Hindiston va Pokiston nega urushaveradi?
22 aprel kuni Kashmirning Hindiston nazorat qiladigan qismida 26 sayyoh otib o‘ldirilishi ortidan Hindiston va Pokiston o‘rtasida urush boshlanib ketdi. Raketalar uchdi, samolyotlar urib tushirildi, daryolar to‘sib qo‘yildi. Vaziyat juda keskin. Quyida bu ikki davlat nega urishaverishi va qisqacha mojaro tarixini sodda tilda tushuntirishga harakat qilamiz.

Asosiy muammo – Kashmir
Demak, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar ular mustaqillikni qo‘lga kiritgan 1947 yildan buyon mavjud. Bosqinchi Britaniya imperiyasi hozir Hindiston, Pokiston va Bangladesh davlatlari joylashgan hududdan 1947 yilda chiqib ketgach, u yerlarda hindlar davlati Hindiston va musulmonlar davlati Pokiston tuziladi.
Bu bo‘linish yarimoroldagi odamlar uchun dahshatli bo‘ladi, rasmiy ma’lumotlarda kamida 700 mingdan ortiq odam o‘lgani aytiladi, lekin aslida qurbonlar chandon barobar ko‘p bo‘lgan. Chunki o‘sha bo‘linish vaqtida kamida 18 million odam uyini tashlab chiqib ketadi, keyinchalik ularning to‘rt millioni qayerdaligi aniqlanmaydi.
1947 yil 15 avgust kuni Karachida Pokiston davlati, Dehlida Hindiston davlati tuzilgani e’lon qilinadi. Pokiston musulmonlari 14 avgustni ham Hindiston, ham Britaniyadan ajralib chiqqani uchun mustaqillik bayrami sifatida nishonlaydi. Bir qarashda hammasi joyida: musulmonlar alohida davlatiga ega bo‘lib, Karachiday ko‘rkam joyni poytaxt qilishadi, kattaroq yer buddani iloh deb biluvchi hindlarga qoladi – endi hamma o‘z yo‘lidan ketaverishi mumkin, lekin...
Lekin yerga to‘ymas inson o‘chko‘zligi hamma eson-omon tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ikki davlat endi Kashmirni talasha boshlaydi. Bilmaganlar uchun aytib qo‘yay, Kashmir dunyodagi eng mojaroli joy bo‘lib, bir tomondan Hindiston, bir tomondan Pokiston, bir tomondan Afg‘oniston va «bonusiga» bir tomondan Xitoy bilan chegaradosh. Va bu bechora Kashmir yerlariga Afg‘onistondan boshqa barcha uch davlat da’vo qiladi.
Bosqinchi anglosakslardan qolgan yerda Hindiston va Pokiston davlatlari tuzilgan vaqtda Kashmir alohida knyazlik bo‘lgan va uni maxaradja hindlaridan bo‘lmish Xari Sinkx boshqargan. Bu birodar hind bo‘lsa-da, Kashmirda yashovchilarning 77 foizi musulmonlar edi.
Kashmirni talashish boshlangan bir vaqtda Pokistondagi musulmonlar katta kuch bilan knyazlikni qo‘shib olish uchun kurashga kirishadi. Bu yerlar musulmonlarniki, deydi ular. Egallab olgan yerlarida Ozod Kashmir tuzilmasini tashkil etib, butun knyazlik Pokistonniki bo‘lishini aytishadi.
Janob Sinkx esa birov bilan maslahat qilmay Kashmir Hindistonga qo‘shilishini e’lon qilib, Hindiston hukumatidan o‘z qo‘shinlarini Kashmir himoyasi uchun olib kirishni so‘raydi. Janobi Sinkxning bu ishi uch yil oldin ikki odam bir odamga murojaat qilib qo‘shinlarini olib kirishni so‘rashini eslatib yuboradi. Mayli, Kashmir mavzusidan chalg‘imaylik.
Xullas, Xari Sinkx harbiy yordam so‘rashi bilan imoga mahtal bo‘lib turgan Hindiston bajonidil harbiylarini Kashmirga olib kiradi. Shu tariqa Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi birinchi Kashmir urushi boshlanadi. Hindlar Pokistonni Kashmir poytaxti yaqinida to‘xtatadi. Lekin urush bir yilcha davom etib, juda ko‘p odam o‘ladi.
1949 yil BMT boshchiligida Kashmirda chegara chiziladi. Pokistonga knyazlikning yarmi tegadi. Lekin mojaro bu bilan tugamaydi. Tomonlar BMT talablarini bajarmaydi. Tashkilotdagi ikki asosiy davlat AQSh va SSSR ham yakdil fikrda bo‘lmaydi. SSSR Ozod Kashmirni tan olmay, bu Hindistonga tegishli yerlarning Pokiston tomonidan bosib olinishi deydi. Amerika esa amalda Pokistonni qo‘llaydi.
Keyinchalik 1965 yil Hindiston va Pokiston o‘rtasida ikkinchi urush bo‘ladi. O‘shanda Pokiston Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida maxfiy operatsiya boshlashga urinadi. Lekin urush BMT aralashuvi bilan hech qanday hududiy o‘zgarishsiz yakunlanadi.
1971 yilda esa tarixdagi eng jiddiy, uchinchi Hindiston – Pokiston urushi boshlanadi. Bu urushda Hindiston g‘olib bo‘ladi, chunki pokistonliklar sharqiy Pokistonda chekinishga majbur bo‘ladi. Oqibatda u yerda Bangladesh davlati tuziladi.
O‘sha urushdan keyin tomonlar har qanday hududiy masalani tinch yo‘l bilan hal qilishga kelishib oladi. Lekin baribir har zamonda Pokiston va Hindiston Kashmirda to‘qnash kelaveradi. Va har safar urush boshlanishi sababi deyarli bir xil bo‘ladi.
Yadroviy davlatlar
Endi bu urush nega xavfli ekani haqida. Hozir dunyoda ko‘p urushlar bo‘lmoqda. Rossiya Ukraina shaharlarini yer bilan bitta qilmoqda, Isroil G‘azoda bilgan ishini qilib yotibdi, Sudanda hukumat talashgan guruhlar yuz minglab tinch aholi o‘limiga sabab bo‘ldi. Biroq hech bir urushda ikki yadroviy davlat to‘qnashgani yo‘q. Hindiston va Pokiston esa yadroviy davlatlar. Ha, azizlar, bilmasangiz, yon daftaringizga yozib qo‘ying, Hindistonda ham, Pokistonda ham atom bombasi bor.
Bugungi kunda yadro quroliga ega bo‘lish uchun Amerikaning va Rossiyaning ruxsati, yana milliard dollarlab pul kerak deyishadi. Juda bunchalik emas, o‘rtoqlar. Bu uchun birinchi navbatda qonida fizika qonunlari oqadigan injyenerlar, ushbu sohadagi mukammal ilm-fanga asoslangan tizim va ozroq uran kerak. To‘g‘ri, biror milliard dollar ham zarar qilmaydi.
Biz biroz hazillashdik, lekin yolg‘on gapirganimiz yo‘q. Yadro qurolini faqat falon davlatdan olish mumkin degan gap safsataning o‘zginasi. Bu koka-kola retsepti emas. Yadro dasturi uchun eng avval ilmli injyenerlar kerakligini Hindiston va Pokiston isbotlab qo‘ygan.
Hindiston yadro quroliga avvalroq ega bo‘ladi. Tabiiyki, boshlanishiga hindlar yadro energetikasi dasturi ustida ishlashadi. Bunga ehtiyoj ham katta edi, chunki odam juda ko‘p, ularni faqat AESlar yordami bilangina elektr bilan ta’minlab bo‘ladi.
Shunday qilib 1955 yil Hindiston Britaniya yordami bilan Kanadadan 40 megavattli tadqiqot reaktori sotib oladi. Bir yil o‘tib AQSh reaktor uchun 21 tonna og‘ir suv yetkazib berishga rozi bo‘ladi. Bir qarashda hammasi oddiy, Hindiston millionlab odamlarini elektr bilan ta’minlash uchun yadro energiyasidan foydalanmoqda, lekin bu reaktordan chiqqan chiqindilardan yiliga bir-ikkita atom bombasi uchun yetarli jangovar plutoniy olish mumkin edi. Shu tariqa Hindiston o‘z yadro dasturi ustida ishlashni boshlaydi.
1974 yil 8 may kuni hindlar «Jilmayuvchi budda» nomli ilk yadro quroli sinovini o‘tkazadi. 1998 yilda ikkinchi yadro quroli sinovi o‘tkaziladi va o‘shandayoq Hindiston norasmiy yadro quroliga ega davlatlar sirasiga kiritiladi. Keyinchalik hindlar yadro kallaklarini olib ucha oladigan ballistik raketalar yasashadi va bo‘ldi – atom bomba tayyor! Endi Xitoy ham, Pokiston ham hindlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi.
«Qotgan non yesak-da, yadro qurol kerak»
Hindiston yadro dasturi ustida ishlay boshlagan vaqtdayoq Pokiston xavotirga tushib o‘z yadro dasturi haqida o‘ylay boshlaydi. 1965 yil Pokiston tashqi ishlar vaziri Zulfiqor Ali Bxuttoning bu borada aytgan gaplari mashhur bo‘lgandi. «Hindiston yadro quroliga ega bo‘lsa, biz ham o‘z yadro qurolimizni yasashimiz kerak bo‘ladi. Hatto bu uchun qotgan non va suv yeyishga-yu, ochlikdan o‘lishga majbur bo‘lsak ham. Nasroniylarda yadro quroli bor, yahudiylarda bor, endi hindlarda ham bo‘ladi, nega biz musulmonlar o‘z qurolimizni yasamasligimiz kerak?» degandi o‘shanda siyosatchi.
Biroq Pokiston yadro quroliga osonlikcha erishmaydi. Ko‘plab sheriklari bu davlatga embargo joriy qiladi, lekin Saudiya Arabistonidan kelayotgan yordam evaziga bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishadi. O‘shanda Ar Riyoz Pokiston yadro dasturini qo‘llash uchun kuniga 50 ming barrel tekin neft yuborib turgani aytiladi.
1972 yil Zulfiqor Ali Bxutto bosh vazir bo‘lgach, Pokiston hech kimdan yashirmay oshkora yadro bombasi yaratish dasturiga start beradi. Pokistonliklar baxtiga ulardan Yevropaning yirik kompaniyalarida ishlagan injyener Abdul Qodir Xon mamlakatga qaytib qoladi. Yadro dasturini unga ishonib topshirishadi.
Keyin fransuzlar yordami bilan yadro yonilg‘isini qayta ishlash zavodi quriladi. Keyin pokistonliklar xuddi hindlar kabi AESdagi chiqindilardan jangovar plutoniy olishni uddalashadi. 1998 yilga borib Pokiston ilk atom bombasi sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazadi. Uni nimada uchirish masalasini keyinchalik hal qilishadi. Bo‘ldi, bomba tayyor!
Shu tariqa ikki davlat bir-birini tiyib turish uchun yadro quroliga ega bo‘ladi. To‘g‘ri, ularning qurollari AQSh va Rossiyaniki kabi zo‘r emas. Lekin bir-birini tiyib turish uchun yetarli. Chunki bomba ichidagi uranga u qaysi davlat hududida ekanining farqi yo‘q – portlatsa portlayveradi.
Har ikki davlatda yadro quroli borligi ular o‘rtasidagi urushni qo‘rqinchli qilib turadi. Lekin hozircha ular biror marta urush vaqtida bunday quroldan foydalangani yo‘q. Bu gal ham atom bombasi tashlash ehtimoli juda past.
Eng yomoni ikki davlat ham bir-biriga qarshi urushlarni ichki muammolardan odamlarni chalg‘itish uchun foydalanayotgandek ko‘rinadi. Juda keskin aksilmusulmoncha pozitsiyadagi Narendra Modi hind millatchilarini Pokistonga qarshi urush orqali birlashtirishga urinadi go‘yo. Esingizda bo‘lsa, Modi davlat nomini Bharatga o‘zgartirmoqchi bo‘lib yurgandi. Ya’ni bu yerlar tarixan bizniki, Pokiston degan davlat kecha paydo bo‘ldi, deganday.
Modining bu iddaosi u quchoqlashib ko‘rishadigan bir siyosatchi do‘stining tarix haqida va’zlarini eslatib yuboradi. Biroq Pokiston oson taslim bo‘lmaydi. Avvalo ularda yadro quroli bor, keyin Pokistonning harbiy qudrati o‘zini himoya qilishga yetadi.
Xullas, bu gal ham tomonlar cheklangan miqdordagi zarbalar bilan cheklanadiganga o‘xshaydi. Shunday bo‘lsin ham. Siyosiy xaos kuzatilayotgan, oziq-ovqat narxi haddan tashqari qimmatlab ketayotgan dunyo hozir yana bir urushni ko‘tara olmaydi...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Tavsiya etamiz
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
Shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshiriladi
O‘zbekiston | 17:20 / 16.05.2025
Kameralar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi
O‘zbekiston | 16:46 / 16.05.2025
14 yillik qamoqdan prezidentlikkacha. Xose Muxika kim edi?
Jahon | 16:05 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Abadiy jangga tayyor» Rossiya, Trampni pulga ko‘mgan arablar – hafta dayjesti
Jahon | 13:09
-
O‘zbekistonda OTM talabalari uchun yagona forma joriy qilinishi haqidagi xabarlar rad etildi
O‘zbekiston | 09:56
-
Mutaxassis Toshkentda kuzatilgan chang bo‘roni sabablarini ma’lum qildi
O‘zbekiston | 09:24
-
“Ijtimoiy tarmoqlar qonuni” va grin-kartadagi liderlik - hafta dayjesti
O‘zbekiston | 09:00
Mavzuga oid

11:50 / 16.05.2025
Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi

22:12 / 15.05.2025
Pokiston va Hindiston sulhni 18 mayga qadar uzaytirdi

17:40 / 13.05.2025
Hindiston bosh vaziri Pokistonga ultimatum e’lon qildi

20:54 / 12.05.2025