Boysunning kelajagi nima bo‘ladi? FVV mas’uli izoh bera olmadi
Favqulodda vaziyatlar vazirligining rahbariyati qatnashishi aytilgan matbuot anjumani bo‘lim boshlig‘i, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va mutaxassis ishtirokida o‘tdi. Unda qatnashgan Kun.uz muxbirining Boysunda bundan buyog‘iga nima bo‘ladi, ayrim qishloqlar aholisi ko‘chirilishi mumkinmi degan savollari javobsiz qoldi.

M25 konida vaqti-vaqti bilan gaz otilishlari ro‘y berib turibdi, buyog‘iga Boysunda umumiy vaziyat qanaqa bo‘ladi? Konga yaqin aholi evakuatsiya qilinishi mumkinmi? Kondan chiqayotgan gaz ta’siri yetib borayotgan hududlarda favqulodda holat e’lon qilinishi ehtimoli qay darajada?
Kun.uz muxbiri 19 may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida shu kabi savollar bilan murojaat qildi, ammo mas’ullardan aniq javob bo‘lmadi.
Qayd etish lozim, anjumanda vazirlik rahbariyati ishtirok etishi e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda qatnashgan FVV vakillari orasida eng yuqori rangdagisi bo‘lim boshlig‘i bo‘ldi.
Boysun haqidagi savollardan keyin so‘z olgan vazirlik matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev vaziyat qanday rivojlanishi mumkinligi haqida emas, boshqa jihatlar haqida gapirdi.
“Boysunda burg‘ilashdan avval ham gaz chiqib turishi holatlari va zaharlanishlar bo‘lgan. Buni aholining o‘zi ham bilib borgan. Burg‘ilash ishlaridan keyin, yuqori bosim bo‘lgani sababli, qatlamlar orasida siqilgan gaz yuqori bosimda chiqa boshlagan. Bu ancha davom etdi, hozir ham gaz chiqib turibdi. Ayni kunlarda chiqayotgan gaz yoqib qo‘yilgan. Nima uchun yoqib qo‘yiladi? Asosiy maqsad – atrof tabiiy muhitni zararli gazlardan muhofaza qilish. Hozirgi vaqtda bu joyda muhandislik-texnik tadbirlari amalga oshirilyapti. Gazni jilovlash ishlari maxsus tashkilotlar tomonidan amalga oshirilyapti. Qo‘limda aniq ma’lumotlar yo‘q. Asosiy ma’lumotlar – burg‘ilash ishlarini amalga oshirayotgan ERIELL degan tashkilotda, bizda emas”, – dedi FVV rasmiysi.
Dekabr oyida Farg‘ona shahrida propan shoxobchasi portlab, odamlar halok bo‘lgandi. Kun.uz muxbiri FVV vakillaridan shahar markazida, odamlarning uylari va bog‘chalarga bunchalik yaqin masofada gaz shoxobchalari qurilishi qanchalik to‘g‘riligi haqida so‘radi. Samandar Hikmatullayev qurilish me’yoriy qoidalariga rioya etilishi kerakligini bildirdi, lekin aynan Farg‘onadagi holatga baho bermadi.
8 may kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumanida Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘i o‘pirilib, Sarvontepa mahallasini suv bosgandi. O‘sha kuni voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbiriga mahalla ahli kanaldan suv chiqa boshlashi aslida ikki hafta avvalroq boshlanganini aytgandi. FVV vakili bu haqdagi savolga javob berarkan, bu borada ham aniq ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
“Bu bo‘yicha hozir bizda ma’lumot yo‘q. Ma’lumotni mahalladan... O‘zi fuqaro muhofazasi boshlig‘i deganda, ko‘pincha tuman, viloyat rahbari, mahalla raisini ham tushunamiz. Bu bo‘yicha [suv chiqishi 24 aprelda boshlangani ehtimoli nazarda tutilmoqda – tahr.] bizda ma’lumot yo‘q. FVVga 8 may kuni 9:00 larda xabar kelib tushgan. Mana shu xabarga asosan harakatlar boshlangan”, – dedi FVV vakili.
Janubiy Farg‘ona kanalida qurilayotgan GES masalasida FVV tizimidagi biror tashkilot tomonidan ruxsat berilganmi, degan savol javobsiz qoldi.
Mavzuga oid

18:54 / 01.06.2025
FVV 7 magnitudali zilzila bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etdi

10:12 / 27.05.2025
Qamchiqda yuk mashinasi va Gentra xandaqqa tushib ketdi

17:37 / 13.05.2025
“Na ketishni bilamiz, na qolishni” - boysunliklar gaz hidi haqida

20:56 / 11.05.2025