AQSh Yamandagi hujumlariga 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarfladi
Husiychilarga qarshi operatsiya doirasida Qo‘shma Shtatlar minglab snaryad va raketalar uchirgan, shuningdek, mamlakatning har biri 60 mln dollar turadigan ikki qiruvchi samolyoti Qizil dengizga cho‘kib ketgan.

Foto: VCG
Yamandagi husiychilar obektlariga uyushtirilgan zarbalar AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga 1 milliard dollardan ortiqqa tushdi, deb xabar beradi NBC News telekanali.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu summaga Yaman hududiga uchirilgan minglab snaryad va raketalar uchun sarflangan mablag‘lar, shuningdek, urib tushirilgan yettita dron va Qizil dengizga cho‘kib ketgan ikkita qiruvchi samolyot ham kiradi.
Qayd etilishicha, amerikalik harbiylar mart o‘rtalaridan beri 2 mingdan ortiq bomba va rekatalardan foydalangan, jumladan, 75 ta «Tomagavk» qanotli raketalarini uchirgan.
2023 yilda G‘azo sektoridagi vaziyat keskinlashganidan keyin husiychilar Isroil hududini o‘qqa tutishlari va ularga bog‘liq kemalarning Qizil dengiz suvlarida harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan ogohlantirgan edi. 2025 yil yanvar o‘rtalarida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilganidan keyin hujumlar to‘xtagandi, ammo martda tinchlik sulhi buzilgach, husiychilar Isroil kemalariga yana zarbalar berishni boshladi.
15 martdan buyon AQSh Yaman hududining qariyb uchdan bir qismini nazorat qilayotgan husiychilar obektlariga zarbalar bermoqda. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, operatsiya Amerika manfaatlarini himoya qilish va kemalarning erkin harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan.
6 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Yaman husiylari endi jang qilishni istamayotgani, shuning uchun Qo‘shma Shtatlar ularning pozitsiyalariga zarba berishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid

21:45 / 23.05.2025
Tramp Yevropa Ittifoqiga 50 foizlik bojlar joriy etish rejasini e’lon qildi

20:03 / 23.05.2025
Rimda AQSh va Eron o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar boshlandi

11:13 / 23.05.2025
Rossiyadagi kutubxonalar Trampning kitoblarini sotib olishni boshladi

08:23 / 23.05.2025