“Buning oxiri bormi?” – kofrunliklar o‘z holiga tashlab qo‘yilganidan xavotirda
Kun.uz muxbiri M-25 konida yuz bergan oxirgi portlashdan keyin yana hududga borib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Portlashdan hosil bo‘lgan zaharli tutun nafaqat Boysun, balki Sherobod tumaniga ham tarqalgan. Mahalliy aholi vakillarida oshqozon va bosh og‘rig‘i, hushsizlanish kuzatilgan. Xususan, maktab o‘quvchilari hushini yo‘qotgan va tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilib, kislorodga ulangan.

5 may kuni Boysun tumanidagi M-25 konidagi 202-quduqda takroran portlash ro‘y berdi va ulkan gaz favvorasi yuzaga keldi. Energetika vazirligiga ko‘ra, tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosimi yoqib qo‘yilgan. Kun.uz muxbiri kofrunliklar holini bilish uchun 7 may kuni hududda bo‘lib, mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashdi.
Ayrimlar «gapirish taqiqlangani»ni aytib, savolga javob berishdan bosh tortgan. Lekin ayollardan biri 5-6 may kunlari gaz hidi yaqqol kelib turgani, aksariyat bolalar uydan chiqarilmaganini aytib berdi.
Turmush o‘rtog‘i konda ishlaydigan ayol esa quduq portlagan kuni gaz hidi juda kuchli chiqqani, lekin nima bo‘layotgani va bundan keyin nima bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotga ega emasligini aytadi.
Xo‘jayinim oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi, bizga hech kim hisobot bermaydi deydi. Bilmasam, buning oxiri bormi-yo‘qmi. Ahvolimiz ne kechadi, bilmayman. Kecha gazning hidi juda o‘tkir chiqdi, uyda ham, tashqarida ham turib bo‘lmadi, bolalar gazlab (zaharlanib – tahr.) qoldi.
Bu odamni holsizlantiradi, qora tabletka bor, shuni ichib turamiz, gazni parchalaydi deyishadi. Bizam gazladik, o‘tib ketadi deb o‘tiramiz, shifoxonaga bormadik.
Holimizdan hech kim xabar olmadi, ikki xona tom (uy – tahr.) solib bersa ham chiqib ketardik. Pulimiz kuysa ham mayli deb rozi bo‘ldik, lekin gaz to‘g‘risida bizga hech kim gapirmaydi, yordam ham bermaydi», – deydi ayol.
Maktabdan qaytayotgan kofrunlik o‘quvchilardan birining aytishicha, gaz portlagandan keyin ayrim bolalar hushini yo‘qotib, shifoxonaga olib borilgan.
«Men bilan birga yana 4 o‘quvchi kasalxonaga bordik, bizga kislorod qo‘yishdi. Men shu kuni yaxshi bo‘ldim, lekin qolganlar 2-3 kun shifoxonada qolishdi. Gaz hidi hozir ham kelib turibdi», – deydi u.
Odamlar orasida gaz hali-beri jilovlanmasligi, ko‘chib ketish kerakligi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Kondan birmuncha uzoqlikda, Bibishirin mahallasida joylashgan 55-maktabda bo‘lganimizda, bunday gap-so‘zlar o‘quvchilardan ham eshitdik. Maktabning ba’zi o‘qituvchilari portlashning ta’sirini so‘zlab berdi.
«Avvaliga boshni og‘ritib ta’sir qildi. Hozircha yo‘q. Sizlarga yolg‘ondir, portlashdan keyin hammaning oshqozoni og‘ridi. Deyarli 30-40 foiz o‘quvchining mazasi qochdi», – deydi ulardan biri.
Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori esa kondagi portlashdan keyin birorta murojaat kelib tushmaganini aytdi. Shu bilan birga, shifokor aholiga yetarlicha tibbiy maslahatlar berilmayotganini ta’kidladi.
Boysun tumani hokimligining Kun.uz’ga bergan izohiga ko‘ra, kondan chiqayotgan gazning zararini kamaytirish uchun tuman FVB tomonidan konga maxsus avtomashinalarda suv tashilyapti. Zarur bo‘lganda aholini evakuatsiya qilish uchun zaxira joylar hozirlab qo‘yilgan.
«Kofrun mahallasi fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, tumanning Gaza mahallasidagi 1-sonli, Mustaqillik mahallasidagi 2-sonli kasb-hunar maktablari, Bibishirindagi ko‘p tarmoqli texnikum hamda Tuzbozordagi 10-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatidan yotoqxonalar tayyorlab qo‘yilgan. Zarur holda fuqarolarni vaqtinchalik ko‘chirish uchun avtobuslar shay holatga keltirilgan», – deyiladi hokimlik axborotida.
Shahzod O‘roqboyev tayyorladi
Tavsiya etamiz
“Sirtqi ta’lim yopilsa, hech narsa yo‘qotmaymiz” – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekiston | 15:26 / 19.05.2025
Trampni siylagan arablar, muzlatilgan savdo urushi va amalga oshmagan “duel” - Geosiyosiy hafta tahlili
Jahon | 16:04 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Olimlar jazirama va suv toshqinlarining yashirin xavfini aniqladi
Jahon | 23:51 / 19.05.2025
-
Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol va uning uch farzandi O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat | 23:26 / 19.05.2025
-
Putin va Tramp telefon orqali muloqot qildi. U ikki soatdan ortiq davom etdi
Jahon | 22:46 / 19.05.2025
-
19 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekiston | 22:31 / 19.05.2025
Mavzuga oid

21:32 / 19.05.2025
Boysunning kelajagi nima bo‘ladi? FVV mas’uli izoh bera olmadi

17:37 / 13.05.2025
“Na ketishni bilamiz, na qolishni” - boysunliklar gaz hidi haqida

14:06 / 05.05.2025
M25 konida ulkan gaz favvorasi yuzaga keldi

21:01 / 01.05.2025