bu yerda katta, chiroyli narsa qurilyapti-da, bu yerda esa turistlar yurganda yomg‘ir yog‘ganida oyog‘ining tagi suv bo‘lib yotadi, suv ketmaydi, masalan, bu yerda Hayit kunlari namoz o‘qiladi. Talabga javob bermayapti”, – deydi u.
Shuningdek, vaziyat haqida bilish uchun tahririyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan ham bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, maydondagi obig‘ishtlarni almashtirish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlanmagan. “Loyiha bo‘lmagandan keyin, ish ham bo‘lmaydi. Bu masalada Madaniy meros agentligidan izoh olingani ma’qul” dedi rasmiy vakil.
Qiziq jihati, agentlik mas’uli maydondagi obig‘ishtlarni granit tosh bilan qoplashni qat’iyan rad etganini bildirdi. Hozircha tasdiqlanmagan, ammo qabul qilinishi kutilayotgan ilmiy-ekspertlar kengashi xulosasiga ko‘ra, Hazrati imom majmuasi tarkibidagi Mo‘yi Muborak va Baroqxon madrasalari, Tillashayx va Namozgoh masjidlari hamda Abu Bakr Kaffol Shoshiy maqbarasi joylashgan hududda 5 ta fazaga bo‘lingan elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash ishlarini amalga oshirish loyihasi ma’qullangan.
Biroq hududdagi mavjud obig‘ishtlar o‘rniga granit tosh qoplash taklifi majmuada sho‘rlanish hamda namgarchilikni oshirib yuborishi, bu bilan esa madaniy meros obektlarida keyinchalik salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi sabab qaytarib yuborilgan. Agentlik obig‘ishtlarni qayta restavratsiya qilishni tavsiya etgan.
Umuman olganda, Xastimom majmuasi hududida g‘alati ishlar bo‘lyapti: qurilish uchun loyiha yo‘q deyilgan bo‘lsa-da, atrofi o‘rab olingan, begonalar kiritilmayapti, xalq orasida musulmon g‘isht deyilayotgan, mas’ullarning ta’biri bilan aytganda obig‘ishtlarning taqdiri mavhumligicha qolmoqda.
Namuna sifatida g‘isht ustiga granit terib qo‘yilganiga diqqat qilinsa, bu loyiha amalga oshadiganday ko‘rinadi ko‘proq.
Bu holat bir paytlar poytaxtning sobiq hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevning Kosmonavtlar metro bekati yonida tuppa tuzuk turgan marmar toshlarni oldirib, o‘rniga eskisidan ko‘pam farq qilmaydigan boshqa qoplama to‘shagani voqeasini eslatib yubormoqda.
Ma’lumot uchun, Hazrati imom majmuasi 2019 yilda hukumatning tegishli qarori bilan madaniy meros obektlari qatoriga kiritilgan. Unda qanday qurilish, restavratsiya yoki rekonstruksiya ishlari qilinsa, tashkilotlar avvalo Madaniy meros agentligining ilmiy-ekspertlar kengashi xulosasini olishi talab qilinadi.
Mavzuga oid

12:30 / 08.06.2025
Toshkentdagi mahalla ichida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqmoqda

17:07 / 05.06.2025
Yangi Toshkent qanaqa bo‘ladi? Bosh arxitektor va mas’ul shaharsoz bilan suhbat

00:44 / 04.06.2025
Rossiyada o‘zbekistonlik ishchining boshiga ichida sement bo‘lgan chelak tashlab yuborildi

14:30 / 27.05.2025